$
 12803.06
26.0
 13902.84
-17.77
 131.84
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Hokimlar imzolagan qarorlarini jamoatchilikka ochiqlashdan qoʻrqadimi?

yashirilgan qaror

Hokimlar imzolayotgan qarorlarning 30 foizdan ortig‘i yopiq holda qabul qilinmoqda. Ularning ko‘pi davlat xaridlari va byudjet mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov maʼlum qildi.

Qarorlarning 30 foizdan ortigʻi yopiq

17-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan IV Toshkent aksilkorrupsiya forumidan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov OAV vakillariga intervyu berdi. U ayrim hokimlar ba’zi qarorlarini yopiq tarzda qabul qilayotgani va bu masala bo‘yicha qanday ishlar olib borilayotganiga oid savolga javob qaytardi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agentlik va Adliya vazirligi hamkorligida davlat idoralari, jumladan, mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qay darajada ochiq yo yopiqligi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi.

“O‘rganishlar davomida mahalliy hokimliklarda qarorlarning 30 foizdan ortig‘i yopiq holda qabul qilinayotganligi ma’lum bo‘ldi. Ularning mazmunini tahlil qilganimizda, ko‘p qarorlar davlat xaridlari yoki davlat byudjeti mablag‘larini sarflash bilan bog‘liq bo‘lib, noqonuniy ravishda yopiq holga o‘tkazilmoqda”, — dedi u.

Buning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Burxanovning qayd etishicha, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha mutasaddi vazirlik va idoralar birgalikda takliflar ishlab chiqdi.

“Birinchi taklif shuki, qarorlarni yopiq tarzda qabul qilishning aniq mezonlarini ishlab chiqish kerak. Bugungi kunda bu boradagi qoidalar qonunchiligimizda ham mavjud. Ammo unda umumiy tartiblar belgilangan, ya’ni shaxsga doir hamda vasiylik va homiylik bilan bog‘liq ma’lumotlar bo‘lsa, bu yopiqlanishi kerak. Lekin afsuski, ayrim mansabdor shaxslar mana shu niqob ostida ko‘plab qarorlarni yopiq holda qabul qilyapti. 

Shuningdek, qaror haqiqatan yangi tartiblar asosida yopiq tarzda qabul qilinishi lozim bo‘lsa, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xulosasini olgandan keyingina, uni yopiq tarzda o‘tkazish taklifini ishlab chiqdik. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda bu takliflar qabul qilinsa, qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi”, — dedi Akmal Burxanov.

Yopiq qarorlar qabul qilishda koʻrsatiladigan “vaj”

Xabaringiz bor, O‘zbekistonda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimi bo‘lgan “E-qaror” platformasi ishga tushirilgan. Ushbu platforma orqali qaysi hokim qanday qaror qabul qilgani, byudjet pullari nimalarga sarflanayotganini bilib borish mumkin.

Biroq ushbu qarorlarning barchasi ham jamoatchilik uchun ochiq emas. Ularning aksariyati ushbu hujjat mazmunida shaxsga doir ma’lumotlar, vasiylik va homiylik yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq boshqa turdagi foydalanishi cheklangan axborot mavjudligi tufayli yashirilgan.

Har uchtadan biri yopiq

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Adliya huquqni qo‘llashning metodik ta’minlash boshqarmasi bosh maslahatchisi Iskandarjon Islomov ham E-qaror platformasiga 6 oyda joylangan qarorlarning har uchtadan biri yopiq holatda ekani haqida aytgan edi (https://uz24.uz/uz/articles/e-qaror-7-30).

2024-yilning oʻtgan 6 oy davomida 63 ming 152 ta qaror qabul qilingani, shundan 16 ming 309 tasi kengash qarorlari, 46 ming 843 tasi esa hokim qarorlaridir. Mazkur qarorlarning 20 ming 734 tasi — ya’ni uchdan bir qismi yopiq holda qabul qilingan.

Теги :
Жамият
Иқтисодиёт