$
 12099.18
-32.37
 14134.26
9.5
 153.82
0.28
weather
+26
Кечаси   +14°

Quruq safsata, mustamlakachi til, mushtumzo‘rning alami: Solovyovning fikrlariga jamoatchilik faollarining munosabati

mol

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda eng koʻp muhokama qilingan mavzulardan biri rossiyalik propagandachi Solovyovning gaplari boʻldi. U “xalqaro huquqqa ham, xalqaro tartibga ham tupurishgani”ni aytib, Markaziy Osiyo haqida “Rossiyaning ta’sir doirasidagi hudud” va “bizning Osiyo” iboralarini ishlatgan. 

Jamoatchilik talabi — qatʼiy munosabat

Solovyov Rossiyaning eng agressiv propagandachilaridan biri bo‘lib, bundan oldin ham o‘z chiqishlari bilan MDH mamlakatlari jamoatchiligida keskin norozilik uyg‘otgan. Uning bu galgi chiqishi ham Oʻzbekistonda keskin qarshi olinmoqda. Jamoatchilik rasmiylardan qat’iy munosabat bildirishni so‘ramoqda.

Sof mustamlakachi til

Siyosatshunoslik fanlari doktori, professor Sherzodxon Qudrato‘ja Solovyovning chiqishini “tormozsiz propaganda” deb atadi.

“Vladimir Solovyov ilgari maskirovka qilishga urinib kelishgan narsani jonli efirda ochiqcha aytib qo‘ydi: xalqaro huquqqa tupurib qo‘ysa bo‘ladi, severenitet – shunchaki qog‘ozdagi narsa, o‘zga davlatlarni esa “ta’sir ostidagi hudud” deb atash mumkin.

“Bizning Osiyo” formulasi – tasodifan aytib yuborilgan ibora emas, sof mustamlakachi tili, bunday davlatlar obyektga, chegaralar esa shunchaki to‘siqqa aylanadi.

... Albatta, Solovyov xuddi bulbuligo‘yo kabi, aytgan gapining oqibatiga javob bermasdan baland ovozda, avjli qilib, chirangancha sayramoqda, deyish ham mumkin. Yana bu Rossiya oliy doiralarining pozitsiyasi emasligi, mamlakat ichki aholisiga ta’sir ko‘rsatish uchun navbatdagi propagandistik nomer ekaniga ishonging keladi. Lekin yaqin tarix bunaqangi “xonishlar” shunchaki gap sifatida qolib ketmayotganini tez-tez isbotlab turibdi.

XXI asrda urushni rasman eʼlon qilish shart emas. Uni odatiy holga aylantirish oʻzi yetarli. Bir necha bor “bizga mumkin”, “shunday boʻlishi kerak”, “boshqa iloj yoʻq” deb aytish kifoya. Overton tuynugi aynan shunday ishlaydi: kecha – aqlga sigʻmaydigan, bugun – muhokama qilinadigan, ertaga – maqbul, indinga – amalga oshiriladigan. Shuning uchun bunday efirlar mazmuni bilan emas, funksiyasi bilan xavfli — ular mumkin boʻlgan chegaralarni surib, jamiyatni navbatdagi qadamga tayyorlaydi ”, – deyiladi postda.

Quruq safsata 

“Yuksalish” harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov esa Solovyovning fikrlariga “tupurishi”ni aytgan.

“Kreml fantast-jurnalisti Vladimir Solovyov navbatdagi efirida Markaziy Osiyoda “maxsus operatsiyalar” o‘tkazish haqida safsata sotibdi. Xalqaro huquqqa “tupurish”ni taklif qilgan bu nusxa, mintaqamizni o‘zining imperiyacha doktrinalariga kiritishni taklif qilibdi.

Zamon o‘zgardi. Xalqlar taqdiri telestudiyalardagi baqir-chaqirlar yoki “katta og‘alar”ning ko‘rsatmasi bilan hal qilinadigan davrlar tarix axlatxonasiga ketganiga ancha bo‘ldi.

Sarhadlarimiz — bizning or-nomusimiz. Mustaqilligimizga bo‘lgan har qanday tahdid “itoatkorlik” bilan emas, millatimizning birdamlikdagi qat’iy zarbasi bilan qarshi olinadi.

Bunday provokatsiyalar faqat va faqat qo‘shnilarni dushmanga aylantiradi. Bizda o‘z uyimizni himoya qilish uchun iroda ham, resurs ham, jasorat ham yetarli!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!”

Persona non grata deb e’lon qilish

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bu chiqishni “qimorbozlardan kaltak yegan mushtumzo‘rning alamini tinch ketayotgan odamlardan olishi”ga qiyoslagan.

U Markaziy Osiyo davlatlari bunday po‘pisa-yu bayonotlarni javobsiz qoldirmasligi, birgalikda nota berish kerakligini ta’kidlagan.

Sobiq deputat, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherbayev bu yo‘l bilan Solovyov Markaziy Osiyo davlatlariga ochiqchasiga tahdidga o‘tayotganini qayd etib, O‘zbekiston TIVni holat bo‘yicha keskin munosabat bildirishga chaqirgan.

Jurnalist Ilyos Safarov esa “bu shunchaki hayp emas, balki Rossiya propagandasining eng tajovuzkor va xavfli yo‘nalishlarini ifodalovchi siyosiy signal” ekanini qayd etdi. U O‘zbekistonda o‘tgan yildan amalga kirgan tartib bo‘yicha rus propagandachisini persona non grata deb e’lon qilishni taklif etgan.

Jurnalist va jamoatchilik faoli Nikita Makarenko dunyoda Rossiyadan boshqa hech bir davlatdagi rasmiy nashr vakili O‘zbekiston suverenitetiga daxl qilmasligi, Solovyov o‘ziga aytish buyurilgan gaplarni aytayotganiga e’tibor qaratgan. U rus propagandasiga qarshi kurashda Ozarboyjondan namuna keltirgan, O‘zbekistonning rus tilli aholisi “tinch, suveren O‘zbekiston g‘oyasi atrofida jipslashib, mustamlakachi “xo‘jayinlar”siz, o‘z mustaqil hayotni qurishi va o‘z uyini himoya qilishi kerakligi”ni ta’kidlagan.

Теги :
Jamiyat