$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi davlatga sayohat qilyapti? — Top 10

Samoliyot

2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston fuqarolarining xorijiy mamlakatlarga turistik maqsadlardagi safarlari sezilarli darajada faollashdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki to‘rt oyida 2 200 530 nafar o‘zbekistonlik chet elga yo‘l olgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 83,7 ming nafarga ko‘p demakdir.

O‘zbekistonliklar eng ko‘p borayotgan mamlakatlar

Yurtdoshlarimizning chet eldagi sayohat geografiyasi tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkichlar an’anaviy tarzda qo‘shni davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rish mumkin. Hisobot davrida o‘zbekistonliklar eng ko‘p tashrif buyurgan davlat Qirg‘iz Respublikasi bo‘ldi — 899 004 nafar. Keyingi o‘rinlarni Tojikiston (388 452 nafar) hamda Qozog‘iston (354 859 nafar) egalladi.

Shu bilan birga, uzoqroq hududlardagi davlatlarga bo‘lgan qiziqish ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Xususan, ziyorat va turizm maqsadida Saudiya Arabistoniga 138 113 nafar, Rossiyaga 115 094 nafar hamda Turkiyaga 70 340 nafar fuqaro safar qilgan. Kuchli o‘ntalikni Birlashgan Arab Amirliklari (31 073 nafar), Xitoy (23 557 nafar), Tailand (16 291 nafar) va Misr (15 823 nafar) kabi mamlakatlar yakunlab bergan.

Tashqi turizm fonida xorijiy sayyohlarning mamlakatga oqimi

Aholi o‘rtasida xorijga chiqish tendensiyasi kuchayishi bilan bir vaqtda, O‘zbekistonning o‘ziga kelayotgan chet ellik turistlar oqimida ham jiddiy o‘sish kuzatilgan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida mamlakatimizga 4 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi va bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 29,9 foizlik o‘sishni anglatadi.

O‘zbekistonga keluvchilar orasida ham qo‘shni respublikalar fuqarolari yetakchilik qilmoqda. To‘rt oy davomida mamlakatimizga Qirg‘izistondan 1,14 million, Tojikistondan 965,4 ming va Qozog‘istondan 935 ming nafar turist kelgan. Shuningdek, Rossiyadan 341,8 ming, Afg‘onistondan 161,5 ming, Xitoydan 132,2 ming, Turkmanistondan 108,4 ming hamda Turkiyadan 57,6 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan.

O‘zbekistonga kelayotgan mehmonlarning yosh demografiyasi

Respublikaga kelayotgan xorijliklar oqimining yosh tarkibi ham o‘rganilgan. Yanvar-mart oylari davomida O‘zbekistonga kelgan 2,8 milliondan ortiq sayyohning yarmidan ko‘pini, aniqrog‘i 1,5 million nafarini 31 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tashkil etgan.

Undan keyingi o‘rinlarni 56 yosh va undan kattalar (543 ming nafar) hamda 19-30 yosh oralig‘idagi yoshlar (500 ming nafar) egallagan. Safarga chiqqan voyaga yetmagan bolalar va o‘smirlar soni esa 301,2 ming nafarni tashkil qilgan.

Теги :
Jamiyat