Sog'liqni saqlash vazirligi mas'ullari o'zga sayyorada yashaydimi?
Vazifasi jamoat sog'ligini saqlash, umr sifati va uzoq davom etishini oshirish bo'lgan butun boshli vazirlikning rasmiy saytida ham, telegram kanalida ham loaqal "niqob taqing" degan ogohlantirish yo'q.
4 daqiqa o‘qiladi

2017-yil 12-iyunda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarining yangilangan vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari aniqlab berilgan. Qarorning ikkinchi bobida "Vazirlikning asosiy vazifalari va funksiyalari" deya nomlangan va unda:
Jamoat sog‘lig‘ini saqlash ustuvorligini ta’minlash, aholini sog‘lom turmush tarzini yuritishga undash, eng avvalo, o‘z sog‘lig‘i va atrofidagilarning sog‘lig‘i uchun mas’uliyat tuyg‘usini tarbiyalashda aholining madaniyati va tibbiy savodxonligini oshirish;
millatning genofondini yaxshilash maqsadida sog‘lom avlod tug‘ilishi va tarbiyalanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, oilada tibbiy madaniyatni, umrning sifati va uzoq davom etishini oshirish, aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish kabi masalalar ustuvor vazifa etib belgilangan.
Endi muddaoga o'tsak
Birdan nega buni eslab qoldi deyishingiz mumkin, keling muddaoga o'tsak. Poytaxt havosi uch kundan buyon yuqori uchlikdan tushmayapti, ko'chada esa uchta odamni ham tibbiy niqobda ko'rmaymiz. To'g'ri, havo ifloslanayotgani bot-bot aytilyapti, salomatlikka salbiy ta'siri borligi haqida maqolalar turli OAVlarda e'lon qilinyapti. Ammo...lekin...biroq... Vazifasi jamoat sog'ligini saqlash, aholining tibbiy savodxonligini oshirish, umr sifati va uzoq davom etishini oshirish bo'lgan butun boshli vazirlikning rasmiy saytida ham, kanalida ham loaqal "niqob taqing" degan ogohlantirish yo'q.
Dunyoni suv bossa, o'rdakka ne g'am
21-fevral, choyshanba. Erta tongdan poytaxt havosi antirekord o'rnatib, dunyodagi eng ifloslangan shahar bo'ldi. PM2,5 zarrachalari miqdori JSST tavsiyasidan 39 marta oshdi. Bu kuni "Ifloslangan havo yiliga 6,5 milliondan ortiq kishining o'limiga sabab bo'larkan, ishqilib 40 marta zararli havoda nafas olib, umrim necha soatga qisqargan ekan-a?", degan savol ko'pchilikni qiziqtirgan bo'lsa kerak. Ayniqsa, bronxial astma, allergik kasalliklari bor aholi karrasiga qiynaladi. Xo'sh, bunday paytlarda aholi nima qilishi kerak: niqob taqsinmi, ko'chaga chiqmasinmi, bolasini maktabga yuborsinmi, ishga bormasinmi? Bu kabi savollarga javobni, aholiga tushuntirish, salomatligini asrash uchun tavsiyalarni Sog'liqni saqlash vazirligi beradi, keling o'sha kuni vazirlik rasmiy telegram kanalida e'lon qilingan xabarlarni ko'rib chiqamiz.
Soat 8:00: "Arterial gipertoniya qon bosimining oshishi bilan kechadigan kasallik hisoblanadi", degan mazmundagi xabar. Bu vaqtda poytaxt havosi eng iflos edi!
9:20: Allergik kasalliklar, degan jumlani o'qiboq, xursand bo'lib ketmang. Bu xabar haddan tashqari faol immunitetning salomatlikka salbiy ta'siri haqida. Bu vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda antirekord muhokama qilinayotgan, sabablar qidirilayotgan vaqt edi.
9:24: "Biz Sogʻliqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta'limi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari rahbariyatlari bilan uchrashuv o'tkazdik". Ha, yashavoring!
16:07: "xasta bo'lmang" nomli televizion loyihaga start berilibdi.
16:45 So'x — tabiati betakror, o'ziga xos iqlimga ega bo'lgan go'sha...
Atmosfera ifloslanishi 3 ta asosiy kasalliklarga turtki bo‘ladi
Shu bilan xabarlar tugadi. Hayron bo'lasan kishi, bu vazirlik xodimlari boshqa sayyorada yashaydimi? Axir aholi salomatligiga salbiy ta'sir ko'rsatadigan eng iflos havo bugun. Zarurat bo'lmasa, ko'chaga chiqma, niqob taq, ayrim xastaligi bor bemorlarni ehtiyot qil, degan ma'lumotlarni berish eng birinchi shularning vazifasi emasmi? Kecha ham, bugun ham havo iflosligi bo'yicha bir ikki, bir uchinchi o'rinlarga tushib, chiqyapmiz. Ammo haligacha hech kim "lom-mim" demaydi. Bir oy ichida yuqori darajadagi PM 2.5 havosi bilan nafas olish qondagi qand miqdorini oshiradi va bu jarayonning bir yil yoki undan ko‘proq davom etishi diabetga olib kelishi mumkin. Har bir ortiqcha 10 mkg/m3 qandli diabetning rivojlanish xavfini 22 foizga oshiradi.
Toshkentda havoning iflosligi shahar aholisining sog‘ligiga xuddi yiliga 503 dona sigareta chekkan kabi ta’sir qiladi.Atmosfera ifloslanishi 3 ta asosiy kasalliklarga turtki bo‘ladi, bular: yuqori nafas yo‘llari kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari va onkologik kasalliklar. Atmosfera havosi ifloslanishi natijasida bu kasalliklar ortishi isbotlangan. PM 2,5 zarralari odam o‘pkasining eng chuqurigacha, qon tomirlargacha kirib boradi va yurak-qon tomir kasalliklari, surunkali o‘pka kasallanishiga olib keladi.
Salomatlikdan boshqa hamma narsa muhim
Biz bu kabi xabarlarni aholi sog'ligini saqlashda eng yuqori organ hisoblanmish SSV dan olishimiz kerak, shunga yarasha muhim tavsiyalar berib borilishi kerak. Lekin millat genafondi, sog'lom avlod tarbiyalashda yetarli sharoit yaratishi kerak bo'lgan vazirlik hech yo'q ifloslangan havoda nafas olayotgan homilador ayollarni ogohlantirib qo'ymaydi. Dunyoda ifloslangan havo sabab o'lik tug'ilgan bolalar yetarlicha, nogironlik, tug'ma kasalliklar bilan dunyoga kelayotgan chaqaloqlar ham yetarlicha.
Mas'ullarni aholi salomatligidan boshqa hamma narsa qiziqtirsa kerak, deb o'ylab qolasan kishi. Uyqusizlik, holsizlik, burun bitishi yoki kislorod yetishmasligi Toshkent shahri aholisi o‘rtasida oxirgi kunlarda ko‘paygan. Allergik kasalliklar, bronxial astma ortgan. Odamlar nima qilishni, qayerga borishni bilmay hayron.
Ifloslangan havoning salomatlikka zarari, bunday vaziyatlarda nima qilish kerakligi haqida gapirish go'yo mas'ullarga ta'qiqlangandek, yo vazirlikning ayni kunlarda bundanda muhimroq ishi bormikan?
Muallif: Shahruza Sattorova



