O‘tgan yili O‘zbekiston 4,2 million dona smartfon import qildi
Kelgusida Oʻzbekiston ichki bozorida mahalliy ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali importga boʻlgan qaramlikni kamaytirish rejalashtirilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Oʻzbekiston 2024-yil davomida xorijdan umumiy qiymati 374,5 million AQSH dollariga teng boʻlgan qariyb 4,2 million dona mobil telefon import qildi. Bu haqda Statistika agentligi dastlabki maʼlumotlarini eʼlon qildi.
Asosiy importchi – Xitoy
Mamlakatga olib kelingan mobil telefonlarning aksariyati Xitoy, Vetnam va Hindiston kabi davlatlardan import qilingan. Xususan, Xitoy Oʻzbekiston bozorida eng yirik yetkazib beruvchi sifatida yetakchilik qilmoqda. 2024-yilda 3,4 million dona telefon Xitoydan import qilingan, bu jami importning katta qismini tashkil etadi.
Qolgan davlatlar ulushi
Vetnamdan 589,4 ming dona telefon, Hindistondan esa 113,6 ming dona telefon mamlakatga keltirilgan. Shuningdek, Gonkongdan 46,1 ming dona, boshqa davlatlardan esa 5,4 ming dona telefon olib kirilgan. Ushbu koʻrsatkichlar Oʻzbekiston bozorida smartfon va mobil aloqa vositalariga boʻlgan yuqori talabni aks ettiradi.

Mobil texnologiyaga ehtiyoj oshib bormoqda
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mamlakatda mobil texnologiyalarga boʻlgan ehtiyoj yil sayin oshib boryapti. Internet va raqamli xizmatlarning kengayishi, zamonaviy smartfonlarning hayotning ajralmas qismiga aylanishi, shuningdek, raqamli iqtisodiyotga oʻtish jarayoni mobil qurilmalarga boʻlgan talabni sezilarli darajada oshirgan.
Mahalliy ishlab chiqarish import hajmini kamaytirishi mumkin
Mamlakat bozoriga kirib kelgan aksariyat smartfonlar “Samsung”, “Apple”, “Redmi” kabi kompaniyalarga tegishli. Kelgusida Oʻzbekiston ichki bozorida mahalliy ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali importga boʻlgan qaramlikni kamaytirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, dunyodagi yetakchi smartfon ishlab chiqaruvchilari Oʻzbekiston bozorini jadal rivojlanayotgan hududlardan biri sifatida koʻrib chiqmoqda. Bu esa kelajakda turli xil ishlab chiqaruvchilarning Oʻzbekiston bozoriga yanada faol kirib kelishiga zamin yaratishi mumkin.
2023-yilda 3,4 mln. dona telefon import qilingan
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 2023-yilda xorijdan qiymati 240,1 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan 3,4 mln. dona mobil telefon import qilingan. Bundan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekistonga import hajmi bir yilda 800 mingga oshgan. Mobil telefonlar importi 2022-yil bilan solishtirilganda 476 mingtaga oshgan.
O‘zbekiston 2023-yil mobaynida mobil telefonlarni eng ko‘p import qilgan davlatlar:
— Xitoy – 3,1 mln. dona
— Vyetnam – 276,8 ming dona
— Hindiston – 37,2 ming dona
— BAA – 7,8 ming dona



