$
 12141.38
15.28
 14313.47
141.7
 160.26
1.15
weather
+26
Кечаси   +14°

Javohir Sindarov muddatidan oldin g‘olib bo‘ldi: Endi u toj uchun kurashadi

Sindarov Foto: Financial Times

Kiprning Nikosiya shahrida o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha 2026-yilgi Nomzodlar turniri o‘z yakuniga yetmoqda. Musobaqa tugashiga bir tur qolganda o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov muddatidan oldin turnir g‘olibligini rasmiylashtirdi va amaldagi jahon chempioni bilan dona surish huquqiga ega bo‘ldi.

Hal qiluvchi bahs va rekord natija

Turnirning 13-turida 20 yoshli Sindarov niderlandiyalik tajribali raqib Anish Giri bilan qora donalarda bahs olib bordi. Keskin kechgan o‘yin murakkab ruxlar endshpiliga o‘tgach, tomonlar durangga kelishdi. Ushbu natija Sindarovga 13 imkoniyatdan 9,5 ochko jamg‘arish imkonini berdi.

Ayni vaqtda hamyurtimiz va unga eng yaqin ta’qibchilar orasidagi farq 2 ochkoni tashkil etmoqda. Bu esa so‘nggi 14-turning natijasidan qat’i nazar, Sindarovning yetakchiligini saqlab qolishini kafolatlaydi. Shu tariqa, u 2022-yilda Yan Nepomnyashiy tomonidan o‘rnatilgan ochkolar rekordini takrorladi.

Shuningdek, Sindarov turnir davomida 6 ta g‘alabaga erishib, 2013-yildan buyon amal qilib kelayotgan zamonaviy formatdagi mutlaq rekordni yangiladi. Bungacha Magnus Karlsen va Fabiano Karuana kabi dunyo yetakchilari bir turnirda ko‘pi bilan 5 ta g‘alaba qayd etgan edi.

O‘zbekiston shaxmatidagi tarixiy burilish

Javohir Sindarovning ushbu muvaffaqiyati O‘zbekiston shaxmati tarixida yangi sahifa ochdi. U mamlakat tarixida hozirgi formatdagi Nomzodlar turnirida g‘alaba qozongan ilk shaxmatchiga aylandi. Bungacha 2004-yilda Rustam Qosimjonov jahon chempioni unvonini qo‘lga kiritgan bo‘lsa-da, u paytda saralash tizimi boshqacha tartibda (nokaut tizimi) tashkil etilgan.

Endi Sindarov 2026-yilning yakunida shaxmat toji uchun amaldagi chempion, hindistonlik Dommaraju Gukeshga qarshi dona suradi. Mazkur tarixiy uchrashuvning aniq sanasi va manzili FIDE tomonidan keyinroq e’lon qilinishi belgilangan.

Turnir tafsilotlari va mukofot jamg‘armasi

29-mart kuni start olgan mazkur nufuzli musobaqada sayyoramizning sakkiz nafar eng kuchli grossmeysteri ishtirok etmoqda. Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 700 ming yevroni tashkil etadi.

Hozirgi ko‘rsatkichlariga ko‘ra, Javohir Sindarov turnir g‘olibi sifatida 70 ming yevro va qo‘lga kiritilgan har yarim ochko uchun belgilangan bonuslar hisobiga jami 95 ming yevro miqdoridagi pul mukofotiga ega chiqdi. Eslatib o‘tamiz, Sindarov o‘tgan yili 19 yoshida Jahon kubogining eng yosh sohibi sifatida ham tarixda qolgan edi.

Теги :
Jamiyat