Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 90 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +10°

Aqlli soatlar tarkibidagi kimyovoy moddalar saraton xavfini oshirishi aniqlandi

Samsung, Apple, Google va boshqa mashhur brendlarning aqlli soatlari tasmasida sog‘liqqa xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan “abadiy ximikatlar” mavjudligini aniqlash uchun tadqiqotlar o‘tkazildi.

2 daqiqa o‘qiladi

Aqlli soatlar tarkibidagi kimyovoy moddalar saraton xavfini oshirishi aniqlandi

AQShning Notr-Dam universiteti tadqiqotchilari bir qator mashhur brendlarning aqlli soatlari tasmasida ko‘p miqdorda perftoralkil va poliftoralkil birikmalari (PFAS) borligini aniqladi. “Abadiy ximikatlar” deb nomlangan ushbu moddalar parchalanishga qiyinligi sababli sog‘liqni saqlash va ekologiya sohasidagi mutaxassislarda xavotir uyg‘otmoqda.

Tadqiqot natijalari nimani ko‘rsatdi?

Doktor Grem F. Pisli rahbarligidagi tadqiqot guruhi Apple, Google, FitBit, Samsung va boshqa brendlarning turli narxdagi 22 ta soati tasmasini tekshirdi. Natijada, ftorelastomerdan tayyorlangan tasmalarda perftorgeksan kislotasining (PFHhA) miqdori sezilarli darajada yuqori ekani aniqlandi. E’tiborlisi shundaki, ushbu namunalardagi PFHhA konsentratsiyasi odatdagi iste’mol tovarlarida (kiyimlar bo‘yog‘i, oziq-ovqat qadoqlari, soyabonlar, kosmetika, yong‘inga chidamli idishlar, shampunlar va hokazo) kuzatiladigan darajadan ancha yuqori ekani ma’lum bo‘ldi.

Sog‘liqqa ta’siri qanday?

Tasmasida PFAS miqdori yuqori bo‘lgan ko‘pchilik aqlli soatlarning sport va fitnes mashg‘ulotlari uchun mo‘ljallangani alohida tashvish uyg‘otmoqda. Ulardan jismoniy mashqlar paytida faol foydalaniladi, bu esa PFAS soat egasining terisi orqali organizmga tushishi xavfini oshirishi mumkin.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, PFAS’ning inson organizmiga ta’siri sog‘liqqa bir qator salbiy oqibatlar keltirib chiqaradi. Bularga onkologik kasalliklar xavfining ortishi, endokrin tizimi buzilishlari, immunitetning zaiflashuvi va bolalarda rivojlanish kechikishi kabilar kiradi. 

Bu moddalar teri orqali qanday ta’sir qilishini aniqlash lozim bo‘ladi

Biroq “abadiy ximikatlar”ning teri orqali ta’sir qilish mexanizmlari hali to‘liq o‘rganilmagan bo‘lib, bu yo‘nalishda qo‘shimcha tadqiqotlar zarur.

Yetakchi elektronika ishlab chiqaruvchilari ftorelastomerlardan yasalgan tasmalarga e’tibor qaratmoqda, ular uzoq muddat xizmat qiladi, tashqi ta’sirlarga ham chidamli. Ilmiy hamjamiyat ushbu materiallarni taqiladigan qurilmalarda qo‘llash bilan bog‘liq potensial xavflarni chuqurroq o‘rganishga chaqirmoqda.