$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

To‘ng‘ich, o‘rtancha yoki kichik: Tug‘ilish tartibi xarakterga qanchalik ta’sir qiladi?

farzand


Ko‘pchilik oilada to‘ng‘ich, o‘rtancha yoki kichik farzand bo‘lish inson xarakteriga ta’sir qiladi deb o‘ylab qoladi. Masalan, to‘ng‘ichlar ko‘proq mas’uliyatli bo‘ladi, kichik farzandlar esa erkalik va jasurlikka moyil bo‘ladi, degan gaplarni tez-tez eshitamiz. Mutaxassislarning aytishicha, bunda haqiqat ham bor, lekin bu insonning kelajakdagi xarakterini to‘liq belgilab bermaydi. 

Xo‘sh, inson shaxsiyatining shakllanishiga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?

To‘ng‘ich, o‘rtancha va kichik farzandlar qanday bo‘ladi?

Mutaxassislarning fikricha, oiladagi farzandlarning tug‘ilish tartibi ularning xarakteriga ma’lum darajada ta’sir qilishi mumkin. Masalan, ko‘pincha to‘ng‘ich farzandlar mas’uliyatliroq va tartibliroq bo‘lib ulg‘ayadi. Chunki ular kichik ukalari yoki singillari tug‘ilgach, o‘zini kattaroq his qila boshlaydi va ota-onasiga yordam berishga odatlanadi. Ba’zan esa yangi farzand tug‘ilgach, to‘ng‘ich bola o‘zining avvalgi “alohida e’tibor”ini yo‘qotgandek ham his qilishi mumkin.

O‘rtancha farzandlar esa odatda moslashuvchanroq bo‘ladi. Ular katta va kichik farzand o‘rtasida ulg‘aygani uchun turli vaziyatlarga tezroq moslashishni o‘rganadi. Biroq ba’zi hollarda ular o‘zini kamroq sezilgandek his qilishi yoki o‘ziga ishonchi biroz pastroq bo‘lishi ham mumkin.

Eng kichik farzandlar esa ko‘pincha erkinroq va tavakkal qilishga moyil bo‘ladi. Ular odatda katta aka-uka yoki opa-singillarning tajribasini ko‘rib ulg‘ayadi va ko‘proq e’tibor ham olishi mumkin. Shu sabab ba’zida ular xarizmatikroq yoki jasurroq bo‘lib chiqadi.

Bu g‘oyalar qayerdan kelib chiqqan?

Tug‘ilish tartibining xarakterga ta’siri haqidagi g‘oyalar asosan avstriyalik psixoterapevt Alfred Adler nazariyalariga borib taqaladi. U to‘ng‘ich bolalar ko‘proq mas’uliyatli va tartibli bo‘ladi, o‘rtancha bolalar moslashuvchanroq, kichik farzandlar esa tavakkalchi va faol bo‘lishi mumkin, deb hisoblagan.

Ammo zamonaviy tadqiqotchilar bu fikrlar ko‘proq umumiy kuzatuvlarga asoslanganini aytadi. Ya’ni har bir oilada vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin va tug‘ilish tartibi hamma bolaga bir xil ta’sir qilmaydi.

Aslida fe’l-atvorga nimalar ko‘proq ta’sir qiladi?

Taniqli yozuvchi Ketrin Karrning aytishicha, bolalarning qanday muhitda ulg‘ayishi ancha muhim. Aka-uka yoki opa-singillar orasidagi yosh farqi, oilaning moddiy ahvoli, ota-onaning e’tibori va mehr-muhabbati kabi omillar bir oiladagi bolalar uchun ham turli sharoit yaratadi.

Psixolog Frensis Fuks Shaxter esa boshqa bir nazariyani ilgari surgan. Unga ko‘ra, bolalar oilada o‘ziga xos rol topishga harakat qiladi. Masalan, biri o‘qishda eng yaxshi bo‘lishga intiladi, boshqasi esa ijodkorlik yoki hazilkashlik bilan ajralib turishni tanlaydi.

Oiladagi vaziyat ham bunga ta’sir qiladi. Aralash oilalar, aka-uka orasidagi katta yosh farqi yoki ota-onaning kimnidir ko‘proq qo‘llab-quvvatlashi bolalar o‘rtasidagi rollarni o‘zgartirishi mumkin.

Mutaxassislar tug‘ilish tartibi muhim omil bo‘lishi mumkin, ammo u inson taqdirini hal qilib qo‘ymaydi degan xulosaga kelgan. Vaqt o‘tishi bilan aka-uka va opa-singillar o‘rtasidagi munosabatlar ham o‘zgaradi va ular yanada teng hamda yetukroq munosabatlarga aylanishi mumkin.

Теги :
Jamiyat