$
 12024.40
7.36
 13642.88
-69.76
 160.41
-0.22
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyoda 258 million bola taʼlim olish imkoniyatidan mahrum

urush va bolalar

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’limni inqiroz sharoitlarida qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi — Education Cannot Wait (“Ta’lim kutib turmaydi”) tomonidan e’lon qilingan yangi hisobotga ko‘ra, dunyo bo‘ylab millionlab bolalar mojarolar va gumanitar inqirozlar oqibatida ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lib qolmoqda. Ularning qariyb 80 foizi atigi 20 ta davlatda yashaydi.

Hisobotda qayd etilishicha, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 258 million nafar maktab yoshidagi bola va o‘smirning ta’limi turli inqirozlar ta’sirida qolmoqda. Ularning 93 million nafari umuman maktabga bora olmayapti. Mojarolar va gumanitar falokatlar tufayli maktabdan tashqarida qolayotgan bolalarning deyarli 80 foizi eng og‘ir vaziyat kuzatilayotgan 20 ta mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ta’limdagi bo‘shliqlar tobora chuqurlashmoqda

Hisobot mualliflarining ta’kidlashicha, muammo faqat maktabga borish imkoniyatining yo‘qligi bilan cheklanmaydi. Inqirozdan zarar ko‘rgan hududlarda ko‘plab bolalar o‘qish, yozish va hisob-kitob qilish kabi eng zarur ko‘nikmalarni ham egallay olmayapti. Natijada boshlang‘ich sinflardagi bilim bo‘shliqlari keyinchalik yanada kattalashib, ko‘plab o‘smirlarning ta’limni butunlay tark etishiga olib kelmoqda.

Ayniqsa, qurolli mojarolar davom etayotgan mamlakatlarda vaziyat og‘ir. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bunday davlatlarda oltinchi sinfga kelib bolalarning atigi 30 foizi o‘qish bo‘yicha zarur darajaga erishadi. Ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlarni boshdan kechirayotgan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 47 foiz, tabiiy ofatlardan zarar ko‘rgan davlatlarda esa 63 foizni tashkil etadi.

Tengsizlik kuchaymoqda

Mutaxassislar ta’lim inqirozi tobora kengayib borayotganini, biroq uning oqibatlari barcha hududlarda bir xil sezilmayotganini qayd etmoqda. Bolalarning ta’lim tizimidan chetda qolishi ko‘p jihatdan ularning qayerda yashashi, majburiy ko‘chirilgan shaxslar safida ekanligi, nogironligi yoki boshqa himoyaga muhtoj guruhlarga mansubligiga bog‘liq.

Shu bilan birga, ekspertlar faqat maktablarga kirish imkoniyatini kengaytirishning o‘zi yetarli emasligini ta’kidlamoqda. Bolalarning ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirishi, o‘qishni davom ettirishi va keyingi bosqichlarga o‘tishi uchun zarur sharoitlarni yaratish ham muhim ahamiyatga ega.

Kelajakka umid bor

Education Cannot Wait jamg‘armasi tashkil etilganidan buyon hamkorlari bilan birgalikda inqiroz sharoitida yashayotgan millionlab bolalar va o‘smirlarni sifatli ta’lim, himoya va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi.

Jamg‘armaning 2027–2030-yillarga mo‘ljallangan strategik rejasiga ko‘ra, kelgusi yillarda yana 10 million nafar og‘ir vaziyatdagi bolani qamrab olish maqsad qilingan. Ushbu rejani amalga oshirish uchun keyingi to‘rt yil davomida siyosiy qo‘llab-quvvatlashni saqlab qolish va 600 million dollar miqdorida moliyalashtirish jalb etish talab etiladi.

Hisobot mualliflari ta’kidlaganidek, bu raqamlar ortida millionlab bolalarning taqdiri turibdi. Ular uchun ta’lim nafaqat bilim olish vositasi, balki yaxshiroq kelajak sari ochiladigan eng muhim imkoniyatdir.

Теги :
Jamiyat