$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Instagram va YouTube tuzog‘i: Meta va Google bolalar ruhiyatini ataylab zaharlashda aybdor deb topildi

Instagram

Raqamli gigantlarning inson psixologiyasini manipulyatsiya qilishga asoslangan biznes modellari qonun oldida jiddiy zarbaga uchradi. Los-Anjelesda bo‘lib o‘tgan shov-shuvli sud jarayonida hakamlar hay’ati Meta va Google kompaniyalarini voyaga yetmagan foydalanuvchilarning ruhiy salomatligiga qasddan zarar yetkazishda aybdor deb topdi. Da’voga ko‘ra, bugungi kunda 20 yoshga to‘lgan jabrlanuvchi qiz bolalikdan ijtimoiy tarmoqlarning “tuzog‘iga” tushib qolgan va buning oqibatida uning ruhiyati jiddiy shikastlangan.

“Cheksiz skroll”

Sud materiallariga ko‘ra, jabrlanuvchi hali 6 yoshida YouTube video xostingidan, 9 yoshida esa Instagram tarmog‘idan foydalanishni boshlagan. Eng achinarlisi, ushbu platformalarning birortasida yoshga doir cheklovlar yoki filtrlar ish bermagan. Tarmoq ichidagi virtual dunyoga sho‘ng‘igan qizaloq bor-yo‘g‘i 10 yoshidayoq real hayotdan uzilib, og‘ir depressiya va doimiy xavotir hissi bilan yuzma-yuz kelgan. Keyinchalik unda o‘z tashqi ko‘rinishidan qoniqmaslik va undan haddan tashqari qo‘rqish bilan tavsiflanuvchi jiddiy psixologik kasallik — dismorfofobiya rivojlangan. Huquqshunoslar buni Instagram’ning sun’iy go‘zallik yaratuvchi filtrlari hamda foydalanuvchini ekranga mixlab qo‘yuvchi “cheksiz skroll” (tasvirlarni to‘xtovsiz aylantirish) funksiyalari bilan bevosita bog‘lamoqda.

Millionlab dollarlik jazo va kompaniyalar masuliyati

Sud hay’ati Meta va Google tomonidan foydalanuvchilarni qaram qilib qo‘yuvchi mexanizmlar ataylab ishlab chiqilgan degan xulosaga keldi va jabrlanuvchining foydasiga jami 6 million dollar miqdorida mablag‘ undirish haqida qaror chiqardi. Ushbu summaning teng yarmi, ya’ni 3 million dollari yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash uchun berilsa, qolgan 3 million dollari platformalarni tartibga chaqirish maqsadida qo‘llanilgan jarima (punitiv) to‘lovidir. Moliyaviy yuklamaning asosiy qismi — 70 foizi Instagram va Facebook egasi Meta zimmasiga yuklatilgan bo‘lsa, qolgan 30 foizini Google to‘laydigan bo‘ldi.

Tabiiyki, Kremniy vodiysi gigantlari bu ayblovlarni tan olgani yo‘q va sud hukmi ustidan apellyatsiya kiritishlarini e’lon qilishdi. Meta vakillari o‘smirlarning ruhiy salomatligi o‘ta chigal masala ekanini ta’kidlab, aybni faqat ijtimoiy tarmoqlarga ag‘darish noto‘g‘ri ekanini aytmoqda. Google esa o‘z navbatida YouTube’ni ijtimoiy tarmoq emas, balki qat’iy qoidalar asosida ishlaydigan xavfsiz video platforma deb hisoblaydi.

Raqamli dunyo uchun “burilish nuqtasi”

Mutaxassislarning fikricha, Kaliforniyadagi ushbu hukm texnologiya olami va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarda tub burilish yasashi mumkin. Qizig‘i shundaki, Los-Anjelesdagi qaror e’lon qilinishidan bir kun avval Nyu-Meksiko shtati sudi ham Meta kompaniyasini bolalarni shubhali shaxslar va xavfli kontentlar bilan to‘qnashtirishda aybdor deb topgan edi.

Ushbu ketma-ket sud qarorlari AQSh arxivlarida turgan yuzlab shunga o‘xshash da’vo arizalari uchun pretsedent, ya’ni huquqiy namuna bo‘lib xizmat qiladi. Bolalarga yetkazilgan zararlar yuzasidan Meta va boshqa yirik IT-platformalarga qarshi navbatdagi keng ko‘lamli sud jarayonlari joriy yilning iyun oyida Kaliforniyada davom ettirilishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat