$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Translyatsiya huquqini doimiy ravishda buzib kelgan O‘zbekistondagi eng yirik Telegram kanal egasi sud qilindi

Telephoneee

O‘zbekistonlik futbol muxlislari avvallari dunyoning eng qiziqarli ligalari va muhim o‘yinlarini davlat telekanallari orqali bepul tomosha qilishardi. Oradan vaqt o‘tib, ularga ham tegishli tashkilotlardan mualliflik huquqi bo‘yicha cheklovlar va ogohlantirishlar kela boshlaydi. Shundan so‘ng o‘zbek muxlislari El-Klassiko-yu, APL bahslaridan bebahra qolishadi. Albatta, Rossiya telekanallarini tomosha qilish imkoniyati bo‘lganlar bundan mustasno. 

Telegram "Robin Gud"lari

To futbolga ixtisoslashgan telekanal paydo bo‘lgunicha ma’lum qatlam yevrofutbol tomoshasisiz qoldi. Futbol kanali yopilgach, yana eski muammo tiklanishi mumkin edi, ammo oraga "Robin Gud" tushib, xalq uchun yana "xizmat"ga shaylandi. Telegramda jonli efir qilish funksiyasi paydo bo‘lgach, futbolga ixtisoslashgan kanallar translyatsiyasi pulli bo‘lgan chempionat o‘yinlarini jonli va bepul ravishda tomoshabinga uzata boshlashdi. Ajablanarlisi, translyatsiya shartnomalari bilan rasmiy ish olib boruvchi telekanallarda faoliyat yurituvchi ba’zi mutaxassislar shu kabi kanallarni reklama qilib, o‘zlari ham bevosita jarayonda ishtirok etishdi. 

Sud ishi

Joriy yilning 17-iyul kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida MJtKning 177-1-moddasi 1-qismi bilan sudlanayotgan 2002-yilda tug‘ilgan J.A.ga oid sud ishi ko‘rib chiqildi. J.A. "TELERADIOKOMPANIYA ZO‘R" MCHJning shartnoma asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatish huquqi tegishli bo‘lgan "Yevro 2024" futbol o‘yinlarini o‘zining Telegram’dagi "ASL FUTBOL LIVE" nomli kanalida huquq egasidan tegishli ruxsat olmasdan barchaga namoyish etgan.

Sud hukmi

Sud majlisida so‘ralgan huquqbuzar J.A. haqiqatdan ham o‘zining Telegram’dagi "ASL FUTBOL LIVE" nomli kanalida tegishli ruxsat olmay turib, "Yevro 2024" futbol musobaqalarni hammaning e’tiboriga taqdim qilganligini, hozirda qilgan ishidan pushaymondaligini, ushbu holat boshqa takrorlanmasligini, o‘zi ishsizligini, sharoiti og‘irligini ma’lum qilib, suddan unga nisbatan yengillik berishni so‘rab, ko‘rsatuvlar berib o‘tdi. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi J.A. MJtK 177-1-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybdor deb topilsin. Unga nisbatan MJtKning 177-1-moddasining 1-qismi bilan BHMning 1 baravari, ya’ni 340 000 so‘m miqdorda jarima jazosi tayinlandi.