$
 12858.15
-58.95
 14505.28
44.59
 159.71
-0.43
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

So‘rovnoma: O‘zbekistonliklarning 80 foizdan ziyodi 27-oktyabr bo‘lib o‘tadigan deputatlar saylovida qatnashish niyatida

Saylov

“Ijtimoiy fikr” saylov yuzasidan aholi orasida avgust-oktyabr oylarida o‘tkazgan sotsiologik tadqiqot natijalari bilan bo‘lishdi.

4 ming nafardan ziyod ishtirokchi

Joriy yilning 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy voqeaga bag‘ishlangan jamoatchilik fikrining kompleks so‘rovlarida mamlakatimizning barcha mintaqalarida istiqomat qilayotgan, shahar va qishloqlar aholisi, 18 va undan katta yoshdagi erkaklar va ayollar, turli millatlar, ijtimoiy guruhlar vakillaridan iborat, turli soha va tarmoqlarda band bo‘lgan 4 ming nafardan ortiq kishilar ishtirok etishdi. Jamoatchilik fikri so‘rovlari 2024-yilning avgustidan oktyabrigacha 4 ta bosqichda o‘tkazildi.

Aholining 84 foiz qismi mamlakatda saylov bo‘layotganidan xabardor

So‘rovlar natijalari bo‘lajak saylovlar haqidagi xabardorlik darajasi oshishining barqaror dinamikasini ko‘rsatdi. Tadqiqotning so‘nggi bosqichini o‘tkazish paytida mamlakatning 84,8% fuqarolari 2024-yil “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi yili” hisoblanishidan xabardor ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Aksariyat aholi saylovga jiddiy yondashmoqda. Bu yaxshi ko‘rsatkich

2024-yilda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari 2019-yildagidan farq qiladi. Bu safar deputatlar majoritar-proporsional (aralash) tizim asosida saylanadi. Bu tizim turli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini yaxshiroq aks ettirish imkonini beradi va fuqarolarni saylovlarda qatnashishning ahamiyatini tushunishga undamoqda. Sotsiologik so‘rovlar ko‘rsatishicha, fuqarolarning saylovda ishtirok etish istagi barqaror oshib bormoqda. Birinchi bosqichda ishtirok etish niyatini bildirganlar soni 63,5% bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi bosqichda bu ko‘rsatkich 71,6%ga yetgan.

Tadqiqot shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat saylovchilar mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga ta’sir qilish va davlat boshqaruvida qatnashish imkoniyatiga ega ekanini anglab, saylovlarga jiddiy yondashmoqda.

O‘zbekistonliklarning necha foizi 27-oktyabr saylovida ishtirok etadi?

So‘rov jarayonida mamlakat siyosiy kun tartibiga aholining qiziqishi yetarlicha yuqori darajada ekanligi qayd etildi, xususan, elektoral faollikning oshishi kuzatilmoqda, o‘zbekistonliklar davlat ishlariga e’tibori va bo‘lajak ovoz berish tadbirida faol ishtirok etish niyatini namoyon etmoqdalar. Shuni ta’kidlash joizki, monitoring so‘rovlari natijalariga ko‘ra, ovoz berish sanasi qanchalik yaqinlashgani sayin, unda ishtirok etish istagini bildirayotganlar foizi shunchalik ko‘proq bo‘lmoqda – agar birinchi bosqichda (avgust) 77,9% o‘zbekistonliklar saylovlarda ishtirok etish niyatini bildirgan bo‘lsalar, so‘nggi bosqich natijalariga ko‘ra (oktyabr) ushbu ko‘rsatkich 82,6% darajasigacha o‘sib bordi.

Jamoatchilik fikri: Saylovoldi dasturlar qanday muammolarni hal etishga qaratilgan bo‘lishi kerak?

Jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari shuni ko‘rsatdiki, jamoatchilik ongida siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturi aynan qanday masalalar yechimi asosida qurilishi kerakligi haqida yetarlicha aniq tasavvur shakllangan. Partiyalar saylovoldi kampaniyasining asosiy tarkibiy qismlari ta’lim sifati va undan foydalanish imkoniyatlari (56,6%), aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash (42,2%), mamlakatni yanada rivojlantirishning iqtisodiy strategiyalari, soliq tizimini takomillashtirish masalalari, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun soliq stavkalarini pasaytirish, aholining real daromadlarini oshirish usullari, ishlab chiqarish sohasini, jumladan, zamonaviy texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot” tamoyillari asosida rivojlantirish (30,7%) masalalariga daxldor bo‘lishi kerak. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish (23,4%), fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash (19,3%), energetika muammolarini hal qilish (18,3%), infratuzilmani yaxshilash (18,0%) masalalari ham saylovoldi kampaniyasining ahamiyati kam bo‘lmagan jihatlari bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi arafasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatni sotsiologik tadqiq etish natijalari tobora o‘sib borayotgan elektoral faollik haqida so‘zlash va ovoz berish kunida saylovchilarning yuqori darajadagi ishtirokini prognozlash imkonini beradi.