$
 12707.95
57.69
 14099.47
115.87
 140.95
-1.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda mushtumzoʻr bemor va uning oʻrtoqlari 2 shifokorni kaltakladi

Kaltaklangan shifokorlar

Xalqimiz tibbiyot xodimlarining mehnati doimo qadrlanadi. Biroq, afsuski, jamiyatimizda ushbu fidoyi kasb egalariga nisbatan tez-tez kuch ishlatish holatlari sodir boʻlmoqda. Bu esa har qanday sogʻlom fikrli insonning gʻazabini qoʻzgʻashi aniq.

Aslida nima boʻlgan?

Ma'lum boʻlishicha, joriy yil 27-iyul kuni soat taxminan 07:20 larda poytaxtimizdagi 1-son shahar klinik shifoxonasi qabul boʻlimiga Sergeli tumani, Xonobod 4-tor koʻchasida istiqomat qiluvchi 1997-yilda tugʻilgan fuqaro B.I. ikki nafar oʻrtogʻi — 1997-yilda tugʻilgan P.I. va S.B.lar hamrohligida olib kelingan.

Bemor zudlik bilan navbatchi travmatolog-shifokor A.A. tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.

Tashxis

Dastlabki tekshiruv davomida unga “Ikkala qoʻl-bilak sohalari, koʻkrak qafasi va qorin oldi devorining koʻplab kesilgan jarohatlari. Gemorragik shok 2-3-daraja“ tashxisi qoʻyilgan.

Bemorning holati ogʻir, shok holatida deya baholanib, zudlik bilan qon toʻxtatish va shokka qarshi birinchi tibbiy yordam koʻrsatilgan hamda qoʻshma shikastlanishlar shoshilinch boʻlimining mikroxirurgiya oʻrniga gospitalizatsiya qilingan.

Bemor shifokorga "rahmat aytdi"

Soat 07:40 da tanadagi koʻplab kesilgan jarohatlar inobatga olinib, u darhol xirurgik amaliyot oʻtkazish maqsadida mikroxirurgiya operatsiya xonasiga olib kirilgan.

Xirurgik amaliyotga tayyorlash vaqtida bemor shifokor-mikroxirurg M.X.ga jiddiy qarshilik koʻrsata boshlagan va tibbiyot xodimiga tarsaki tushirib, uni haqorat qilgan.

Shuningdek, B.I.ni tinchlantirishga urinishlar samara bermagach, u operatsion stoldan tushib, shifokorni qattiq doʻpposlay boshlagan.

Navbatchi xirurg ham doʻpposlangan

Shundan keyin shifokor M.X. ichki ishlar organlarining "102" telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilib, yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan navbatchi qismga ma'lumot bergan.

Soʻng, shifokor M.X. mushtumzoʻr bemorning oʻrtoqlari — P.I. va S.B.lar tomonidan ham kaltaklangan. Shu vaqtda shoshilinch xirurgiya boʻlimining navbatchi shifokori H.U. bemorga xirurgik amaliyotni bajarish uchun operatsion blokka kelgan. Mushtumzoʻr oʻrtoqlar bu tibbiyot xodimini ham ayovsiz doʻpposlab, unga jiddiy tan jarohati yetkazgan.

Reanimatsiya boʻlimiga yotqizilgan shifokor

Oqibatda shifokor hushidan ketib, karaxtlik-koma holatiga tushgan va zudlik bilan reanimatsiya boʻlimiga yotqizilgan.

Oʻtkazilgan dastlabki tibbiy tekshiruvlar davomida jabrlanuvchi shifokorga “Bosh-miya yopiq jarohati. Bosh miya lat yeyishi oʻrta darajasi. 3-bel umurtqasi chap yon qanotining yopiq sinishi. Bosh peshona qismi terisining shilingan jarohati.Oʻng tomonlama lab burchagining yorilishi” tashxisi qoʻyilib, shoshilinch reanimatsion chora-tadbirlar koʻrilgan.

Oʻtkazilgan davo muolajalari natijasida bugun soat 10:30 da bemorning holati biroz ijobiy tomonga oʻzgarib, hushiga kelgan va shok holatidan chiqarilgan. Ammo unda hali ham karaxtlik mavjud. Shu bois davo muolajalari jonlantirish boʻlimida davom ettirilmoqda.

2-shifokorning ahvoli qanday?

Ikkinchi shifokor M.X.ning holati hozir nisbatan qoniqarli, lekin olgan bosh miya jarohati va ruhiy holati keskin yomonlashgani inobatga olinib, shifoxonaning qoʻshma jarohatlar boʻlimi travmatologiya qismiga gospitalizatsiya qilingan va kerakli tibbiy muolajalar koʻrsatilyapti.

Holat nazoratga olindi

Ayni paytda mazkur holat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Shuningdek, ushbu holat boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Теги :
Жамият