$
 12980.16
44.89
 14606.57
239.37
 161.63
1.16
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Shakar importi toʻxtasa-da, tanqislik yuzaga kelmaydi

Sugar

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federatsiyasi tomonidan shakar eksportiga 2024-yil 31-avgustgacha taqiq joriy etilib, O‘zbekistonga shakar yetkazib berishni to‘xtatishi, bu esa respublikamiz ichki bozorida shakar narxining qimmatlashuviga olib kelishi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu tarqalgan xabarlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi munosabat bildirdi.

Shakar mahsulotiga boʻlgan yillik talab 

O‘zbekistonda shakar mahsulotiga bo‘lgan yillik talab o‘rtacha 650-700 ming tonnani, shundan aholi iste’moli uchun (aholi soni 36,8 mln kishi, tibbiy me’yor bo‘yicha 1 kishiga 9,1 kg/yil) 335 ming tonnani va oziq-ovqat sanoati korxonalari talabi uchun 300-350 ming tonnani tashkil etadi.

Shakar ishlab chiqarish korxonalari bozor talabini ortigʻi bilan bajaradi

Respublikada faoliyat yuritayotgan 2 ta: “Angren Shakar” va “Xorazm Shakar” MCHJ shakar ishlab chiqarish korxonalarining yillik ishlab chiqarish quvvati 900 ming tonnadan ko‘p bo‘lib, bu ichki bozorni talabidan ortig‘i bilan ta’minlashga yetarlidir. Ushbu korxonalar tomonidan 2023-yilda 600 ming tonnadan ziyod shakar ishlab chiqarildi.

2023-yilda 150 ming tonnalik shakar importi

Shuningdek, 2023-yilda shakar importi 150 ming tonnani tashkil etib, nafaqat Rossiyadan, balki Pokiston, Qozog‘iston, Tayland, Hindiston va boshqa mamlakatlardan ham shakar import qilinmoqda.

Tanqislik boʻlmaydi

Rossiya Federatsiyasi tomonidan shakar eksportini cheklash O‘zbekistonning ichki bozorida tanqislikni keltirib chiqarmaydi, chunki respublikamizdagi yirik shakar ishlab chiqaruvchi zavodlarning faoliyati Rossiya bilan bog‘liq emas va 2023-yilda xom-ashyo, asosan, 762 ming tonna miqdorida (shakar chiqishi 98 foiz) Braziliya va Hindistondan import qilingan.

Bozor bahosidan ham past narx

Bugungi kunda ikkita shakar ishlab chiqarish zavodlari tomonidan birjaga ichki bozor uchun har kuni 2 100 tonna mahsulot chiqarilayotgan bo‘lib, shakar ko‘pligidan uning atigi o‘rtacha 300 tonnasi sotilmoqda, xolos. Shakar sotilmayotganligi natijasida korxonalar bozor bahosidan ham past narxga taklif qilmoqda.

Shakarning ichki bozordagi narxi

Bugungi kunda (5 aprel holatiga) ichki bozorda shakarning chakana narxi o‘rtacha 13,8 ming so‘mni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 2,8 foizga oshgan.

Yetarlicha zahira

Shakar ishlab chiqaruvchi korxonalar ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda yetarli (4 oylik savdo uchun) shakar va shakar xom-ashyosi zaxirasi mavjud. Shuningdek, shakar ishlab chiqarish uchun Braziliya mamlakatidan xom-ashyo kirib kelishi davom etmoqda.

Narxlar nazorat qilinadi

Eslatib o‘tish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan tizim asosida aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda bozorda narxlar barqarorligini saqlash bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rib borilmoqda.

Теги :
Jamiyat