$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Stenokardiya qanday hollarda jarrohlik yoʻli bilan davolanadi?

stenokardiya

JSST ma'lumotiga koʻra, dunyoda yuz berayotgan oʻlim holatlarining qariyb 60 foizi yurak-qon tomir tizimi kasalliklari tufayli kelib chiqyapti. Oqibatda yiliga taxminan 17,9 million nafar inson hayotdan koʻz yummoqda.

 Bu, avvalo, sogʻlom turmush tarziga yetarli darajada amal qilinmagani, qolaversa, mazkur xastaliklar erta bosqichda aniqlanib, oʻz vaqtida muolaja qilinmagani bilan bogʻliq.

Stenokardiya – alomat

 Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Xurshid Fozilov ana shunday patologiyalardan biri — stenokardiya haqida ma'lumot berdi.

“Stenokardiya yurakka boruvchi qon oqimi yomonlashganda, ya'ni arteriya tomiri berkilib qolganda yuzaga keladi. Aslida bu – alomat. Kelgusida yurak xurujining oldini olish uchun organizmning ogohlantirishi”, — deydi mutaxassis.

 Kasallikning asosiy belgisi — koʻkrak sohasidagi ogʻriq, bosim yoki achishish. Qolaversa, bu patologiyada nafas qisishi, koʻp terlash, koʻngil aynishi, bosh aylanishi, holsizlik kuzatiladi.

Keltirib chiqaruvchi omillar

 Stenokardiyani keltirib chiqaruvchi qator omillar bor. Masalan, yuqori qon bosimidan aziyat chekuvchilarda vaqt oʻtishi bilan arteriyalar zarar koʻradi. Xolesterin yoki qondagi trigliseridlarning yuqori darajasi esa qon tomirlari devorida yogʻli qatlam hosil qiladi.

 Shuningdek, muntazam alkogol iste'mol qilish, chekish, diabet, nofaol hayot tarzi, keksalik ham stenokardiya rivojlanishiga ta'sir koʻrsatadi.

Stenokardiya turlari

 Mazkur yurak ishemik kasalligining asosiy 2 turi bor. Birinchisi — surunkali koronar sindrom. Uning alomatlari sekinlik bilan, bosqichma-bosqich rivojlanadi. Odatda bu simptomlar kuchli stress yoki jismoniy zoʻriqish chogʻida yuzaga keladi va bemor tinchlangach yoki dam olgach, oʻtib ketadi.

Surunkali koronar sindromda hayot uchun favqulodda jiddiy xavf tugʻdirmasa-da, yurak mushagiga qon yetkazuvchi arteriyalar torayishi bora-bora yurak xuruji roʻy berishi xavfini oshiradi.

Oʻtkir koronar sindromda esa aksincha, belgilar toʻsatdan paydo boʻladi, tinchlik holatida ham 30 daqiqagacha va undan koʻproq saqlanib qoladi. Bunday vaziyatda yurakning qon ta'minoti va ish qobiliyati xavf ostida qoladi. Shu bois oʻtkir koronar sindromda bemorga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatish zarur.

Kompleks davolash kursi

Stenokardiyani davolashda kompleks davolash kursi buyuriladi. Kasallik omillarini bartaraf etish uchun bemorning hayot tarziga oʻzgartirishlar kiritish tavsiya etiladi. Ba'zi hollarda esa teri osti koronar aralashuvi (stentlash) yoki aorta-koronar shuntlash amaliyotlari qoʻllanilishi mumkin.

Теги :
Jamiyat