Andijonda aroqxo‘r er sabab 30 yoshli ayol o‘zini kanalga tashladi
Surunkali ichkilikka ruju qo‘ygan erkak xotiniga nisbatan doimiy ravishda zo‘ravonlik qilib kelgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Asaka tumanida yashovchi ayol turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro janjallashib, janjal ustida Shahrixon soyga o‘zini tashladi.
Oiladagi kelishmovchilik sabab
Ma’lum qilinishicha, Asaka tumanida yashovchi, 3 farzandning onasi, 1994-yilda tug‘ilgan ayol turmush o‘rtog‘i bilan janjallashib, jahl ustida Shahrixon soyga o‘zini tashlab yuborgan.
Ayol qutqarib qolingan
O‘sha paytda hududda xizmat olib borayotgan Asaka tumani IIB profilaktika inspektori uni ko‘rib qolib, qutqargan.
“3-avgust kuni soat ertalab 05:30da tungi xizmatni axborotini berib chiqayotgan paytimda, notanish ayol Shahrixon soyi ko‘prigi tagida o‘tirgan ekan. Fuqaroga u joy xavfli ekanligini aytganimda, u yaqinlashmasligimni aytib, o‘zini suvga tashlab yubordi. Men o‘z xizmat vazifamni bajarish maqsadida, ayolning orqasidan o‘zimni suvga tashlab, ayolni qutqarib qoldim”, — deydi profilaktika inspektori.
U doimiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan ayolning eri surunkali ichkilikka berilgan. Oqibatda, ayol doimiy zo‘ravonlikka uchrab kelgan.
“Farzandi yo‘qlar ichsa yarashadi mayli. Lekin, erimda o‘g‘il desa o‘g‘li bor, qizi desa qizi bor va ayoli uyida o‘tiradi. Nega ichishini hali ham tushunmayman. Doimo aytaman unga ichmasligini”, — dedi ayol.
Hozirda mas’ullar tomonidan oilaning ijtimoiy ahvolini yaxshilash hamda ayolni ish bilan ta’minlash yuzasidan ishlar olib borilmoqda.



