$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Shirin ichimliklarga qo‘yilayotgan aksiz solig‘idan qanday natijalar kutilmoqda?

shirin ichimliklar

2025-yil 1-apreldan boshlab, O‘zbekistonda tarkibida shakar bo‘lgan barcha alkogolsiz ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu chora Prezidentning 2023-yil 11-sentyabrda tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining aholining umr davomiyligini oshirish va sog‘liqni saqlash islohotlariga qaratilgan bandlari doirasida ko‘rib chiqilmoqda.

Gazsiz shirin choylar, meva sharbatlari, sanoat usulida ishlab chiqarilgan kompotlar va tarkibida shakar bo‘lgan boshqa gazsiz shirin ichimliklar (morslar, limonadlar, kvaslar) uchun litriga 500 so‘m aksiz solig‘ini joriy etish taklif qilinmoqda. Quyida “Iqtisodiy sharh” jurnali ma’lumotlariga tayanib, ushbu soliqning maqsadi va uning kutilayotgan ta’siri haqida batafsil so‘z yuritamiz.

O‘zbekistonliklarning 16,6 foizi semizlikdan aziyat chekadi

World Population Review ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda katta yoshli aholining 16,6 foizi semizlikdan aziyat chekadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlarida qayd etilishicha, qandli diabet bilan kasallanganlar soni 363 585 (respublika aholisining 1,0 foizi), yurak kasalliklari bo‘lgan bemorlar soni – 1 861 438 nafarni tashkil etadi (5 foiz). Yuqorida aytib o‘tilgan kasalliklarga nisbatan global maqsadlarga erishish uchun o‘z vaqtida qo‘shimcha choralar ko‘rish muhimdir.

Shakar iste’molini kamaytirish uchun ishlangan mexanizm

Tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar rasionga hech bir ozuqaviy qiymat qo‘shmagan holda butun dunyo bo‘ylab kaloriya va shakar iste’molining oshishiga salbiy hissa qo‘shmoqda. Shakar va shirin ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilish sog‘liq uchun bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi, jumladan, kariyes, ortiqcha vazn hamda 2-toifa diabet va semirish rivojlanishiga sabab bo‘lishi o‘z isbotini topgan. Me’yordan ortiq shakar iste’moli erta o‘limga va nogironlikka olib kelishi mumkin, bu esa ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Gazlangan ichimliklar iste’molini kamaytirishga qaratilgan fiskal siyosat

O‘zbekiston gazlangan ichimliklar iste’molini kamaytirishga qaratilgan fiskal siyosatni qabul qilgan bir qancha davlatlardan biridir. 2024 yil 1 apreldan boshlab, respublikada tarkibida shakar, boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar mavjud bo‘lgan va iste’mol qadog‘iga qadoqlangan gazli ichimliklarning 1 litri uchun 500 so‘m stavkada, shuningdek, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarning 1 litri uchun 2 000 so‘m stavkada aksiz solig‘i joriy etildi.

Shakar (saxaroza) yoki tarkibida fruktoza yuqori bo‘lgan makkajo‘xori siropi kabi qo‘shimcha shirinlashtiruvchi moddalar qo‘shilgan ichimliklar alkogolsiz ichimliklar hisoblanadi. Shirin ichimliklarning asosiy toifalariga gazlangan ichimliklar, turli energetiklar, meva yoki sabzavot sharbatlari, tayyor choylar, qahva va shirin suv kiradi.

Xorij tajribasi

Tarkibida shakar yoki shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklarga soliq dastlab Belgiya, Finlyandiya, Fransiya, Irlandiya, Buyuk Britaniya kabi davlatlarda joriy qilingan. 2016-yildan boshlab bu amaliyot dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlarida ham keng tarqaldi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, shakarli ichimliklarga qo‘shilgan 10 foizlik soliq ularning iste’molini 8–10 foizga qisqartirishi mumkin. Bu soliq mahsulotlarni sotish va iste’mol qilish hajmini kamaytirib, sog‘liqni saqlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Masalan, Chilida tarkibida shakar miqdori 6,25 g/100 ml dan kam bo‘lgan ichimliklar uchun 10 foizlik, undan ko‘p bo‘lganlar uchun esa 18 foizlik soliq joriy qilingan. Irlandiyada esa 1 litrda 5 g/100 ml shakar bo‘lsa, 0,20 yevro, 8 g/100 ml dan ko‘p bo‘lsa, 0,30 yevro soliq undiriladi. Malayziyada umumiy shakar miqdori 5 g/100 ml dan oshgan ichimliklarga 1 litr uchun 0,10 dollar miqdorida soliq belgilangan.

Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatadiki, shakarli ichimliklarga soliq nafaqat iste’mol hajmini kamaytiradi, balki ishlab chiqaruvchilarni mahsulot tarkibini sog‘liq uchun xavfsizroq qilishga undaydi. Soliq joriy etilgandan so‘ng, tarkibida 5 g/100 ml dan ortiq shakar bo‘lgan ichimliklar ulushi, masalan, Chilida 49 foizdan 15 foizgacha kamaygan.

Shakarli ichimliklarga eng samarali mexanizm qaysi?

Biroq barcha hukumatlar ham ma’lum bir ichimlikning shakar tarkibini batafsil tahlil qilish uchun resurslarga ega emas. Shu sababli ichimliklarga aksiz solig‘ini joriy etish borasida qaror qabul qilayotganda shakar tarkibini aniqlash uchun quvvat va uskunalar mavjudligini hisobga olish kerak. Qaysi turdagi soliqni undirish borasida qaror qabul qilishda esa tegishli mamlakatning mavjud imkoniyatlarini inobatga olish lozim.

Hozirda 100 dan ziyod mamlakatlarda tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun aksiz solig‘i undiriladi. Xuddi shunday soliq MDHga a’zo davlatlar – Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjonda ham joriy qilingan. JSST tavsiyalariga ko‘ra, aksizni 100 millilitrda 5 grammdan ortiq shakar yoki boshqa turdagi shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklar uchun joriy etish maqsadga muvofiqdir.

Dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida tarkibida shakar bo‘lgan ichimliklar uchun aksiz, asosan, ikki usulda undiriladi:

1)  alkogolli mahsulotlarning narxiga qarab undiriladigan advalor yoki qat’iy belgilangan stavka;

2) ichimlik tarkibidagi shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi moddalar miqdoriga qarab belgilangan progressiv yoki kompleks stavka.

Tavsiyalar

O‘zbekistonda 2024-yil 1-apreldan tarkibida shakar bo‘lgan gazlangan ichimliklar iste’moli uchun aksiz solig‘ining qat’iy belgilangan stavkasi joriy etildi. Mazkur soliqning samaradorligini hamda uning bir qator kasalliklar profilaktikasidagi rolini oshirish maqsadida amaldagi mexanizmni modernizatsiya qilish maqsadga muvofiqdir. Xususan, 100 millilitrda 5 grammdan ziyod shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklar uchun belgilangan stavka o‘rniga ularning sog‘liqqa yetkazadigan zararidan kelib chiqib, 2 bosqichli progressiv aksizni joriy etish taklif etilmoqda:

1) 100 millilitrda 5 grammdan 8 grammgacha shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklarning har 1 litri uchun ichimlik narxining 5 foizi, lekin 500 so‘m kam bo‘lmagan miqdorda;

2) 100 millilitr va undan ortiq suyuqlikda 8 gramm shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklarning har 1 litri uchun ichimlik narxining 10 foizi, lekin 1 000 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda.

Tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi moddalar bo‘lgan ichimliklarga aksiz solig‘ining qo‘llanilishi nafaqat kasallanish darajasi qisqarishiga, balki byudjet mablag‘larining ko‘payishiga ham olib keladi.

Aksiz solig‘idan tushadigan 4,5 milliard so‘m: Bu mablag‘ qayerga yo‘naltirilishi mumkin?

Xususan, agar shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushbo‘ylashtiruvchi moddalar qo‘shilgan suvlar, shu jumladan, mineral va gazlangan suvlar uchun aksiz solig‘i (MST kodi – 1107191, TIFTN kodi – 2202.1) 2023-yil 1-yanvardan joriy etilgan bo‘lganida, O‘zbekiston davlat byudjetiga qo‘shimcha 4,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ tushgan bo‘lardi (2023-yilda respublikada ushbu guruhdagi ichimliklardan 894 423,8 ming litr ishlab chiqarilgan). Aksiz solig‘i bo‘yicha tushadigan mablag‘lar diabetga va shakarni ortiqcha iste’mol qilish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan bemorlarni davolashga hamda boshqa ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin. Kasallik darajasining pasayishi esa byudjet xarajatlarining qisqarishiga xizmat qiladi.

Ushbu soliqni avvalroq joriy qilgan mamlakatlar tajribasi ko‘rsatganidek, aksariyat hollarda ishlab chiqaruvchilar ichimlik ishlab chiqarish hajmini o‘zgartirmagan holda, ularning tarkibidagi shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi moddalar miqdorini kamaytirishgan, ya’ni ishlab chiqaruvchilar sog‘liq uchun kamroq zarar yetkazadigan ichimliklar tarkibini yaratishgan.