$
 12786.98
12.0
 13753.68
-160.83
 130.27
0.13
weather
+26
Кечаси   +14°

AQShdan so‘ng Buyuk Britaniya ham O‘zbekiston kompaniyasiga qarshi sanksiya kiritdi

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniya Rossiyaga ko‘rsatilayotgan yordam tufayli O‘zbekiston, Xitoy, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlar kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Ma’lumotlar Britaniya hukumati saytida keltirilgan.

“Qora ro‘yxat”ga tushgan kompaniyalar

Buyuk Britaniya 7-noyabr kuni O‘zbekiston va qo‘shni Qozog‘istonning bir nechta kompaniyalarini o‘zining yangilangan sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shib qo‘ydi. Ushbu ro‘yxtadan StanexGroup xoldingi tarkibiga kiruvchi Uzstanex LLP kompaniyasi o‘rin olgan. Kompaniya O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda dastgohlarni sotish va sozlash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Qozog‘istonning CPS Energy LLP, TOO TawKZ va Rabadaziya LLP kabi kompaniyalariga ham sanksiyalar qo‘llagan. 

Kompaniyalarning ro‘yxatga kiritilish sababi

Buyuk Britaniya tomonidan taqdim etilgan kompaniyalarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish uchun asosnomada "kompaniya Ukrainani beqarorlashtirish yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazishda ishtirok etgan, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatgan yoki Ukrainaning beqarorlashuviga yoki uning hududiy yaxlitligi, suvereniteti yoki mustaqilligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan mablag‘lar, iqtisodiy resurslar, tovarlar yoki texnologiyalarni taqdim etgan", deya keltiriladi.

AQSh sanksiyalari

Bundan bir hafta avval AQSh moliya vazirligi ham o'zining sanksiya ro‘yxatiga O‘zbekistonning ikki kompaniyasini kiritgan edi. Bular: Uzstanex va The Elite Investment Group. Ikkala firma ham AQShning savdo taqiqlarini buzgan holda Rossiyaga dastgohlar va elektr transformatorlari kabi sanksiyalangan mahsulotlarni yetkazib berishda ayblangan. AQSh moliya vazirligi xodimi Uolli Adeyemo Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiya tomonidan harbiy maqsadlarda, xususan, Ukrainadagi maxsus operatsiya doirasida foydalanishi mumkin bo‘lgan asosiy texnologiya va uskunalar yetkazib berilishi ustidan nazoratni kuchaytirish niyatida ekanini bildirgan. 

Uzstanex 

2018-yilda tashkil etilgan Uzstanex kompaniyasi sanoat stanoklari savdosi bilan shug‘ullanadi. Kompaniya Toshkent shahrining Yashnobod tumanida ro‘yxatga olingan bo‘lib, ustav fondi 65 million so‘mni tashkil etadi. Uzstanex kompaniyasining yagona egasi va asoschisi Vasiliy Abramov hisoblanadi. Amerika rasmiylari kompaniyani rossiyalik mijozlarga dastgohlar yetkazib berishda gumon qilmoqda, bu esa Rossiya Federatsiyasining harbiy ehtiyojlari bilan bog‘liq strategik muhim sohalarda qo‘llaniladigan uskunalarni eksport qilish bo‘yicha cheklovlarni buzadi.

Elite Investment Group

Elite Investment Group 2024-yilnig yanvar oyida tashkil etilgan. Kompaniya Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ustav kapitali 3 million so‘mni tashkil etadi. Ta’sischisi va direktori Nodira Kazakboeva. AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning mart oyidan shu yilning may oyiga qadar Elite Investment Group Rossiya kompaniyalariga taxminan 190 ming dollarlik mahsulot, jumladan, elektr transformatorlarini yetkazib bergan. Turkiyaning Guclu Global kompaniyasi ham ushbu yetkazib berishda agent-tashuvchi sifatida ishtirok etgan. 

Теги :
Iqtisodiyot