Jahongir Otajonov Munisa Rizayeva va Ozoda Nursaidovani bilimsizlik hamda vijdonsizlikda aybladi
O’zbek estradasi yulduzlaridan biri Jahongir Otajonov YouTube platformasida faoliyat olib boruvchi manbalarning biriga bergan intervyusida hozirgi kundagi o’zbek zamonaviy musiqasidagi trendlar haqida gapirdi.
2 daqiqa o‘qiladi

O’zbek estradasi yulduzlaridan biri Jahongir Otajonov YouTube platformasida faoliyat olib boruvchi manbalarning biriga bergan intervyusida hozirgi kundagi o’zbek zamonaviy musiqasidagi trendlar haqida gapirdi.
"Odamda vijdon bo’lishi kerak-da!"
Dastlab, san’atkor “Artist” loyihasidagi hakamlik bilan bog’liq e’tirozlarini ma’lum qiladi. Unga ko’ra, “Artist” loyihasi davomida samarqandlik ishtirokchi vatan mavzusidagi qo’shiq bilan sahnaga chiqadi, qo’shiq yakunlanganidan keyin esa Munisa Rizayeva va Ozoda Nursaidova ushbu ishtirokchini so’roqqa tutishgan. Shundan so’ng yosh ishtirokchi bosim natijasida asli bu qo’shiqni tayyorlamaganini ma’lum qiladi. Bu vaziyatga nisbatan Otajonov “qaysi etika bilan bu bolani savol-javob qilyapti? Odamda vijdon bo’lishi kerak-da! Odam chiqib ketyapti, normal ashula aytyapti. Kimga-kimga ularga emas-da, uni so’roq qilish. Chunki men ularning ikkisini ham musiqiy bilimlarini juda yaxshi bilaman. Men yomonlamoqchimasman. Balki, xafa bo’lishar?! O’z(lar)i biladi, bu shaxsiy ish(lar)i. Lekin qaysi bilim bilan, qaysi kitobga asoslanib?”, deya munosabat bildiradi.
"Oynaga qarab, o’zingga men o’zi qo’shiq ayta olamanmi deb savol bersang, o’zing turib, yo’q deydi-da!"
Shuningdek, u bu holat televideniyaning aybi ekanligini ta’kidlarkan, o’ziga nisbatan TVdan bo’lgan chaqiruvlarga rad javobi berishini aytib o’tgan. Xonanda hakamlik uchun konservatoriyada yetarlicha nomzodlar borligini aytib, pop janridan qolganiga o’ta olmaydigan odamlar chiqib kelayotgan yosh ijodkorlarga hakamlik qilayotganini qoralagan. “O’zing, sen o’zingga savol ber. Oynaga qarab, o’zingga men o’zi qo’shiq ayta olamanmi deb savol bersang, o’zing turib, yo’q deydi-da! To'g’ri, o’zi eshitadi, lekin birov eshitmaydi”, - deydi xonanda.
Xonanda bu gaplari orqali O’zbekistonda qo’shiq kuylay oladigan odam yo’q demoqchi emasligini, shunchaki, hozirgi kunda ommalashgan san’at o’zbek estradasini yo’qlikka olib ketayotganini tushuntirishga uringan.



