$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Qashqadaryoda “soliqchilar” 2-sinf oʻquvchilariga soliqlarni toʻlash haqida eslatma berdi

soliqchilar

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatidagi maktablardan birida xodimlar o‘zini soliq inspeksiyasidan kelganini aytib, o‘quvchilarga soliq to‘lash bo‘yicha tushuntirish bergani aks etgan videolavhalar tarqaldi.

Holat qanday boʻlgan?

Videoda keltirilishicha, soliq xodimlari 2-sinf oʻquvchilaridan quyidagilarni soʻragan.

“Assalomu alaykum, hurmatli oʻquvchilar. Avvalambor, hammalaringni bayramlaring bilan, yangi oʻquv yili bilan tabriklaymiz. Oʻqishlaringga omad. Bizlar Nishon tuman soliq inspeksiyasidan kelyapmiz. Sizlarga iltimos, eslatma. Hammalaring ota-onalaringga olib borasizlar, yashab turgan uy-joylaringning mol-mulk va er soliqlarini soliq inspeksiyasiga borib, yoki telefondan “Soliq” ilovasidan foydalanib toʻlash kerak. Hozir tarqatib chiqadi. Uy kimning nomida boʻlsa, borib soliqqa hisoblab toʻlaydi. Bir yilda soliq ikkiga boʻlib toʻlanadigan boʻlsa, bir qismi 15 aprel, qolgan yarmi 15 oktyabrga qadar (toʻlanishi kerak) deb aytib oʻtilgan. Shu oydan soliqlarni hisoblatib, toʻlab kelish talab etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 63-moddasida fuqarolar qonun bilan belgilangan soliq va yigʻimlarni toʻlashi shart deb aytilgan, tushundinglarmi? Iltimos sizlardan”, – deydi xodim.

Videoda boshqa bir soliq organi xodimi eslatma xatlarini tarqatib chiqqani koʻrinadi.

Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi

Soliq qoʻmitasi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, Qashqadaryo viloyatidagi holatni nooʻrin deb hisoblashi va keskin qoralashini ma'lum qildi. https://t.me/soliqnews/14245

“Qashqadaryo viloyatida soliq organlari tomonidan maktab oʻquvchilariga er va mol-mulk soliqlarini toʻlash toʻgʻrisida eslatmalar berilgani yuzasidan videolar tarqatildi. Ta'kidlab oʻtamiz, davlat soliq xizmati organlari bunday xatti-harakatlarni nooʻrin deb hisoblaydi va keskin qoralaydi. Soliq qoʻmitasi rahbariyati tomonidan ushbu xodimlarning harakatlari yuzasidan soliq tekshiruvlari tayinlandi va barcha hududiy soliq organlariga ogohlantirishlar berildi”, – deydi qoʻmita matbuot kotibi Dildora Hoshimova oʻz videobayonotida.

Ombudsman munosabati 

Bolalar ombudsmani bola manfaatlari buzilishiga oid bu holatni o‘rganayotganini maʼlum qildi.

“Maktab o‘quv jarayoni ishtirokchisi bo‘lmagan begona shaxslarning taʼlimga oid tartib-qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan holda dars jarayoniga kirib borishi va uni buzishi, bolalarga qandaydir noqonuniy talablar bilan murojaat qilishi — mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat!

Bolalar o‘z ota-onalarining soliqqa oid majburiyatlari uchun javobgar emas, hech bir holatda ularni bu jarayonga jalb qilish, ogohlantirish mumkin emas! Bu bolaning konstitutsiya va qonun bilan qo‘riqlanadigan huquq va manfaatlariga ziddir. Bunday nojo‘ya harakatlarga yo‘l qo‘ygan masʼullarga tegishli tarzda chora ko‘rilishi shart”, - deyiladi xabarda.