Senat majlisida “uxlab qolgan” ishtirokchi bo‘yicha rasmiy izoh berildi
20-fevral kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisi davomida Surxondaryo viloyati studiyasidan bog‘langan ishtirokchilardan biri jonli efir davomida boshini ko‘tarmasdan o‘tirgani tasvirga tushdi.
1 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis Senatining 20-fevral kuni o‘tkazilgan yalpi majlisi vaqtida e’tiborni tortgan holatlardan biri Surxondaryo viloyati studiyasida kuzatildi. Senator Dilbar Suvonova so‘zga chiqqan paytda, ortida o‘tirgan ishtirokchilardan biri boshini ko‘tarmasdan turibdi – bu jonli efirni tomosha qilayotgan foydalanuvchilar orasida “uxlab qolgan” degan taxminlarni keltirib chiqardi. Holat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilina boshladi.
Rasmiy munosabat
Xalq deputatlari Surxondaryo viloyat matbuot xizmati holat yuzasidan izoh berdi. Qayd etilishicha, ushbu ishtirokchi sog‘lig‘i yomonlashib qolgani sababli o‘zini yomon his qilgan va shu sababli joyidan turmagan. “Majlis davomida boshqalarning e’tiborini tortmaslik uchun chiqib ketmagan”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Hozirda ushbu ishtirokchiga tibbiy muolaja ko‘rsatilgani va uning sog‘lig‘i yaxshi ekani bildirildi.
Jamoatchilik munosabati
Ammo jamoatchilikka izoh yetarli emas, ko‘pchilik ushbu rasmiy munosabatga shubha bilan qaramoqda. Chunki avvalroq Senat majlisining jonli efiridan lavhalar tarqalib, unda ushbu ishtirokchi bir necha daqiqa davomida joyida deyarli harakatsiz o‘tirgani ko‘rinadi. Tarmoqlarda: “Agar chindan ham sog‘ligi yomonlashgan bo‘lsa, nega zalni tark etmagan?”, “Shu gapga ishonish kerakmi?” kabi savollar paydo bo‘ldi. Bunga javoban, ba’zi foydalanuvchilar inson sog‘ligi kutilmaganda yomonlashishi mumkinligini, majlis davomida hamma ham zalni tark eta olmasligini ta’kidlamoqda.



