$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston chempionatining eng yaxshilari nomi ma’lum bo‘ldi

UzPFL

Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi, mavsum kashfiyoti, yil murabbiyi, mavsumning eng chiroyli goli, eng yaxshi legioner, eng yaxshi futbolchi — “Bunyodkor” stadioni anjumanlar zalida Superliganing eng yaxshilari taqdirlandi.

Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi 

PFL ortda qolgan mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, "Surxon" jamoasining 19 yoshli hujumchisi Abdug‘afur Haydarov yilning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topildi. Abdug‘afur Haydarov ortda qolgan mavsum Superliga va O‘zbekiston kubogida jami 15 ta o‘yinda 8 ta gol urgan. 

Mavsum kashfiyoti

30 yoshigacha asosan Proligada o‘ynagan “Dinamo” hujumchisi Anvarjon Hojimirzayev yakunlangan mavsumda Superligada eng ko‘p gol urgan o‘zbekistonlik futbolchi bo‘ldi. Anvar Hojimirzayev ortda qolgan mavsum Superligada 25 ta o‘yinda 10 ta gol urdi va bitta assist qayd etdi. “Dinamo” rahbariyati va murabbiylar shtabi qaroriga ko‘ra, yakunlangan mavsumda jamoa sharafini munosib himoya qilib, jamoaning Superligadagi eng yaxshi to‘purariga aylangan Anvarjon Hojimirzayev 2025-yilni ham Samarqand jamoasi safida o‘tkazishini ma’lum qilgan. U O‘FA tomonidan O‘zbekistonning 2024-yildagi eng yaxshi futbolchisi nomiga da’vogarlar qatoriga kiritilgan.

Yil murabbiyi

Ro‘ziqul Berdiyev O‘zbekiston chempionatida 2024 yilning eng yaxshi murabbiy deb topildi. 53 yoshli mutaxassis yakunlangan mavsumda “Nasaf” bilan ilk bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Ro‘ziqul Berdiyev "Nasaf" ustozi sifatida ilk bor 2012-yilgi mavsumda ishga kirishgandi. Ro‘ziqul Berdiyev jamoadagi 12-yillik faoliyati davomida 5 bor bronza, 3 bor kumush medallarini, 4 marotaba mamlakat kubogi va 2 karra Superkubokni qo‘lga kiritdi. 


Mavsumning eng chiroyli goli

PFL "Metallurg" futbolchisi Marko Milichkovichning 90+8-daqiqada “Paxtakor” darvozasiga kiritgan golini mavsumning eng chiroyli goli sifatida e’tirof etdi. 

Eng yaxshi legioner

Vladimir Yovovich Superligada mavsumning eng yaxshi legioneri deb topildi. O‘zbekiston chempionatiga keladigan bolqonlik futbolchilarning aksari o‘z milliy jamoasida o‘ynamaydi. Ammo “So‘g‘diyona” futbolchisi Vladimir Yovovich Chernogoriyaning asosiy futbolchilaridan biri hisoblanadi. U hozirgacha Chernogoriya milliy jamoasida 58 ta o‘yinda maydonga tushgan. Shunga mos ravishda u mamlakat chempionatida ham o‘zini munosib ko‘rsata oldi. Yovovich joriy mavsum Superliga va O‘zbekiston kubogi doirasida 28 ta o‘yinda 10 ta gol urgan hamda 10 ta assist qayd etgan.

 Eng yaxshi futbolchi

“Nasaf” tayanch yarim himoyachisi Akmal Mozgovoy Superligada mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. 24 yoshli Akmal Mozgovoy ortda qolgan mavsum Superliga va O‘zbekiston kubogida 26 ta o‘yinda 5 ta gol urdi va bitta assist qayd etdi. Futbolchining “Lokomotiv” (1:0) darvozasiga qaychi uslubida urgan goli Qarshi klubiga ilk chempionlikni keltirdi. Mozgovoy 2018-yildan beri Qarshi klubida o‘ynaydi. U jamoa bilan 3 marta O‘zbekiston Kubogini, ikki bor O‘zbekiston Superkubogini hamda bir bor mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. 

2024-yil Superliga laureatlari

O‘zbekiston professional futbol ligasi qolgan o‘ynalishlarda ham Superliga laureatlari nomini ma’lum qildi. Ular quyidagilar:

  • Superliga eng yaxshi hakami - Shavkat Nasibullayev
  • Yil to‘purari - Dragan Cheran
  • Feyr pley - OKMK
Теги :
Jamiyat