$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Soliq to‘lash muddati yakunlamoqda: Jismoniy shaxslar uchun mol-mulk va yer solig‘i hisoblash tartibi va imtiyozlar haqida nimalarni bilish kerak?

soliq

2024 yilning 14 oktyabr holatiga 4,2 mln nafar jismoniy shaxs tomonidan 6 mlnta ob’yektning 4,6 trln so‘m yer va mol-mulk soliqlari to‘landi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Soliq qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova ma’lum qildi.

Jismoniy shaxslar uchun mol-mulk va yer solig‘i nima asosida hisoblanadi?

Soliq kodeksiga ko‘ra, Kadastr organlari yer uchastkasi va ko‘chmas mulk, ularning mulkdorlari (egalari) to‘g‘risidagi axborotni soliq organlariga real vaqt rejimida elektron shaklda taqdim etadi. Ushbu ma’lumotlar asosida jismoniy shaxslarga yer va mulk soliqlari hisoblanadi.

Soliq kodeksining 423-moddasiga ko‘ra, jismoniy shaxslar mol-mulk solig‘ini 15-aprel va 15-oktyabrga qadar teng ulushlarda to‘lashi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan:

uy-joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlar;

daromad olish uchun mo‘ljallangan yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk obyektlar;

qurilishi tugallanmagan yashash uchun mo‘ljallanmagan obyektlar;

ko‘p kvartirali uylarga uzviy bog‘liq bo‘lgan avtomashina turar joylari;

boshqa imoratlar, binolar va inshootlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ini to‘laydi.

Kimlar mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlarga ega?

Ma’lumot uchun:

“O‘zbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar;

urush nogironlari va qatnashchilari;

harbiy xizmat yoki ichki ishlar organlaridagi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari hamda beva xotinlari (beva erlari). Beva xotinlarga (beva erlarga) soliq imtiyozi faqat ular yangi nikohdan o‘tmagan taqdirda beriladi;

energiya resurslarining amaldagi tarmoqlaridan to‘liq uzib qo‘yilgan turar joylarda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar qayta tiklanadigan energiya manbalari o‘rnatilgan oydan e’tiboran uch yil muddatga;

yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar soliq to‘lovlaridan ozod qilingan. Mazkur imtiyoz yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joy uchun ular 23 yoshga to‘lguniga qadar amal qiladi.

Fuqarolar qancha mol-mulk va yer solig‘i to‘lashlari to‘g‘risidagi xabarnomani qachon va qanday olishadi?

Soliqni to‘lash to‘g‘risidagi to‘lov xabarnomasi soliq organlari tomonidan soliq to‘lovchilarga quyidagi usullarda har yili 1‑martdan kechiktirmay topshiriladi. (Soliq kodeksi 423-va 439‑moddalar)

- imzo qo‘ydirilgan holda;

- soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda;

- soliq to‘lovchining nomiga rasmiylashtirilgan uyali telefon raqamiga va soliq organlarining maxsus mobil ilovasiga SMS-xabarnoma tarzida;

- to‘lov xabarnomasi olinganligini va olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usulda.

Yillik hisoblangan mol‑mulk va yer soliqlarini to‘lash teng ulushlarda 15‑aprel va 15‑oktyabrga qadar amalga oshiriladi. (Soliq kodeksi, 423- va 440‑moddalar)

Soliqlarni uydan turib ham to‘lash imkoniyati bor va bu xizmatdan qanday foydalanish mumkin?

Fuqarolar soliq to‘lovlarini

‑ elektron to‘lov tizimlari (“Soliq”, “Click”, “Payme”, “Paynet” mobil ilovalari);

‑ mahallaga biriktirilgan soliq inspektorining “SAYT” terminali;

‑ bank kassalari orqali to‘lashlari mumkin.

Mobil telefonga “Soliq” mobil ilovasini yuklab olib, FACYe IDdan o‘tgan holda, “Soliqlarni to‘lash” bo‘limidan o‘zi va ota-onasining barcha soliqlarini bir harakatda to‘lash imkoniyati mavjud.

Muddatida to‘lanmagan soliqlar uchun javobgarlik belgilangan

Soliqlar muddatida to‘lanmagan taqdirda, kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun penya hisoblanadi. (Soliq kodeksi 110‑modda). Agar jismoniy shaxslar yer va mol-mulk solig‘ini muddatida to‘lamagan taqdirda, soliq qarzi umumiy summasi bir million so‘mdan oshsa soliq qarzi sud orqali qarzdorga tegishli mol-mulk hisobidan undiriladi. (Soliq kodeksi 125‑modda)

Hozirga qadar 4,2 million fuqaro soliqlarni to‘lash majburiyatini bajarib bo‘ldi

2024-yilning 14-oktyabr holatiga 4,2 million nafar jismoniy shaxslar tomonidan 6 millionta obektlarning 4,6 trillion so‘m yer va mol-mulk soliqlari to‘landi.

To‘lanmasdan qolayotgan soliq summasi 3,5 trln. so‘mni tashkil etmoqda. Shundan, 712 mingta obektda qarzdorlik summasi 1 mln. so‘mdan yuqori. Shuningdek, Soliq qo‘mitasi vakili fuqarolarni jismoniy shaxslar uchun mol-mulk va yer soliqlarini to‘lashning oxirgi muddati 15‑oktyabr ekanligini aytib, ogohlantirib o‘tdi.