$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

“Ruscha” propaganda yoxud DeepSeek haqiqatan ham sovet kodiga asoslanganmi?

deepseek

Yaqinda tarmoqlarni portlatgan DeepSeek sun’iy intellekti atrofida muhokamalar tinmayapti. Rossiyaning “Rossiya 1” telekanali “Vesti” dasturida DeepSeek 1985-yilda sovet olimlari yaratgan kod asosida ishlayotgani haqida xabar berdi. Ushbu da’vo ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Hatto “Obshchestvennaya sluzhba novostey” (OSN) nashri ham ushbu xabarni e’lon qilgan, biroq keyinchalik uni o‘chirib tashlagan.

Bu qanchalik asosli?

DeepSeek sun’iy intellekti sovet kodiga asoslanganligi haqidagi da’vo Rossiyaning “Panorama” satirik nashrida e’lon qilingan maqoladan keyin tarqaldi. Nashr 29-yanvar kuni DeepSeek rahbari Lyan Venfen go‘yoki podkaster Lex Fridman bilan suhbatda “Bizning sun’iy intellektimiz sovet olimlari yaratgan OGAS tizimiga asoslangan” deganini yozgan. Biroq bu intervyu hech qachon bo‘lmagan va OGAS tizimi sun’iy intellektga umuman aloqador emas, deb xabar bermoqda mavzuga oid ekspertlar.

Sovet kodlari va sun’iy intellekt

DeepSeek haqiqatan ham 1985-yilgi sovet dasturiy ta’minotiga asoslangan bo‘lishi mumkinmi? Sovet Ittifoqida dasturchilik sohasi rivojlangan bo‘lsa-da, zamonaviy sun’iy intellekt texnologiyalari bilan bog‘liq real ishlanmalar mavjud emas edi. O‘sha yillarda ishlab chiqilgan OGAS loyihasi (Umumittifoq avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi) iqtisodiy rejalashtirish va markazlashgan boshqaruv uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u hozirgi neyrotarmoqlar va sun’iy intellektga yaqin ham kelmaydi.

Sun’iy intellekt uchun eng muhim narsa murakkab algoritmlar, katta hajmdagi ma’lumotlar bazasi va zamonaviy hisoblash quvvati hisoblanadi. 1985-yilda esa bunday infratuzilma Sovet Ittifoqida mavjud bo‘lmagan. Bundan tashqari, hatto OGAS loyihasi ham to‘liq ishga tushmagan va 1991-yilda Sovet Ittifoqi bilan birga barham topgan.

“Ruscha” propaganda haqida

O‘zbekistonlik ta’lim eksperti Komil Jalilov bu borada shunday fikr bildirdi: “Hayron bo‘ldim. Mana, bu ‘argument’ning manbasi ham topildi. Asosiy axborot manbasi Rossiyaning davlat kanallari bo‘lgan qatlam har qanday propagandani factchecking (faktlarni tekshirish) qilmasdan qabul qiladi. DeepSeek haqidagi bu misol hali ‘beozor’ holat, ammo bundan battar yolg‘onlarni ham rost sifatida qabul qilishayotgani juda xavfli.”

Теги :
Jamiyat