$
 11952.73
15.13
 14021.75
60.73
 159.48
0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Turkiyada yashash ruxsatnomasi uchun to‘lovlar miqdori oshdimi?

viza

So‘nggi kunlarda tarmoqlarda Turkiya hududida yashash uchun ruxsatnoma (ikamet izni)ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq davlat bojlari miqdori keskin oshirilgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Xususan, 1-maydan bu miqdor ayrim toifalar uchun 930 foizga oshgani aytildi.

Migratsiya boshqarmasi izohi 

Turkiya Migratsiya boshqarmasi rasmiy xabariga ko‘ra, yashash uchun ruxsatnoma to‘lovlari har yili G‘aznachilik va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi va ayni kunlarda to‘lovlar miqdorida hech qanday o‘zgarish yuz bermagan.

Shuningdek, iqtidordagi “Adolat va taraqqiyot partiyasi” (AKP) raisi o‘rinbosari va Turkiy davlatlar bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Kurshad Zorlu yashash ruxsatnomasi to‘lovlari borasida iddao qilinganidek o‘zgarish yuz bermaganini, mavjud tizim amaldagi narxlar asosida davom etishini bildirdi.

“Iqomat bojlari masalasida aytilganidek o‘zgarish sodir bo‘lgani yo‘q. Mavjud tizim hozirgi to‘lovlar asosida davom etadi. Bu masalani boshqarmamiz va Ichki ishlar vazirligimiz yaqindan kuzatib bormoqda. Ayniqsa, Turkiy dunyodan kelgan qardoshlarimiz bo‘yicha alohida e’tibor qaratamiz”, — deydi u.

Elchixona munosabati 

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ham to‘lovlar miqdori oshayotgani haqidagi xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

“Mazkur xabarlar rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlanmagan hamda huquqiy asosga ega emas. Turkiya Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya bosh boshqarmasi (Göç İdaresi Başkanlığı) tomonidan ushbu masala yuzasidan biron-bir rasmiy o‘zgarish yoki qo‘shimcha qaror e’lon qilinmagan”, — deyiladi xabarda.

Har qanday yangilik va o‘zgarishlar yuzasidan faqatgina Turkiya vakolatli davlat organlari hamda O‘zbekistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan taqdim etiladigan rasmiy ma’lumotlarga tayanish tavsiya etildi.

Rasmiy manbalar:

Kol markaz: +90 850 305 95 48;

Veb sayt: uzembassy.org.tr

Теги :
Jamiyat