$
 12099.18
-32.37
 14134.26
9.5
 153.82
0.28
weather
+26
Кечаси   +14°

iPhone yetakchi: Odamlar borgan sari qimmat smartfonlar sotib olyati

Smartfonlar

Bugungi kunga kelib smartfonlar shunchaki aloqa vositasi emas, balki chinakam yordamchi vazifasini o‘tamoqda. Shundan kelib chiqib odamlar mobil qurilmalarni texnik imkoniyatlaridan kelib chiqib sotib ola boshladi. Smartfonning yaxshi operativ xotiraga, sifatli kameraga, ishlash tezligiga ega bo‘lishi muhim omilga aylandi.

2025-yilda jahon bo‘yicha smartfon yetkazib berish ko‘rsatkichlari avvalgi yilga nisbatan 2 foizga oshdi. Bu o‘sish asosan rivojlanayotgan hududlarda xarid faolligining kuchayishi hamda iqtisodiy barqarorlikning tiklanishi bilan izohlanadi. Bunday xulosalar Counterpoint Research tahliliy hisobotida keltirilgan.

Apple

Yilning oxirgi choragida Apple global smartfon bozorida misli ko‘rilmagan natijaga erishib, umumiy savdoning chorak qismini egalladi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, iPhone jo‘natmalari 10 foizga ko‘paydi va kompaniyaning yillik bozor ulushi 20 foizga yetdi.

Apple’ning asosiy yutug‘i yangi bozorlar va nisbatan kichik mamlakatlarda faol ishtirokini kuchaytirgani bilan bog‘liq bo‘ldi. Ayniqsa, 5G texnologiyasiga ega qurilmalarga bo‘lgan ehtiyoj sezilarli darajada oshdi. iPhone 17 taqdim etilganiga qaramay, undan oldingi modellarga bo‘lgan talab Yaponiya, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida saqlanib qoldi. Pandemiya davrida xarid qilingan smartfonlarning eskirishi ham Apple mahsulotlariga qiziqishni kuchaytirgan muhim omillardan biri bo‘ldi.

Samsung

Samsung yilning to‘rtinchi choragida 17 foizlik ulush bilan Apple’dan biroz ortda qolgan bo‘lsa-da, umumiy yil yakunida bozor ulushini 19 foizgacha oshirishga erishdi. Kompaniyaning savdo hajmi asosan hamyonbop Galaxy A turkumidagi modellarning ommabopligi hisobiga ko‘paydi.

Shu bilan birga, Galaxy Fold 7 va Galaxy S25 flagman qurilmalari yuqori narx segmentida yaxshi sotilib, avvalgi avlodlardan ustun natija ko‘rsatdi. Natijada, Samsung yil davomida umumiy yetkazib berish hajmini 5 foizga oshirdi.

Bozorlar kesimidagi holat

O‘tgan yil davomida smartfon bozorida eng tez o‘sish Yaponiya, Yaqin Sharq hamda Afrika mintaqalarida qayd etildi. Shu bilan birga, rivojlangan bozorlarda xarid faolligi ancha sust bo‘lib qoldi.

Xiaomi

Xiaomi jahon smartfon bozorida 13 foizlik ulush bilan uchinchi o‘rinni saqlab qoldi, biroq kompaniya yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshira olmadi. Eng yaxshi natijalar Lotin Amerikasi va Janubi‑Sharqiy Osiyo bozorlarida kuzatildi.

Vivo va Oppo

Vivo kompaniyasi smartfon yetkazib berishni 3 foizga ko‘paytirib, bozorning 8 foizini egalladi va to‘rtinchi pog‘onaga ko‘tarildi. Kompaniyaning o‘sishiga xaridorlarning qimmatroq va texnologik jihatdan rivojlangan modellarga qiziqishi sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Hindistonda Vivo qurilmalariga talab yuqori bo‘ldi.

Oppo esa aksincha, yetkazib berish hajmini 4 foizga qisqartirdi. Shunga qaramay, u 8 foizlik ulush bilan beshinchi o‘rinni saqlab qoldi. Kompaniya Osiyoda raqobatni boy bera boshlagan bo‘lsa-da, Hindiston, Yaqin Sharq va Afrika bozorlarida o‘sishga erishdi. Agar Realme brendi Oppo tarkibida hisobga olinsa, umumiy ulush 11 foizni tashkil etib, to‘rtinchi o‘ringa tenglashadi.

Nothing va Google, prognozlar

Bozor yetakchilari qatoridan tashqarida bo‘lsa-da, Nothing va Google o‘tgan yili eng tez rivojlangan kompaniyalar qatoridan joy oldi. Ularning yetkazib berish hajmi mos ravishda 31 va 25 foizga oshdi.

Mutaxassislarning fikricha, joriy yilda smartfon bozorida murakkab vaziyat yuzaga kelishi mumkin. Xotira komponentlari tanqisligi va ehtiyot qismlar narxining oshishi talabni pasaytiradi. Bu holat sun’iy intellekt texnologiyalarining tez rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, yetkazib beruvchilar resurslarni aynan shu sohaga yo‘naltirmoqda. Yil yakuniga borib, global smartfon jo‘natmalari 2,1 foizga qisqarishi kutilmoqda. Katta kompaniyalar bunday bosimga bardosh bera oladi, biroq Xitoy ishlab chiqaruvchilari uchun bu davr ancha murakkab kechishi mumkin.

Теги :
Jamiyat