$
 11993.53
40.8
 14054.02
32.27
 158.52
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

2026-yilda eng ko‘p sotilayotgan telefon qaysi?

Smartfon

2026-yilning birinchi choragi smartfonlar bozorida haqiqiy burilish nuqtasi bo‘ldi. Counterpoint Research tahlilchilarining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, texnologiya olami giganti Apple o‘zining yangi iPhone 17 modeli bilan global savdo peshvoiga aylandi. Ushbu qurilma jahon bozoridagi umumiy sotuvlarning qariyb 6 foizini o‘z nazoratiga olib, iste’molchilarning mutloq tanloviga aylanganini isbotladi.

Apple’ning “uchlik” g‘alabasi

Joriy yilning ilk uch oyligi Apple uchun misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat keltirdi. Reytingning yuqori pog‘onalarini nafaqat standart iPhone 17, balki uning “katta akalari” — iPhone 17 Pro Max va iPhone 17 Pro modellari ham egalladi. Shunday qilib, kuchli uchlik butunlay Kupertino kompaniyasi bayrog‘i ostida birlashdi.

Umuman olganda, joriy chorakda bozorning eng ommabop 10 ta smartfoni umumiy savdoning chorak qismini, ya’ni 25 foizini tashkil etdi. Mutaxassislar buni birinchi chorak uchun tarixiy rekord ko‘rsatkich deb baholamoqda, bu esa iste’molchilarning tobora ko‘proq sinalgan va top-modellarga intilayotganidan dalolat beradi.

Ommaviy segmentdagi raqobat

Garchi Apple yuqori o‘rinlarni band etgan bo‘lsa-da, Janubiy Koreyaning Samsung korporatsiyasi Top-10 talikda eng ko‘p model bilan ishtirok etgan kompaniya bo‘lib turibdi. Kompaniyaning ayniqsa Galaxy A seriyasi muvaffaqiyatli chiqdi — ushbu turkumdan naqd beshta model reytingga kirdi. Android ekotizimida eng ko‘p sotilgan qurilma sifatida Galaxy A07 4G qayd etilgani Samsung’ning o‘rta va arzon segmentdagi yetakchiligini yana bir bor tasdiqladi.

Xitoyning Xiaomi brendi ham o‘z o‘rnini boy bermadi. Kompaniyaning Redmi A5 modeli reytingning o‘ninchi pog‘onasidan joy olib, ro‘yxatdagi eng hamyonbop smartfon unvoniga sazovor bo‘ldi.

Texnologik ustunlik

Tahlilchilar iPhone 17 seriyasining bunday muvaffaqiyatini qurilmalardagi keskin texnik yangilanishlar bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, Android segmentida biroz murakkab vaziyat kuzatilmoqda: ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar narxi oshishi ishlab chiqaruvchilarni qiyin tanlov oldiga qo‘ymoqda, bu esa arzon modellar narxiga bosimni kuchaytirmoqda. Kelgusida ishlab chiqaruvchilar ko‘proq foyda keltiruvchi premium segmentga e’tibor qaratishi kutilmoqda.

Apple’ning tarixiy marti

Iste’molchilarning iPhone 17’ga bo‘lgan yuqori qiziqishi Apple’ning moliyaviy hisobotlarida ham o‘z aksini topdi. 2026-moliyaviy yilining ikkinchi choragi yakunlariga ko‘ra, kompaniya daromadi o‘tgan yilga nisbatan 17 foizga o‘sib, hayratlanarli 111,2 milliard dollarga yetdi.

Kompaniya tarixidagi eng yaxshi mart ko‘rsatkichlari qayd etilgan ushbu davrda, bir dona aksiya uchun foyda 2,01 dollarni tashkil etdi (o‘sish 22 foiz). Ta’kidlash joizki, Apple o‘z hisob-kitoblarini maxsus 4-4-5 haftalik taqvim asosida yuritadi. Bu yilgi ikkinchi chorak yanvar oyidan 1-aprelga qadar davom etgan bo‘lib, aynan shu davr brend uchun haqiqiy “oltin davr” bo‘lib xizmat qildi.

Теги :
Jamiyat