$
 12035.26
-15.08
 13710.57
25.0
 151.46
-1.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Salorni zaharlagan kompaniya 2,2 mlrd so‘mga tushdi

Salor

Yakkasaroy tumanida ko‘p qavatli uy qurilishi chog‘ida kanalizatsiya quvuri shikastlangan. Oqibatda kanalga toza tozalanmagan qariyb 64 ming kubometr oqava suv oqib tushgan.

Oqava suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri Salorga oqizilgan

Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Shota Rustaveli ko‘chasida yuz bergan avariya yuzasidan tekshiruvni yakunladi. Qonunbuzarlik holatlari “B.B.” MChJ tomonidan ko‘p qavatli turar joy binosi barpo etilayotgan qurilish maydonida aniqlangan.

Qurilish davomida shahar kanalizatsiya tarmog‘ining bir qismiga shikast yetkazilgan. Quvur yorilishi oqibatida oqava suv Yakkasaroy tumanidan oqib o‘tuvchi Salor kanaliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqib tushgan.

Ekologlarning ta’kidlashicha, chiqindilar maxsus nasoslar yordamida tegishli ruxsatnomalarsiz hamda hech qanday tozalanmasdan kanalga oqizilgan.

Salorga qariyb 64 ming kubometr chiqindi oqib tushgan

Mutaxassislar suvdan namunalar olib, laboratoriya tahlillarini o‘tkazdi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, kanalga 64 ming kubometrga yaqin suyuq chiqindi tushgani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan ushbu qoidabuzarlik uchun quruvchi kompaniya zimmasiga 2,16 mlrd so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lash majburiyati yuklandi.

Tuproq ham zararlangan

Avariya oqibatlari faqat kanalning ifloslanishi bilan cheklanib qolmadi. Kanalizatsiya quvuri yorilishi sababli oqava suv tuproqqa ham yoyilib ketgan.

Laboratoriya tahlillari zararlangan tuproq tarkibidagi neft mahsulotlari miqdori belgilangan me’yordan o‘rtacha 5,2 barobarga yuqori ekanini ko‘rsatdi.

Atrof-muhitga yetkazilgan ushbu zarar uchun qo‘shimcha ravishda 60 mln so‘mga yaqin kompensatsiya belgilandi.

Umumiy summa 2,2 mlrd so‘mdan oshdi

Shunday qilib, aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha quruvchi kompaniya to‘lashi kerak bo‘lgan kompensatsiyaning umumiy summasi taxminan 2,22 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yakkasaroy tumanidagi qurilish maydonidagi avariya nafaqat oqava suv oqib ketishiga, balki yerning jiddiy o‘pirilishiga ham olib kelgani haqida xabar berilgan edi. Kanalizatsiya tarmog‘i shikastlanishi sababli suv tuproqni yuvib ketgan, bu esa yerning cho‘kishi va ortidan o‘pirilishiga sabab bo‘lgan.

Ekologlar tekshiruv o‘tkazib, suv va tuproqdan namunalar olishdi hamda atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdorini belgilashdi.

Теги :
Jamiyat