$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Ish haqi oshadi, yo'l haqini to'lashda yangi qoidalar: 1-sentyabrdan O'zbekistonda nimalar o'zgaradi?

Sentyabr

1-sentyabrdan O‘zbekistonda qator muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi. Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar oshiriladi, eng kam ish haqi hamda bazaviy hisoblash miqdori o‘zgaradi. Avtobuslarda yo‘l haqini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Shuningdek, qurilish obyektlarida videokuzatuv kameralari o‘rnatish majburiy bo‘ladi, MyGov’da esa virtual bank kartalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Maosh va stipendiyalar 7 foizga oshadi

1-sentyabrdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda davlat oliy ta’lim muassasalaridagi stipendiyalar 7 foizga oshiriladi.

Shu bilan birga, asosiy hisob-kitob ko‘rsatkichlari ham o‘zgaradi.

Eng kam ish haqi 1,271 mln so‘mdan 1,36 mln so‘mga oshiriladi.

Yig‘imlar, jarimalar, davlat bojlari va boshqa belgilangan to‘lovlarni hisoblashda qo‘llanadigan bazaviy hisoblash miqdori esa 412 ming so‘mdan 440 ming so‘mga ko‘tariladi.

Avtobusga kirishda yo‘l haqi to‘lanadi

Avtobuslarda yo‘l haqini to‘lash tartibi o‘zgaradi. Endilikda yo‘lovchi transportga kirishi bilan yo‘l haqini to‘lashi kerak bo‘ladi. Aks holda u chiptasiz yo‘lovchi hisoblanadi.

Nikoh qonunchiligi buzilishi haqida xabar berganlarga mukofot beriladi

Sentyabrdan nikoh yoshi yoki nikoh tuzish tartibiga oid qonunchilik talablari buzilgani haqida xabar bergan fuqarolarni rag‘batlantirishning yangi tartibi joriy etiladi.

Undirilgan jarima summasining 15 foizi ushbu holatlar haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, FHDYO, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda diniy tashkilotlar vakillari erta nikohlar va 16 yoshga to‘lmagan qizlarning homiladorligi holatlari haqida ichki ishlar organlari hamda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berishi shart bo‘ladi.

Bunday holatlar haqida xabar bermaslik ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Qurilish obyektlarida kameralar majburiy bo‘ladi

Yangi qurilayotgan ayrim obyektlarda videokuzatuv kameralarini o‘rnatish majburiy etib belgilanadi.

Bu talab ko‘p qavatli uylar, ijtimoiy, turistik, savdo va sanoat infratuzilmasi obyektlari qurilishiga, shuningdek, davlat budjetidan moliyalashtiriladigan qiymati 3 mlrd so‘mdan ortiq loyihalarga tatbiq etiladi.

MyGov’da virtual bank kartalari paydo bo‘ladi

Shuningdek, 1-sentyabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — MyGov’da tijorat banklarining virtual kartalarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Foydalanuvchi o‘z bank kartasini virtual kartaga bog‘lashi va undan davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishda foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Virtual kartani ochish va to‘ldirish bepul bo‘ladi. Undagi qolgan mablag‘larni bank kartasiga komissiyasiz o‘tkazish ham mumkin.

Odam savdosidan jabrlanganlar uchun yangi yordam tizimi ishga tushadi

O‘zbekistonda odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ularga vaqtincha joylashtirish, tibbiy yordam, kasb-hunarga o‘qitish va ishga joylashishda ko‘mak kabi xizmatlarni o‘z ichiga olgan kafolatlangan bepul xizmatlar paketi taqdim etiladi.

Murojaatlar uchun Ijtimoiy himoya agentligining 1146 qisqa ishonch telefoni faoliyat yuritadi.

Mutaxassislar ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa masalalar bo‘yicha maslahat beradi.

Uyi-joyi bo‘lmaganlarni majburan joylashtirish bekor qilinadi

Doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar Vaqtinchalik boshpana va ijtimoiy moslashtirish markazlariga faqat o‘z roziligi bilan joylashtiriladi.

Ularni sud qarori asosida majburan joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi.

Markazlarda fuqarolarga vaqtincha boshpana, oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari taqdim etiladi. Shuningdek, har bir shaxs uchun alohida yordam rejasi ishlab chiqiladi. Bu reja hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishdan tortib, kasb-hunarga o‘qitish hamda ishga joylashishda ko‘maklashishgacha bo‘lgan choralarni qamrab oladi.

Теги :
Jamiyat