$
 12749.75
7.99
 14142.02
106.97
 140.25
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

JSST: Shakarning kunlik me'yorini 25-30 grammdan oshirmaslik lozim

shakar

Shakar – organizm uchun energiya manbai boʻlishiga qaramay, uni me'yordan ortiq iste'mol qilish salomatlikka jiddiy zarar yetkazadi. U nafaqat jismoniy sogʻlik, balki insonning umumiy hayot sifatiga ham salbiy ta'sir etishi mumkin.

 Shu bois, JSST tavsiyasiga koʻra, shakarning kunlik me'yorini 25-30 grammdan oshirmaslik (shirinlik va boshqa ozuqa mahsulotlari tarkibidagi ham hisobga olingan) lozim.

Quyida uning salomatlikka xavflari xususida aytib oʻtamiz.

Ortiqcha vazn va semizlik

Shakar kaloriyaga boy, lekin unda ozuqa moddalari kam. U koʻp iste'mol qilinganda kerakli energiyadan ziyod kaloriya hosil qiladi. Bu esa vaqt oʻtishi bilan ortiqcha vazn, qandli diabet, yurak-qon tomir va boshqa jiddiy xastaliklarga sabab boʻlishi mumkin.

Qonda qand miqdorining ortishi

Ushbu mahsulotni koʻp iste'mol qilish qonda qand miqdorini oshiradi. Oqibatda organizmda insulin gormoni faol ishlab chiqariladi. Agar qonda shakar darajasi tez-tez va keskin oʻzgarib tursa, insulinga nisbatan sezuvchanlik kamayib, 2-tur diabet rivojlanish xavfi ortadi.

Yurak-qon tomir tizimiga ta'siri

Shakar me'yordan ziyod iste'mol qilinganda trigliseridlar darajasi oshadi. Bu holat ateroskleroz, yurak xurujlari va insult xavfini paydo qilishi mumkin.

Tishlar salomatligi

 Shakar – kariyes va boshqa tish kasalliklarining eng asosiy sabablaridan biri. U ogʻizdagi bakteriyalar tomonidan fermentasiya qilinishi tufayli kislotalar hosil boʻladi. Ular esa tishlar emalining yemirilishiga olib keladi.

 Teri salomatligiga ta'siri

Ortiqcha shakar iste'moli terida turli muammolarni paydo qiladi. Bu, asosan, uning qondagi insulin darajasini oshirishi va organizmda yalligʻlanish jarayonlarini kuchaytirishi bilan bogʻliq.

Ruhiy salomatlik

Ushbu mahsulot tananing energiya darajasini keskin oʻzgartirib yuboradi. Shakar iste'mol qilinganidan soʻng paydo boʻlgan energiya koʻtarilishi keyinchalik keskin tushib ketadi. Oqibatda odamda charchoq, kayfiyatning oʻzgarishi va stress darajasining oshishi kuzatiladi.

Shu bois uning iste'molini nazorat qilish juda muhim. Balanslangan parhez va shakar miqdorini kamaytirish orqali nafaqat salomatlikni yaxshilash, balki energiya darajasini ham saqlash mumkin. 

Shakardan vos kechishning foydali tomonlari

Agar siz uni cheklasangiz, birinchi kundanoq, ovqat hazm qilish va ichak faoliyati yaxshilanadi. Asab tizimi barqarorlashadi.

Bir haftadan soʻng terining holati tiniqlashadi, uyqu bilan bogʻliq muammolar asta-sekin ortda qoladi. Qonda qand miqdori me'yorlashib, metabolizm yaxshilanadi. Xotiraning jamlash xususiyati kuchayadi. Agar shu vaqt ichida tana shakar talab qilsa, turli mevalar, asal iste'mol qilish mumkin.

 Shakardan voz kechilgandan bir oy oʻtib, tana ortiqcha vazndan xalos boʻladi. Unga tobelik sezilarli darajada kamayadi. Organizmda gormonlar miqdori barqarorlashib, immunitet yaxshilanadi. Tanada yalligʻlanishlar pasayib, husnbuzarlar yoʻqoladi. Yuqori qon bosimi me'yorlashadi.

Bir yildan keyin esa qandli diabet, Alsgeymer kasalligi, semirish, yurak etishmovchiligi, xotira va nutq buzilishi hamda oʻlim xavfi sezilarli darajada kamayadi. Inson oʻrganib qolish hissidan butkul xalos boʻlib, tarkibida shakar boʻlgan har qanday eguliklar oʻz-oʻzidan rad etiladi.