$
 12683.99
35.87
 13647.97
25.94
 139.24
0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

Saratonga qarshi kurashishning yana bir yo‘li

Saraton vs immunitet

Immunitet tizimidan qochuvchi saraton hujayralari bilan kurashishning yangi usuli topildi. Bu haqda SSV xabar berdi.

Immunterapiya saratonga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Saraton hujayralari tananing immunitet tizimidan yashiringan holda o‘sadi va tarqaladi. Immunoterapiya immun tizimiga yashirin saraton hujayralarini topish va ularga hujum qilish imkonini beradi. Bu esa saraton bilan kasallangan bemorlarning uzoq umr ko‘rishiga yordam beradi. Biroq, ko‘plab bemorlarga ushbu inqilobiy muolajalar juda kam ta’sir qiladi yoki umuman foyda bermaydi.

Immun nazorat nuqtasi ingibitorlarining vazifasi

Immun nazorat nuqtasi ingibitorlari eng ko‘p ishlatiladigan immunoterapiya vositalaridan hisoblanadi. Ular saraton hujayralari immunitet tizimidan yashirinish uchun foydalanadigan oqsillarni tanib olish va bloklash orqali ishlaydi.

Biroq, bu oqsillarga ega bo‘lmagan saraton hujayralari turli yo‘llar bilan yashirinadi. Ushbu saraton turlari bilan og‘rigan bemorlarga immun nazorat nuqtasi ingibitorlari ta’sir qilmagani sababli, tadqiqotchilar boshqa yangi immunoterapiya usullarini ishlab chiqishga intilmoqda.

T-limfositlar

Yaponiyaning Osaka universiteti olimlari yangi tadqiqotda tetrasiklin antibiotiklari zamonaviy immunoterapiya usullaridan farqli ravishda immun tizimiga saraton hujayralarini aniqlashda yordam berishini aniqladi. Ushbu antibiotiklar T-limfositlar deb nomlanuvchi immunitet hujayralarini saratonga hujum qilish va uni yo‘q qilish uchun rag‘batlantiradi.

“Biz o‘pka saratoni bilan og‘rigan bemorlarning qon va o‘simta to‘qimalarida tetrasiklin antibiotik minosiklinini sinab ko‘rdik. Minosiklin saraton hujayralari tomonidan ishlab chiqarilgan immunosupressiv oqsil bo‘lgan galaktin-1ga ta’sir qilib, T-limfositlarning o‘simtaga qarshi faolligini oshirishini aniqladik”, – deydi yetakchi muallif Mari Tone.

Galaktin-1ni bloklash saratonni davolashning yangi usullari uchun kalit

Olimlar galaktin-1 sitotoksik T-limfositlarning o‘simtaga kirishining oldini olish orqali saraton hujayralariga immunitet tizimidan qochishga yordam berishini aniqladi. Tetrasiklin bilan davolashdan so‘ng, galaktin-1 endi T-limfositlarni o‘simtaga hujumini to‘xtata olmadi. Galaktin-1ni bloklash saratonni davolashning yangi usullari uchun kalit bo‘lishi mumkin.

“Ushbu antibiotiklar saraton kasalligini davolashda qo‘llaniladigan immun nazorat nuqtasi ingibitorlari va boshqa immunoterapiya preparatlaridan farqli ta’sir mexanizmiga ega. Umid qilamizki, ushbu tadqiqot turli immun yo‘llariga ta’sir qiluvchi va saraton kasalligiga chalingan odamlarga, ayniqsa zamonaviy immunoterapiya ta’sir qilmayotgan bemorlarga foyda keltirishi mumkin bo‘lgan yangi dorilarni ishlab chiqishga olib keladi”, — deydi tadqiqot muallifi Kota Ivaxori.

Tetrasiklinning yangi imkoniyati

Tetrasiklin antibiotiklari ko‘p yillar davomida butun dunyoda yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlarni davolash uchun ishlatiladi. Endi bu eski dorilar hozirda davolanish imkoniyatlari kam bo‘lgan saraton bilan og‘rigan bemorlar uchun yangi immunoterapiya usullari uchun yo‘l ochib berishi mumkin.

Теги :
Жамият