Uy-joy olmoqchi bo‘lganlar uchun davlat subsidiya ajratadi
Subsidiyaga ariza topshirish jarayonlari 15-maydan 1-noyabrgacha davom etadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Aholi ipoteka kreditlari orqali uy-joy bilan ta'minlanadi. Shuningdek, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga 120 million so‘mgacha ipoteka krediti beriladi.
Prezident farmoni qabul qilindi
Joriy yilning 30-aprel sanasida Prezidentning “2024 yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni (PF-70-son) qabul qilindi.
Amalga oshiriladigan rejalar
Farmonga ko‘ra, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta'minlash dasturi doirasida, quyidagilar amalga oshiriladi:
hududlarda 100 mingta kvartiradan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar quriladi;
qurilish tashkilotlariga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar taqdim etiladi;
ko‘p qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlari joriy qilinadi;
ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga kamida 17 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi;
kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash uchun 120 million so‘mgacha ipoteka kreditlari ajratiladi;
banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan ipoteka kreditlarini Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta moliyalashtirish mexanizmlaridan keng foydalaniladi.
Arizalar 15-maydan 1-noyabrgacha qabul qilinadi
Farmonga muvofiq, dastur doirasida subsidiyalar to‘lashning amaldagi tartibiga quyidagi o‘zgartirishlar kiritiladi:
subsidiyalar ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2024-yilning 15-mayidan 1-noyabriga qadar qabul qilinadi;
2024-yilgi Dastur doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 12 foizdan oshgan qismiga, 2025-yil va undan keyingi yillar Dasturlari doirasidagi kreditlar bo‘yicha esa – Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lanadi;
birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar – 2024-yilgi Dasturdan boshlab qat'iy belgilangan 30 million so‘m miqdorida to‘lanadi.
Uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga 120 million so‘mgacha ipoteka krediti
2024-yil 1-iyundan “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi.
Bunda:
ipoteka kreditlari 120 million so‘mgacha miqdorda, 20 yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan to‘rt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash maqsadlari uchun ajratiladi;
ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun – ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun – kredit muddatining birinchi 5 yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya to‘lanadi.
Stavka — Markaziy bankning asosiy stavkasidan to'rt foiz bandga yuqori stavkada bo'ladi.



