$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Keyingi manzil Toshkent: Prezident shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi

Shaxmat

Vengriya poytaxti Budapesht shahri mezbonlik qilgan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi yakunlandi. Keyingi manzil Toshkent.

Musobaqa yakunlari

Budapesht shahri mezbonlik qilgan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi yakunlandi. Dunyoning 189 davlati qatnashgan musobaqada 11 uchrashuvdan 10 g‘alaba va 1 ta durang qayd etgan Hindiston terma jamoasi Shaxmat Olimpiadasi chempionligini qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, hindistonlik grossmeysterlarni faqatgina bundan avvalgi Olimpiada chempioni bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi to‘xtatib qololdi. Olimpiadaning kumush medallari AQSH, bronza medallari esa O‘zbekiston terma jamoasiga nasib etdi. Ayollar o‘rtasidagi musobaqada ham Hindiston terma jamoasi chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi. Hindlar Butunjahon shaxmat Olimpiadasida oltin dubl qayd etishdi. Qozog‘iston terma jamoasi kumush, tarkibida Gulruhbegim Tohirjonova bo‘lgan AQSH shaxmatchi qizlari bronza medali bilan taqdirlanishdi.

Prezident tabrigi

Davlat rahbari 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida sovrindor bo‘lgan shaxmatchilarga tabrik yo‘lladi

G‘oyat keskin va murosasiz musobaqalarda sizlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda va matonat fazilatlarini namoyon etib, Xitoy, Serbiya, Armaniston, Germaniya, Ozarbayjon, Sloveniya, Ispaniya kabi manaman degan davlatlarning jamoalarini ortda qoldirganingiz ulkan tahsin va tasannolarga sazovordir. Sizlarning timsolingizda Yangi O‘zbekiston yoshlari mana shunday aql va tafakkur bellashuvlarida qanday baland marralarni egallashga qodir ekanini ko‘rib, qalblarimiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘lmoqda. Ushbu musobaqada yuksak intellektual salohiyatini namoyish etgan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov kabi o‘g‘lonlarimiz erishgan natijalar biz uchun juda qadrlidir. Ayniqsa, taxtalar kesimida Shamsiddin Vohidov oltin medalni, Nodirbek Abdusattorov kumush medalni qo‘lga kiritib, naqadar katta mahorat egasi ekanlarini yana bir bor isbotlaganlarini alohida ta’kidlash lozim.
Mard va jasur o‘g‘lonlarimiz qatorida Afro‘za Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonova singari azmu shijoatli shaxmatchi qizlarimiz ham musobaqalarda munosib ishtirok etib, bor kuch-g‘ayrati va mahorati bilan Vatanimiz sharafini himoya qildilar.
Ular o‘tgan olimpiadada ko‘rsatgan natijalarini yaxshilab, 170 mamlakat o‘rtasida 12-o‘rinni egallaganlari albatta e’tiborga molikdir. Matonatli qizimiz Nodira Nodirjonova taxtalar kesimida faxrli 2-o‘rinni egallab, kumush medal bilan taqdirlangani ayniqsa quvonchlidir. Ularning barchasini samimiy qutlab, kelgusi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni zabt etishlarini tilayman. Sizlarga jonajon O‘zbekistonimiz 2026-yilda ilk bor mezbonlik qiladigan navbatdagi jahon shaxmat olimpiadasida ham eng yuksak cho‘qqilarni zabt etish nasib etsin!“, — deydi prezident.