$
 12037.21
43.68
 14071.50
17.48
 159.62
1.1
weather
+26
Кечаси   +14°

Sayohat qiling, qarimaysiz!

Sayohat

Qarish jarayonini sekinlashtirish haqida gap ketganda odatda ilg‘or kosmetologiya:tarkibida retinol bo‘lgan kremlar va salon muolajalari yoki sog‘lom turmush tarzi: parhez va jismoniy mashqlar nazarda tutiladi.

Yangi tadqiqot 

Avstraliyadagi Edit Kouen universiteti mutaxassislari bu masalaga kengroq qarashni taklif qilishadi: yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, yosh o‘tishi bilan bog‘liq o‘zgarishlarni sekinlashtiruvchi vositalardan biri sayohatlar bo‘lishi mumkin. Olimlar turizmni fizika nuqtai nazaridan entropiya tushunchasi orqali ko‘rib chiqib, ijobiy zaryadlangan safarlar jismoniy va ruhiy salomatlikni qo‘llab-quvvatlab, organizmning uzoqroq vaqt yosh bo‘lib qolishiga yordam beradi, degan xulosaga kelishdi.

Entropiya va salomatlik

Entropiya ko‘pincha tizimning tartibsizlik tomon harakatlanishi sifatida ta'riflanadi. Ularning fikricha, yaxshi tashkil etilgan sayohatlar tananing “yemirilish” jarayonlariga qarshi turishga ko‘maklashadi, aksincha, stressli yoki xavfli safarlar salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Sayohat bir vaqtning o‘zida bir nechta foydali omillarni ta’minlaydi: muhit o‘zgarishi, jismoniy faollik, yangi ijtimoiy aloqalar va ijobiy hissiyotlar. Tadqiqotga ko‘ra, bu omillar organizmning metabolik, immun, stressga javob beruvchi va tiklanish tizimlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, yangi muhit va taassurotlar organizmning o‘zini tartibga solish mexanizmlarini faollashtiradi, hordiq esa stress va yallig‘lanishni kamaytiradi.

“Qarish jarayoni qaytarib bo‘lmaydigan hodisa. Uni to‘xtatib bo‘lmaydi, ammo sekinlashtirish mumkin”, — deb ta’kidlaydi tadqiqot hammuallifi Fangli Xu. 

To‘rtta asosiy tizimiga ta’sir

Taklif qilinayotgan modelga ko‘ra, sayohatlar organizmning to‘rtta asosiy tizimiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin: metabolik, immun, stressga javob beruvchi va o‘z-o‘zini tiklash tizimlari. Yangi muhit va notanish holatlar moddalar almashinuvi hamda organizmning o‘zini-o‘zi tartibga solish jarayonlarini faollashtiradi, immunitetning tashqi ta’sirlarga javob reaksiyasini yaxshiroq “sozlashiga” yordam beradi. Shu bilan birga, hordiqning bo‘shashtiruvchi turlari surunkali stress va yallig‘lanish darajasini kamaytirib, to‘qimalarni tiklash tizimlarining samaraliroq ishlashiga imkon yaratadi.

Bundan tashqari, sayohat davomida odatda ko‘proq harakat qilinadi: sayr qilish, zinapoyadan chiqish, diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish kundalik hayotga nisbatan jismoniy faollikni oshiradi. Bu esa qon aylanishini yaxshilab, organizmning tiklanish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

“Sehrli tabletka” emas

Shu bilan birga, olimlar sayohatning o‘zi “sehrli tabletka” emasligini ta’kidlaydi. Sayohat davomida ekzotik infeksiyalar, jarohatlar, jinoiy va maishiy xatarlar, reyslarning bekor qilinishi va hatto harbiy harakatlarga duch kelish mumkinligini ham hisobga olish lozim.

Olimlar ta’kidlashicha, har qanday ta’til ham yoshartiravermaydi. Yangilik, hordiq, harakat va muloqotni o‘zida birlashtirgan, puxta tashkillashtirilgan, xavfsiz va faol sayohatlar sog‘lom qarishga yordam beruvchi omillardan biriga aylanishi mumkin. Bu tibbiyot yoki turmush tarzining o‘rnini bosmaydi, aksincha, organizmning ichkaridan sog‘lom bo‘lishiga va yoshga bog‘liq o‘zgarishlarga bardoshli bo‘lishiga ko‘maklashadigan qo‘shimcha manbadir.

Теги :
Jamiyat