$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Superliga o‘yinida “Bunyodkor” klubi rasmiysi hamda IIB xodimi o‘rtasida mojaro yuz berdi

Uzsl

Superliga 21-turi doirasida o‘tayotgan “Lokomotiv” - “Bunyodkor” uchrashuvi Superliga tarixida ilk bor o‘yin uchrashuv komissarining yo‘qligi sababli to‘xtatildi.

Ilk ma’lumot

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, Toshkent viloyatidagi “Do‘stlik” stadionida o‘tayotgan uchrashuv komissari Qudrat Madraimovning avtomobili stadion hududiga kiritilmagach, PFL rasmiysi va tartibni saqlash xodimlari o‘rtasida nizo kelib chiqqan va uchrashuv komissari IIB xodimlari tomonidan bo‘linmaga olib ketilgan. PFL reglamentiga binoan, o‘yin komissari stadionda yo‘qligi sababli uchrashuvning 2-bo‘limi 30 daqiqalik kechikish bilan boshlangan.

PFL bayonoti

Keyinchalik O‘zbekiston Professional futbol ligasi Superliga 21-turi doirasida “Lokomotiv” - “Bunyodkor” uchrashuvi ikkinchi bo‘limi kech boshlangani yuzasidan rasmiy axborot berdi. “Superliga 21-turidan o‘rin olgan “Lokomotiv” — “Bunyodkor” bellashuvining 2-taymi belgilangan vaqtdan 32 daqiqa kech boshlandi. Sababi uchrashuv uchun javobgar bo‘lgan Liga komissarining telefoni Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani IIB xodimlari tomonidan olib qo‘yilgan va uning o‘zi ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan”, - deyiladi PFL xabarida.

Mojaro tafsiloti

Ma’lum bo‘lishicha, “Bunyodkor” klubi rasmiysi hamda IIB xodimi o‘rtasida bahsli vaziyat yuzaga kelgan. Oqibatda tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining og‘zaki ko‘rsatmasiga ko‘ra, Superliga o‘yinida faoliyat olib borayotgan VAR mashinasi hamda stadion hududida bo‘lgan uchrashuv rasmiylariga qarashli avtomashinalarni majburiy ravishda stadion avtoturargohidan olib chiqish uchun evakuator jalb etilgan. Shundan keyin Liga komissari bunday holatda uchrashuvni davom ettirib bo‘lmasligini tushuntirishga uringan vaqtida uning telefoni olib qo‘yilib, komissar go‘yoki ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablarini bajarmagani ro‘kach qilinib, u stadiondan olib chiqilgan. 

Tashkilotlar yuqori turuvchi tashkilotga murojaat kiritadi

Assotsiatsiya hamda Liga rahbariyatining sa’y-harakati evaziga komissar stadionga yetib kelgan. Bu vaqt davomida uchrashuv hakamlari ikkinchi bo‘limga chiqmagan. “Endilikda Liga komissar bildirgisi asosida mazkur ishni o‘rganib chiqadi. Shuningdek, “Do‘stlik” stadioni, “Lokomotiv” va “Bunyodkor” klubi rasmiylari ham bu borada o‘z pozitsiyasini taqdim etadi. Shundan so‘ng Liga ichki ishlar organi xodimlariga huquqiy baho berilishini so‘rab yuqori turuvchi tashkilotga murojaat kiritadi”, - deyiladi PFL rasmiy bayonotida.

Ushbu uchrashuvning 2-bo‘limi 30 daqiqalik kechikish bilan boshlangach, “Metallurg - Andijon” o‘yini ham 17:15 da emas, yarim soatlik kechikish bilan boshlandi. Qiziqarlisi, bu “Do‘stlik” stadionida ro‘y berayotgan birinchi bunday voqea emas. Avvalroq, 25-avgust kuni o‘tgan “Lokomotiv” - Qizilqum” o‘yinida ham ushbu stadionda shunga o‘xshash holat kuzatilgan edi.