$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻtgan yilda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi xizmat safarlariga 3,3 mlrd soʻm sarfladi

Vazirlik

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi rahbar xodimlari 2025-yilda xorijiy va mahalliy xizmat safarlariga jami 3,3 mlrd soʻmdan ortiq pul sarfladi. Bu haqda vazirlik rasmiy saytida maʼlumot berildi. 

120 marta xorijga chiqishgan

Hisobotda qayd etilishicha, yil davomida rahbarlarning chet elga xizmat safarlari uchun 2 mlrd 447 mln soʻm ketgan. Ular turli anjumanlarda qatnashish uchun 120 marta xorijga chiqib kelgan. Tashriflar 24 ta davlatga boʻlib, har bir safar narxi oʻrtacha 20,4 mln soʻmdan toʻgʻri kelgan. 

Eng koʻp mablagʻ Fransiyaga borib-kelish (15 marta) xarajatlariga sarflangan — 427 mln soʻmdan ortiq. Keyingi oʻrinlarda Xitoy (18 marta borilgan), Turkiya (12 marta), Buyuk Britaniya (5 marta) , Saudiya Arabistoni (4 marta) va Filippin (4 marta) safarlari keltirilgan. 

Bir necha marta xizmat safari

Yil davomida ayrim rahbarlar uchun bir necha marta xizmat safarlari uyushtirilgan. Masalan, sobiq vazir (hozir vazir oʻrinbosari) Hilola Umarovaning Italiya, Saudiya, London va Moskvaga safarlari uchun 173,8 mln soʻm ketgan. 

Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshligʻi Azimjon Abdulhayev 12 ta davlatga safar uchun 230,8 mln soʻm ajratilgan. Strategik rivojlantirish va xalqaro reytinglar boshqarmasi boshligʻi Oyatillo Rahmatillayevning toʻqqizta mamlakatga safarlari uchun 213 mln soʻm sarflangan.

Ayrim xizmat safarlari uchun 70 mln soʻmdan ortiq xarajat qilingan. Misol uchun, Hilola Umarovaning Londonga borib-kelishiga 7,7 mln soʻm ketgan. AQSHga 70 million soʻmga, Braziliyaga safar esa 85 mln soʻmga tushgan. Vazirlik chet elga barcha xizmat safarlari “byudjetdan tashqari mablagʻlar” hisobidan moliyalashtirilganini qayd etgan.

Oʻtgan yili vazirlik xodimlar Oʻzbekiston boʻylab 383 ta xizmat safarlarini amalga oshirgan. Buning uchun davlat byudjeti va byudjetdan tashqari deyilgan mablagʻlar hisobidan jami 875,8 mln soʻm sarflangan. Eng koʻp safarlar Samarqand viloyatiga (105 ta), eng kami esa Qashqadaryoga (14 ta) qilingan.

Теги :
Jamiyat