$
 11909.66
-24.58
 13588.92
-2.99
 152.28
-0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

10 yilda Sergeli qanchalik oʻzgardi?

Mirziyoyev Sergelida

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Sergeli tumaniga amalga oshirgan tashrifi yakunida hududning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Davlat rahbarining matbuot xizmati bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yig‘ilish muqaddimasida keyingi yillarda tumanda amalga oshirilgan keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari tufayli hududning qiyofasi hamda aholi yashash tarzi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etilgan.

Ilgari poytaxtning chekka hududlaridan biri sanalgan Sergeli aholisi ish joylari, xizmat ko‘rsatish tarmoqlari va hordiq chiqarish maskanlari yo‘qligi sababli asosan shahar markaziga borishga majbur bo‘lar edi. Bugungi kunga kelib esa tumanning o‘zida ijtimoiy-iqtisodiy hayot jadal sur’atlar bilan taraqqiy etmoqda.

O‘n yillik taraqqiyot

Keyingi o‘n yillik davr ichida Sergeli tumanida 30 ming xonadondan iborat zamonaviy turar joylar qad rostladi hamda umumiy maydoni 2 million kvadrat metrni tashkil etuvchi sanoat korxonalari, savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari ishga tushirildi. Tuman iqtisodiyotining o‘sishi tadbirkorlik subyektlari sonining 2,5 mingdan 6,2 mingtagacha ko‘payishida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Buning natijasida hududning budjet tushumlari 382 milliard so‘mdan 2,2 trillion so‘mga yetib, qariyb 5,5 baravarga ko‘paydi.

Aholi ehtiyojlarini qondirish maqsadida tumanda beshta yirik istirohat bog‘i va dam olish maskanlari barpo etildi. Shuningdek, Toshkent viloyatidan 13 ta mahallaning tuman hududiga qo‘shib berilishi hisobiga uning umumiy maydoni 5,6 ming gektarga kengaydi. Transport infratuzilmasini yaxshilash doirasida tumanni poytaxt markaziy qismi bilan bog‘laydigan 9 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li o‘tkazildi hamda 8 ta bekatni o‘z ichiga olgan metro liniyasi qurib bitkazildi.

Ijtimoiy sohadagi yuksalish

Tumandagi ta’lim va tibbiyot muassasalari tarmog‘i ham sezilarli darajada kengaytirildi. Xususan, umumta’lim maktablaridagi o‘quv o‘rinlari soni 25 mingdan 38,5 mingtagacha, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining quvvati esa 7,5 mingdan 15,5 mingtagacha oshirildi. Tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida hududda 50 ta davlat va xususiy klinikalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shu bilan bir qatorda, videoselektor yig‘ilishida tumandagi mavjud muammolar ham chetda qolmadi. Transport tizimi, yo‘l xo‘jaligi, elektr energiyasi, toza ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlarida hali ham o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligi ko‘rsatib o‘tildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlardagi ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga aniq vazifa va topshiriqlarni belgilab berdi.

Теги :
Jamiyat