$
 12109.02
75.74
 14139.70
78.81
 150.31
1.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Sertifikati yo‘q xorijiy til o‘qituvchilari majburan ishdan bo‘shatilyaptimi?

Til sertifikati


Oʻzbekistonda xorijiy tildan dars beruvchi o‘qituvchilar oylik olmay, majburan ishdan bo‘shatilayotgan holatlar ko‘paymoqda. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berib, ish beruvchilarni noqonuniy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi .

Chora ko‘riladi

Ma’lum qilinishicha, inspeksiyaga chet tili ustozlariga ish haqi hisoblanmagani, ishdan chetlatilgani, hatto majburiy ravishda ariza yozdirib olingani haqidagi murojaatlar koʻpaygan.

“Ish beruvchilarning oʻqituvchilarga nisbatan bunday harakatlari mehnat qonunchiligiga zid boʻlib, huquqbuzarlik hisoblanadi. Davlat mehnat inspeksiyasi har bir aniqlangan holat boʻyicha belgilangan tartibda choralar koʻrishini, jumladan javobgarlik choralarini qoʻllashini maʼlum qiladi. Agar siz yoki tanishlaringiz shunday holatlarga duch kelgan boʻlsa, murojaat qoldiring — har bir holat qonun doirasida koʻrib chiqiladi va himoya taʼminlanadi”, deyiladi inspeksiya xabarida.

Bunga sabab nima?

​Hukumat bir necha yildan beri chet tilidan dars beradigan oʻqituvchilarga kamida B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikat olish talabini qoʻyib keladi. Bu boʻyicha 2021-yilda Vazirlar Mahkamasi qarori ham chiqarilgan va uning ijrosi 2024-yildayoq bajarilishi kerakligi belgilangan. Ammo barcha oʻqituvchilar til sertifikati ololmagani sabab qaror ijrosi 2025-yil kuziga qoldirilgan. 

Keyin yana kechiktirilib, sertifikati yoʻqlar 2026-yil 1-yanvargacha ishlab turishiga ruxsat berilgan. 2025-yil iyulida Oʻzbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmalari respublika kengashi xalqaro til sertifikati yoʻq oʻqituvchilarni ishdan boʻshatmaslik boʻyicha Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirligiga taqdimnoma kiritgandi. Vazirlik bunga javoban, xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan xorijiy tillar o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan rasmiy ko‘rsatma berilmaganini bildirgan.

Теги :
Jamiyat