$
 12621.29
-103.87
 14596.52
88.57
 158.44
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Maktabdagi mashmasha: o'quvchilar telefon olib kelishga haqlimi yoki yo'q

telefon dars maktab

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda maktablardagi “telefon muammosi” ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Ko'plab davlatlarda maktablarda telefondan foydalanish ta'qiqlangani aytilsa, bir guruh kishilar hozirgi texnologiya asrida buning imkoni yo'q, aksincha, bolalarga to'g'ri foydalanishni o'rgatish kerak, deya ta'kidlamoqda. Muhokamalar o'z yo'liga, yurtimiz qonunchiligida nima deyilgan? Yosh mutaxassis Ruxshona Tursunpo'latova bu muhokamali mavzuni qonunchilikka asoslanib, batafsil tushuntirib berdi.

O'quvchilar maktabga telefon olib kelishi mumkinmi?

Ha, albatta, o‘quvchilarning bu borada haqlari bor. Ammo maktab hududida va dars davomida telefondan foydalanish tartibi mavjud bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 282-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalari”ning 16 va 17-bandlarida keltirilgan. Bunga ilova tazrda ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 139-sonli qaroriga murojaat qilishimiz asoslidir. Qaror negizida tuzilgan nizomga ko‘ra, uning ta’sir doirasi barcha ta’lim muassasalarida amal qiladi va ta’lim oluvchilar bilan bir qatorda, ta’lim muassasasining barcha xodimlariga tegishli, ya’ni o‘quvchilar bilan birga faoliyat yurituvchi xodimlar va o‘qituvchilar uchun ham ahamiyatlidir.

Ta’lim muassasalariga kirib kelish vaqtida telefonlarni ovozsiz rejimda o‘tkazish yoki o‘chirib qo‘yish lozim. Ularni portfel, sumkalarda saqlash zarur, hattoki, stol ustiga qo‘yish va cho‘ntakda olish yurish ham ta’qiqlanadi. 

Shuningdek, maktablarda ko‘p uchraydigan holatlardan biri, mobil aloqa vositalarini zaryadlash maqsadida elektr tarmoqlariga ulash va telefondagi barcha xizmatlardan foydalanish (video, suratga olish, ta’lim jarayonida o‘yin o‘ynash, quloqchinlarni ishlatish, telefon orqali turli xabarlar va aloqalarni o‘rnatish) ham mumkin emas.

Telefonlarni tortib olish mumkinmi?

Bizga ma’lumki, maktab hududida, dars jarayonlarida yoki darsdan tashqari holatlarda o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarga nisbatan jazo tarzda tartibga chaqirish maqsadida telefonlari tortib olinadi. Tabiiyki, bu holat ko‘plab o‘quvchilarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Aslida, nizomda ko‘rsatilgan tarzda javobgarlik qanday shaklda amalda oshiriladi? 

Nizomda ko‘rsatilgan tarzda o‘quvchiga nisbatan o‘qituvchi tomonidan ogohlantirish berilishi va ularning kundalik daftariga yozib qo‘yishi, ota-onasini xabardor qilib, ularni muassasaga chaqirishga haqli. Ta’lim muassasasi xodimlari yoki o‘qituvchilari nizom buzilishi holatida ta’lim oluvchining telefonini olib qo‘yish, holat bo‘yicha bildirishnoma rasmiylashtirib, avval direktorga keyin esa shaxsning ota-onasiga xabar berish huquqi mavjud. Chunki nizomning 4-qismiga muvofiq, telefonning saqlanishi uchun egasi sanalgan ota-ona javobgardir.

Qanday hollarda ta’lim oluvchi telefondan foydalana oladi?

Favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda yoki asosli kechiktirib bo‘lmaydigan zarur vaziyatlar vujudga kelganda tegishli shaxslar (ota-ona, ularning o‘rnini bosuvchi shaxs, qarindosh) bilan bog‘lanish mumkin.

Shuningdek, ba’zi o‘qituvchilar tomonidan ta’lim oluvchi shaxsga nisbatan telefonning ichki yozishmalarini ko‘zdan kechirish, shaxsiy ma’lumotlarini, SMS yoki boshqa turdagi xabarlarni o‘qish uchun talab qilish holatlari ham uchramoqda. Ularning barchasi shaxsning daxlsizlik huquqini buzilishi hisoblanib, ushbu huquq “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 3-moddasida hamda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27 va 31-moddalarida mustahkamlab qo‘yilgan. Unutmang, shaxsiy daxlsizlik huquqining cheklanishiga faqat qonunga yoki sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi.