Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 69 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +7°
Читать на русском

Startap loyihalar uchun 100 ming dollargacha investitsiya va xarajatlarni qoplash mexanizmi joriy etiladi

Prezidentning qaroriga binoan raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Raqamli startaplar dasturi amalga oshiriladi. Dasturda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan loyihalar bilan tanishing.

3 daqiqa o‘qiladi

Startap loyihalar uchun 100 ming dollargacha investitsiya va xarajatlarni qoplash mexanizmi joriy etiladi

“Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-357-son, 14.10.2024 y.) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, raqamli texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Raqamli startaplar dasturi amalga oshiriladi.

Dasturda kimlar ishtirok eta oladi?

Dasturda quyidagi rezident yuridik shaxslar ishtirok etishi mumkin:

quyidagi talablarga mos keluvchi startap loyihalar:

– faoliyat davomiyligi – 6 oydan 7 yilgacha;

– kalendar yilida jami daromadi – 10 milliard so‘mdan oshmagan;

– inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturini muvaffaqiyatli yakunlaganligini tasdiqlovchi hujjatga ega;

– raqamli texnologiyalarga asoslangan, yuqori o‘sish va xorijiy bozorlarga chiqish salohiyati bo‘lgan biznes modelga ega;

– startap loyihalar ekotizimi platformasida ro‘yxatdan o‘tgan;

startap ekotizimi ishtirokchilari – venchur jamg‘armalar va xususiy investorlar hamda startap loyihalar uchun akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini tashkillashtirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar.

Ishtirokchilar uchun qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari 

Qarorga ko‘ra, dastur ishtirokchilariga quyidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari qo‘llanadi:

– qiymati 50 million AQSH dollaridan ko‘p bo‘lgan xorijiy venchur jamg‘armalardan investitsiya jalb qilgan startap loyihalarga mazkur investitsiyaga teng miqdorgacha bo‘lgan, biroq 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda investitsiya mablag‘larini ajratish;

– venchur jamg‘arma tomonidan garov ta’minotisiz, asosiy stavkadan 4 foizlik punkt yuqori stavkada 300 million so‘mgacha miqdorda startap loyihalarga qarz mablag‘larini ajratish;

– IT-Visa berish amaliyotini startap loyihalarning ta’sischilari va mutaxassislariga ham tatbiq etish.

Dasturda ishtirok etadiganlarning quyidagi xarajatlari qoplab beriladi

– 5 yildan ortiq muddat davomida faoliyat yuritayotgan hamda kamida 100 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilgan yetakchi xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish;

– inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga mentorlar va trenerlarni jalb qilish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan, biroq 50 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;

patentlash hamda intellektual faoliyat natijalari va savdo belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari.

Startap loyiha o‘zi nima?

Startap – bu biznesning istalgan turi, undagi farq bozorga avval foydalanilmagan uslubda (o‘z-o‘zidan qonun bilan taqiqlanmagan) tovarlar yoki хizmatlar taqdim etishda ifodalanadi.

Ko‘pincha startap-loyiha – bu birlashtiruvchi bo‘g‘indir. Masalan, qandaydir original mahsulotni taklif qilayotgan internet do‘kon bozorga chiqdi, bunda internet do‘konning asosiy vazifasi sotuvchi va хaridorni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchrashtirib qo‘yish hisoblanadi. Startaplarning paydo bo‘lishi va ularni ro‘yobga chiqarish imkoniyati, ularni foyda keltiradigan biznes-loyihaga aylantirish, – tadbirkorlarning zamonaviy biznes-tafakkurlarining rivojlanishi belgisidir. Bunday turdagi loyihalarning ro‘yobga chiqarilishi tufayli mavjud tadbirkorlar avlodi o‘rniga хizmatlar va tovarlar bozoriga yangi g‘oyalar kiritadigan yangi yosh tadbirkorlar keladi.