$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Tramp yana Putin bilan gaplashdi. Suhbat nima haqida bo‘lgan?

Tramp va Putin

AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin deyarli bir yarim soat davom etgan telefon muloqoti o‘tkazdi. Bu haqda 12-fevral kuni AQSH prezidenti va Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

“Juda samarali” suhbat

Tramp suhbatni “juda samarali” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Ukraina, Yaqin Sharqdagi vaziyat, energetika, sun’iy intellekt, dollarning mustahkamligini muhokama qilgan, shuningdek, “xalqlarning buyuk tarixi va ular Ikkinchi jahon urushida qanday muvaffaqiyatli kurashganliklari haqida fikr yuritgan”.

“Biz mamlakatlarimizning qudrati va hamkorlik bir kun kelib bizga beradigan ulkan foyda haqida gaplashdik. Lekin, birinchi navbatda, ikkalamiz ham kelishib olganimizdek, biz Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda ommaviy qirg‘inni to‘xtatmoqchimiz. Prezident Putin hatto mening saylovoldi kampaniyamdagi asosiy shiorimni ishlatdi: “Oqilona yondashuv”, biz ikkalamiz ham bunga chin dildan ishonamiz”, — deb yozdi u.

Rasmiy tashriflar

AQSH prezidenti Putin bilan “birgalikda ishlashga, jumladan, mamlakatlarga o‘zaro tashrif buyurishga” kelishib olganini ta’kidladi.

“Shuningdek, biz o‘z jamoalarimizga muzokaralarni zudlik bilan boshlashga ko‘rsatma berishga kelishib oldik. Birinchi qadam Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, suhbatimiz haqida ma’lum qilish bo‘ladi — men buni hozir qilaman”, — dedi u.

Fuqarolar almashish masalasi

Tramp davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uols hamda maxsus elchi Stiv Vitkoffdan muzokaralarga rahbarlik qilishni so‘raganini aytdi. U muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tishiga ishonch bildirdi.

“Millionlab odamlar urushda halok bo‘ldi, bu agar men prezident bo‘lganimda yuzz bermagan bo‘lardi, lekin bu sodir bo‘lgan ekan, uni to‘xtatish kerak. Boshqa hech kim o‘lmasligi kerak!” — dedi Amerika prezidenti.

Kremlning xabar berishicha, davlat rahbarlari Rossiya va AQSH fuqarolarini almashishga oid masalalarni muhokama qilgan.

“AQSH prezidenti Amerika tomoni erishilgan barcha kelishuvlarni bajarishiga ishontirdi”, — deyiladi bayonotda.

“Tramp bilan uzoq muddatli kelishuvga erishish mumkin”

Rossiya prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar Ukrainadagi mojaroni hal qilish masalasini ham muhokama qilgan.

“Donald Tramp jangovar harakatlarni tezroq tugatish va muammoni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini aytdi. O‘z navbatida, Vladimir Putin mojaroning asl sabablarini bartaraf etish zarurligini eslatib o‘tdi va Donald Tramp bilan tinch muzokaralar orqali uzoq muddatli kelishuvga erishish mumkinligi haqidagi fikrga qo‘shildi”, — deyiladi xabarda.

Putin Trampni Moskvaga taklif qildi

Rossiya prezidenti, shuningdek, Amerika davlati rahbarining mamlakatlar hamkorlik qilish vaqti kelgani haqidagi asosiy tezislaridan birini qo‘llab-quvvatlagan.

Suhbat chog‘ida Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solish, Eron yadro dasturi, shuningdek, iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama Rossiya-Amerika munosabatlari mavzulari ko‘rib chiqildi.

Rossiya prezidenti Trampni Moskvaga tashrif buyurishni taklif qildi va Amerika rasmiylarini RFda “o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda, jumladan, Ukraina kelishuvi mavzusida” qabul qilishga tayyorligini bildirdi.

Vladimir Putin va Donald Tramp shaxsiy aloqalarni davom ettirishga, jumladan, shaxsiy uchrashuvlar tashkil etishga kelishib oldi.

AQSH prezidenti Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qildi

Shundan so‘ng AQSH prezidenti Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qildi, deya xabar bermoqda RBK Ukraina.

Eslatib o‘tamiz, 8-fevraldayoq Amerika prezidenti Putin bilan gaplashganini da’vo qilgan edi. Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘shanda Kreml suhbat faktini “tasdiqlay ham, inkor ham qila olmaydi” deb aytgandi.

Теги :
Jamiyat