$
 11934.64
-14.39
 13896.69
-25.12
 164.14
-2.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Karlsen va Anandga qarshi o‘zbek klubi: Shaxmatimizda tarixni o‘zgartiradigan yarim millionlik yurish

Sky Chess Team

So‘nggi yillarda o‘zbek shaxmat maktabi vakillari xalqaro miqyosda qator tarixiy g‘alabalarni qo‘lga kiritib, mamlakatni jahonning yetakchi intellektual davlatlaridan biriga aylantirishga ulgurdi. Biroq shu paytga qadar mahalliy grossmeysterlar yirik klublar darajasidagi musobaqalarda asosan xorijiy jamoalar tarkibida yoki terma jamoa sifatida dona surib kelayotgan edi. Endilikda ushbu an’anaga chek qo‘yilmoqda. Mamlakat tarixida ilk bor xususiy xalqaro shaxmat klubi tashkil etilib, u mustaqil jamoa sifatida professional dunyo arenasiga chiqish arafasida turibdi.

“Uzbekistan” va “Sky Chess Team”

Joriy yilning 16–22-iyun kunlari Hongkong mezbonlik qiladigan nufuzli “FIDE World Team Rapid & Blitz Chess Championships 2026” turnirida O‘zbekiston sharafini ikki jamoa — “Uzbekistan” va “Sky Chess Team” himoya qiladi. Umumiy mukofot jamg‘armasi 500 ming yevroni tashkil etuvchi mazkur global musobaqada o‘zbek jamoalari Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Alirizo Firuzja va Vishvanatan Anand kabi shaxmat afsonalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobat olib boradi. Bu qadam mamlakatda intellektual sport infratuzilmasi nafaqat davlat darajasida, balki xususiy sektor ko‘magida ham yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.

Tarkiblar

“Uzbekistan” jamoasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyoga mashhur grossmeysterlarimizdan tuzilgan bo‘lib, tarkibda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidovlar bor. Ularga o‘zbek shaxmati afsonasi Rustam Qosimjonov sardorlik qilmoqda.

“Sky Chess” loyihasi esa o‘zining tuzilishi jihatidan jahonga mashhur “WR Chess” yoki “Team Liquid” kabi professional klublar andozasiga yaqin yondashuvni tanlagan. Jamoa tarkibi xalqaro darajada shakllantirilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston, Armaniston va AQSh intellektual maktabi vakillari birlashgan. Ushbu model sport diplomatiyasining yorqin namunasi bo‘lib, o‘zbek va arman shaxmatchilarining bir safda dona surishi millatlararo o‘zaro madaniy hamda intellektual ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Jamoaning legionerlar tarkibidan AQSh vakili, xalqaro medianing e’tiborida turgan grossmeyster Endryu Hong joy olgan. Shuningdek, armanistonlik tajribali shaxmatchilar — Yevropa jamoaviy birinchiliklari ishtirokchisi Shant Sargsyan hamda yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlari sovrindori, xalqaro turnirlar g‘olibi Aram Xakobyan ham klub safida dona suradi. Tarkibning xalqaro darajada integratsiyalashuvi o‘zbek shaxmat klubining global ekotizimda o‘z o‘rniga ega bo‘lish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

O‘zbekiston tarixidagi 31-grossmeyster tarkibda

Klubning asosiy o‘zagini mahalliy iqtidorlar, xususan, o‘zbek shaxmatining yangi to‘lqin vakillari tashkil etadi. Ular orasida eng ko‘p diqqatga sazovor bo‘lgan ism — 16 yoshli Muhammadzohid Suyarovdir. U O‘zbekiston tarixidagi 31-grossmeyster sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, tezkor shaxmat bo‘yicha 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida amaldagi jahon chempioni hisoblanadi. Gonkong turniri yosh shaxmatchi faoliyatidagi eng jiddiy xalqaro sinov bo‘lishi kutilmoqda.

Jamoa malikalari opa-singil Tohirjonovalar

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) reglamenti talablariga muvofiq, “Sky Chess Team” gender muvozanatini ta’minlash maqsadida ayollar shaxmati vakillari ham jalb etilgan. Jamoa tarkibidan o‘zbek ayollar shaxmatining eng tajribali vakillari — opa-singillar Hulkar va Gulruxbegim Tohirjonovalar joy olgan. Ma’lumot o‘rnida, jahon va osiyo chempioni bo‘lgan Gulruxbegim Tohirjonova o‘z faoliyati davomida Butunjahon shaxmat olimpiadasining bronza medaliga ham sazovor bo‘lgan.

Jamoa yolg‘iz emas

“Eight Media Maker” agentligi hamda “iHamkor” platformasi jamoani qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy homiylar hisoblanadi. Shuningdek, “Eman Group” kompaniyasi ham jamoaga homiylik qilmoqda. Mamlakatimizda professional shaxmat tizimini har tomonlama yuksaltirishda xususiy sektor vakillarining bu kabi tashabbuslarda qatnashishi nihoyatda qadrli ekani klub mutasaddilari tomonidan alohida qayd etildi.

iHamkor haqida

Tadbirkorlik subyektlari uchun mo‘ljallangan “iHamkor” raqamli tizimi bozor holati, kontragentlar va korxonalar to‘g‘risidagi eng ishonchli ma’lumotlarni onlayn rejimda yetkazib beruvchi ko‘p funksiyali loyihadir. Mazkur tizim yordamida biznes egalari o‘z hamkorlarini tekshirishlari, turli tarmoqlarni tahlil qilishlari hamda yuridik va moliyaviy tavakkalchiliklarning oldini olgan holda to‘g‘ri boshqaruv qarorlariga kelishlari mumkin. O‘zbekistonda sog‘lom raqobat va shaffoflikka asoslangan biznes muhitini shakllantirishni ko‘zlagan ushbu platforma davlat va xususiy sektor sherikligi doirasida yo‘lga qo‘yilgan.

“Shaxmat — bu eng aqlli inson emas, balki hisob-kitob, kombinatsiyalar va tajribaga tayanib, to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar sharoitida eng to‘g‘ri qarorlarni qabul qila oladigan inson g‘alaba qozonadigan sport turi. Biz iHamkor’da, aslida, biznes uchun xuddi shunday vositani yaratyapmiz — qarorlar tavakkaliga emas, balki anglangan holda qabul qilinishi uchun kontragentlar, bozor va raqobatchilar haqida ma’lumotlar taqdim etamiz. Shu bois, men anchadan beri taniydigan va qo‘llab-quvvatlaydigan “Sky Chess” jamoasi O‘zbekiston tarixida ilk bor FIDE World Team (Jamoaviy jahon chempionati)ga yo‘l olayotganda, bu loyihada ishtirok etishim — umumiy tariximizning tabiiy davomidir.O‘zbekistonda intellektual sport turlarining rivojlanishi juda uzoq vaqt davomida faqat davlat zimmasida bo‘lib keldi. “Sky Chess” — bu xususiy akademiya o‘z zimmasiga FIDE World Team darajasidagi jamoani olib chiqish mas’uliyatini olgan birinchi holatdir. Men bunday modellar yanada ko‘payishi kerak deb hisoblayman — va nafaqat shaxmatda. Shuning uchun ham iHamkor ushbu loyiha bilan birga”, – dedi iHamkor asoschi Askarjon Ismailov.

Eight Media Maker haqida

O‘zbekiston media makonida 2020-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Eight Media Maker” kreativ agentligi brendlarni ommalashtirish va keng qamrovli kommunikativ loyihalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Agentlik o‘z ishida PR, brending, ijtimoiy tarmoqlarda yirik axborot kampaniyalarini tashkil etish hamda yirik tadbirlarni tashkil etish yo‘nalishlarini o‘zaro uyg‘unlashtiradi. Kompaniya shu vaqtgacha yurtimizdagi yetakchi OAVlar, yirik tijorat tashkilotlari hamda davlat idoralari bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalarni muvaffaqiyatli yakunlagan.

Теги :
Jamiyat