$
 12101.84
53.0
 13811.83
70.13
 153.75
0.87
weather
+26
Кечаси   +14°

Saudiya Arabistoni shahzodasi Londondagi hashamatli mehmonxonada o‘lik holda topildi

Saudiya Arabistoni qirolining uzoq qarindoshi, 29 yoshli shahzoda Abdulla bin Fahd bin Abdulla bin Abdulaziz bin Jalaviy Al Saud Londondagi nufuzli Kensington tumanida joylashgan besh yulduzli “Marriott” mehmonxonasining oʻz xonasidagi yuvinish xonasida oʻlik holda topildi.

“The Telegraph” nashrining xabar berishicha, bu fojia 2025-yilning 25-noyabr kuni yuz bergan boʻlsa-da, bu haqidagi ma’lumotlar qariyb sakkiz oy davomida sir tutib kelingan. Hodisa tafsilotlari faqat koroner (sud-tibiiy eksperti) surishtiruvi yakunlangachgina jamoatchilikka oshkor boʻldi.

Ekspertiza xulosasi nimani koʻrsatdi?

Toksikologik ekspertiza natijalariga koʻra, shahzodaning qonidagi alkogol miqdori Buyuk Britaniyada haydovchilar uchun belgilangan me’yordan deyarli uch baravar yuqori boʻlgan. Bundan tashqari, uning organizmida hayot uchun oʻta xavfli darajadagi GHB (gamma-gidroksimoy kislotasi), shuningdek, nasha, “Xanax” (alprazolam) dori vositasi hamda boshqa tinchlantiruvchi preparatlar izlari aniqlangan.

Ekspertlar xulosasiga koʻra, aynan alkogol va bir nechta psixoaktiv moddalarning aralashib ketishi yurakning toʻxtab qolishiga olib kelgan.

Umrining soʻnggi soatlari

Tergov aniqlashicha, shahzoda “Marriott” mehmonxonasiga 19-noyabr kuni bir haftaga joylashgan. Kuzatuv kameralari uni oxirgi marta oʻlimidan bir kun oldin kechqurun — tamaki chekish uchun koʻchaga chiqqanida muhrlagan. Keyinroq farrosh ayol beshinchi qavatdagi qulflangan xonaning yuvinish xonasida uni ust-boshi bilan polda yotgan holda topgan.

Voqea joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari yosh yigitning hayotini saqlab qolishga urinishgan, ammo barcha harakatlar besamar ketgan.

U ilgari ham davolangan edi

Surishtiruv davomida shahzodaning ilgari ham alkogol va “Xanax” qaramligidan aziyat chekkani hamda unga qarshi kurashib kelgani ma’lum boʻldi. U oʻlimidan uch oy muqaddam Londonning mashhur “Priory” klinikasida alkogol, benzodiazepin va boshqa moddalar ta’siridan tozalanib (detoksikatsiya), davolanish kursini oʻtagan. Shundan soʻng muolajalar «Rainford Hall» xususiy klinikasida davom ettirilgan va u yerda davolanishni yakunlab, javob berilgan.

Ruhshunoslar (psihiatrlar) davolash jarayoni muvaffaqiyatli kechganini va uning oʻz joniga qasd qilish xavfi juda past deb baholanganini ta’kidlashgan.

Tergov xulosasi

Sud-tibbiy ekspertining ma’lumotlariga koʻra, shahzodada ogʻir surunkali yoki otkir kasalliklar boʻlmagan. Tergov jarayonida zoʻravonlik bilan oʻldirish, uchunchi shaxslarning aralashuvi yoki oʻz joniga qasd qilish belgilari aniqlanmadi.

Oʻlimning rasmiy sababi sifatida alkogol hamda bir nechta turdagi giyohvandlik va psixotrop moddalarni bir vaqtda iste’mol qilish oqibatida kutilmaganda yurak toʻxtashi koʻrsatilgan.

Теги :
Jamiyat