Mobil internet tezligi reytingi
Arab mamlakatlari kuchli uchlikni egallab turibdi. O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?
2 daqiqa o‘qiladi

“Speedtest Global Index” internet tezligi bo‘yicha dunyo davlatlari hamda shaharlari reytingini e’lon qildi.
TOP-10 shaharlar
Unga ko‘ra, fors ko‘rfazidagi arab mamlakatlari va shaharlari dunyoda eng tez mobil internetdan foydalanmoqda.
Eng yaxshi mobil internetga ega shaharlar:
1. Ar-Rayyan (Qatar) — 417,17 Mbit/s;
2. Dubay (BAA) — 336,57 Mbit/s;
3. Abu-Dabi (BAA) — 296,03 Mbit/s.
Top-10 ga kirgan shaharlar: Lissabon, Doha, Kopengagen, Ar-Riyod, Oslo, Shanxay, Pekin.
Gavanaliklar 4,6 megabit/soniya tezlikdagi mobil internet bilan reytingda so‘nggi 178-o‘rinda qayd etdi.
O‘zimizning shaharlarda nima gap?
Reytingda mamlakatimizning Samarqand shahri o‘zining o‘rnini 5 pog‘onaga yaxshilab 101-o‘rnida turibdi. Unga ko‘ra, samarqandliklar 39,98 Mbit/s internetdan foydalanmoqda.
Poytaxt Toshkent esa reytingda 106-o‘rin bilan 7 pog‘onaga pastlagan. Toshkent shahridagi internet tezligi soniyasiga 38,09 megabit tezlikni ko‘rsatyapti.
Mamlakatlar TOP-10 taligi
Eng yaxshi mobil internetga ega mamlakatlar reytingida ham shaharlar reytingiga mos ravishda arab mamlakatlari yetakchilik qilmoqda:
1. Qatar — 286,42 Mbit/s;
2. BAA — 284,21 Mbit/s;
3. Quvayt — 216,96 Mbit/s.
Kuchli 10 talikning qolgan o‘rnini esa Janubiy Koreya, Daniya, Xitoy, Norvegiya, Islandiya, Niderlandiya, Saudiya Arabistoni egallab turibdi.
Mamlakatlar reytingining eng quyi pog‘onasini Sharqiy Timor band qilgan, ya’ni 155-o‘rin. Unga ko‘ra, mamlakatdagi o‘rtacha internet tezligi 3,34 Mbit/s.
Markaziy Osiyo davlatlari
Markaziy Osiyoda reyting bo‘yicha eng yuqori tezlik Turkmanistonga tegishli bo‘lib turibdi. U reytingda 37,23 Mbit/s tezlik bilan 69-o‘rinda turibdi. Qozog‘iston esa oldingi e’lon qilingan natijalardan buyon o‘zining o‘rnini 1 pog‘onaga boy bergan, ya’ni 71-o‘rin (35,71 Mbit/s). Uchinchi o‘rinda esa Qirg‘iziston soniyasiga 27,25 megabit tezlik bilan o‘rin olgan. Uning reytingdagi natijasi 4 taga yaxshilani, 93-o‘ringa ko‘tarilgan.
O‘zbekistonda cho‘kish
Shuningdek, O‘zbekiston “Speedtest Global Index” reytingida 101, Markaziy Osiyoda esa 4-o‘rinni egallamoqda. Mamlakatimiz reytingda 7 pog‘ona pastga tushib, 26,24 megabit/soniya internet tezligiga ega.
Tojikistonliklar esa 8,14 Mbit/s internet tezligini ishlatishar ekan. Bu bilan Tojikiston reytingning 151-o‘rnidan joy oldi.



