$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Yoqilg‘i tanqisligi Osiyo mamlakatlarini parokanda qilmoqda

Oil

Yaqin Sharqdagi harbiy ziddiyatlar nafaqat mintaqa xavfsizligini, balki global iqtisodiyotning “qon tomiri” bo’lmish energiya resurslari oqimini ham falaj qilib qo’ydi. Bugun ushbu geosiyosiy to‘qnashuvlarning aks sadosi Osiyo qit’asining eng chekka nuqtalarida — yoqilg‘i tanqisligi, ko‘chalardagi tartibsizliklar va iqtisodiy tushkunlik ko‘rinishida namoyon bo‘lmoqda.

Yoqilg‘i shoxobchalaridagi urush

Yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuvlar tufayli yuzaga kelgan yoqilg‘i taqchilligi Osiyoning qator davlatlarida ijtimoiy portlashlarga sabab bo‘ldi. Bangladesh, Hindiston va Pokiston kabi mamlakatlarda benzin tanqisligi fonida yoqilg‘i quyish shoxobchalariga hujumlar va talonchilik holatlari avj olgan. Achinarlisi, navbatlarda yuzaga kelgan to‘qnashuvlar natijasida inson talofatlari qayd etilmoqda.

Filippinda esa vaziyat transport tizimining falajlanishi bilan murakkablashdi. Dizel narxining keskin ko‘tarilishi minglab haydovchilarni ish tashlashga majbur qildi, bu esa mamlakat logistika zanjiriga jiddiy zarba berdi.

Yopilgan “hayot yo‘lagi”

Inqirozning asosiy o‘chog‘i — dunyo neft savdosining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyatdir. AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy operatsiyalar ushbu strategik yo‘lakni xavfli hududga aylantirdi. BMT statistikasi dahshatli raqamlarni keltirmoqda, agar fevral oyida bo‘g‘oz orqali kuniga o‘rtacha 130 ta kema o‘tgan bo‘lsa, mart oyiga kelib bu ko‘rsatkich atigi 6 tagacha tushib ketgan. Ekspertlar buni xalqaro dengiz savdosi uchun haqiqiy “katastrofa” deb atashmoqda.

Narxlar poygasi va iqtisodiy bosim

Yetkazib berish zanjirining uzilishi jahon bozorida narxlarning shiddat bilan o‘sishiga turtki berdi. Brent markali neft narxi barreliga 120 dollarga yetib, so‘nggi to‘rt yillikdagi antirekordni yangiladi. Garchi iyun fyucherslari 109,03 dollar atrofida barqarorlashishga urinayotgan bo‘lsa-da, bozorlardagi xavotir hali pasaygani yo‘q.

Shimoliy Texas universiteti professori Idean Salehyanning fikricha, agar neft narxi bahor oxirigacha 100 dollarlik chegaradan yuqori tursa, bu global miqyosda uzoq muddatli siyosiy va iqtisodiy beqarorlikni kafolatlaydi.

Zaxiralar tugamoqda

Osiyo davlatlari, xususan Bangladesh hukumati, inqirozni jilovlash uchun qat’iy choralarni ishga soldi. Mamlakatda yoqilg‘i iste’moliga qat’iy limitlar o‘rnatilib, strategik omborlarni qo‘riqlash uchun harbiylashtirilgan maxsus guruhlar safarbar etilgan.

Biroq, budjet zaxiralarini sarflash orqali teshiklarni yamash strategiyasi uzoqqa bormasligi mumkin. Bangladesh rahbariyati bu borada xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, “mojaroga hech qanday aloqasi bo‘lmagan kambag‘al davlatlar boshqalarning urushi uchun jazolanayotganini” ta’kidladi.

Tahlilchilarning yakuniy xulosasi bir nuqtaga taqaladi. Eron atrofidagi harbiy va diplomatik noaniqliklar barham topmas ekan, Osiyo bozorlaridagi "yonilg‘i isitmasi"ni pasaytirishning imkoni bo‘lmaydi.

Теги :
Jamiyat