$
 11936.89
-51.43
 13769.20
-53.33
 151.56
-0.46
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi har bir odam o‘z shajarasini onlayn bilib olishi mumkin

Shajara

O‘zbekistonda fuqarolarga oilaviy shajaralari haqida ma’lumotlarni onlayn tarzda taqdim etishga mo‘ljallangan “Shajara” axborot tizimi 2026-yil 1-sentabrdan ishga tushiriladi. Bu prezidentning 24-noyabr kuni imzolangan farmonida belgilangan.

DNK orqali etnik kelib chiqishni aniqlash

“Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi ushbu farmonga muvofiq, “Shajara” axborot tizimi orqali quyidagi xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi:

  • “FHDYning yagona elektron arxivi” tizimida mavjud dastlabki ma’lumotlar, davlat va idoraviy arxivlarda saqlanayotgan hujjatlar asosida oila shajarasi bo‘yicha ma’lumotlarni shakllantirish;
  • Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi DNK ma’lumotlari orqali fuqaroning etnik kelib chiqishini aniqlash.

Shajarani qaysi davrgacha ko‘rish mumkin

Oila shajarasini shakllantirish bo‘yicha xizmatlar davlat xizmatlari markazlari hamda My.gov.uz platformasi orqali quyidagi tarixiy davrlar kesimida taqdim etiladi:

  • IX asrdan 1917-yilgacha;
  • 1918–1945-yillar;
  • 1946-yildan hozirgi kungacha.

Milliy arxiv fondining kamida 60 foizi raqamlashtiriladi

Farmonda arxiv sohasini 2030-yilgacha to‘liq raqamlashtirish va samarali boshqaruv tizimini yaratish bo‘yicha asosiy maqsadlar ham ko‘rsatib o‘tilgan:

  • Milliy arxiv fondidagi hujjatlarning kamida 60 foizini raqamlashtirish;
  • Elektron xizmatlar ulushini 100 foizga yetkazish va xizmat ko‘rsatish muddatlarini uch baravar qisqartirish.

Raqamlashtirish bosqichi

Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan amaldagi arxiv axborot tizimlari asosida Yagona milliy arxiv axborot tizimi joriy etiladi. Arxiv hujjatlari bosqichma-bosqich raqamlashtiriladi:

  • 1-bosqich (2025–2027-yillar): alohida qimmatli va noyob hujjatlar, mol-mulk hamda yerga oid hujjatlar;
  • 2-bosqich (2028–2029-yillar): kino, foto, fono va ilmiy-texnik hujjatlar;
  • 3-bosqich (2030-yildan): Milliy arxiv fondining boshqa materiallari.

DNK orqali uzoq qarindoshlarni aniqlash imkoniyati

Bundan tashqari, “O‘zarxiv” agentligining davlat arxivlarida saqlanayotgan noyob va qimmatli hujjatlarning harakatini avtomatlashtirish uchun RFID texnologiyasi joriy etiladi. Ushbu texnologiyadan 2026-yil 1-iyundan boshlab milliy arxivlarda majburiy foydalaniladi.

“Shajara” tizimi yaratish bo‘yicha taklif prezident Shavkat Mirziyoyevga 21-noyabr kuni taqdim etilgan, unda intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’limni isloh qilish bo‘yicha loyihalar muhokama qilingandi. Yangi tizim fuqarolarga o‘z shajarasini tuzish, tug‘ilish, nikoh va o‘lim bo‘yicha ma’lumotlarni ko‘rish, shuningdek DNK asosida uzoq qarindoshlarni aniqlash imkonini taqdim etishi qayd etilgan.

Теги :
Jamiyat