O‘zbekistonda 35 yoshgacha bo‘lgan eng muvaffaqiyatli tadbirkor kim?
2025-yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 284 110 taga yetdi. So‘nggi bir yilda, ya'ni 2024-yil davomida, ayollarning yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatiga qo‘shilgan soni qariyb 18 ming nafarga ko‘paydi.
3 daqiqa o‘qiladi

2025-yil 1-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 284 110 taga yetdi. So‘nggi bir yilda, ya'ni 2024-yil davomida, ayollarning yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatiga qo‘shilgan soni qariyb 18 ming nafarga ko‘paydi.
Shuningdek, O‘zbekistondagi 261 ta yosh tadbirkorning yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshdi. Kichik va o‘rta biznes subyektlari soni so‘nggi besh yilda 2 barobar o‘sdi.
“Yuksalish” harakati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar
“Yuksalish” harakati tomonidan, Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha bo‘lgan muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar reytingi tuzildi. Ushbu reytingning maqsadi mamlakatdagi yosh tadbirkorlarni aniqlash, rag‘batlantirish va ularga yordam berish bo‘yicha strategik qarorlar qabul qilish uchun muhim ma'lumotlar bazasini shakllantirishdir.
Reytingning maqsadi va ahamiyati
Reytingni shakllantirishning asosiy maqsadi O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan yosh yetakchilarni jamiyatga tanitish, yoshlarda tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishni oshirish va ularni o‘z biznesini boshlashga undashdir. Bundan tashqari, reyting yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularga zarur yordamni taqdim etish uchun kuchli strategik asos yaratadi.
Reytingni shakllantirish bosqichlari
Reyting quyidagi bosqichlar asosida shakllantirildi:
Birinchi bosqich: Mamlakatda 100 nafar yosh tadbirkorlar ro‘yxati shakllantirildi. Bu ro‘yxat ekspertlar va tadbirkorlar tavsiyasi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda maqolalar, biznes reytinglari va mukofotlarni tahlil qilish orqali tuzildi. Nomzodlarning media faolligi, obro‘si, ijtimoiy tarmoqlardagi ishtiroki, mahsulot yoki xizmatning innovatsionligi, hududga ta'siri va boshqa faktorlar hisobga olindi.
Ikkinchi bosqich: “Yuksalish” harakati tomonidan ishlab chiqilgan mezonlar asosida ekspertlik baholash yo‘li bilan yakuniy ro‘yxat shakllantirildi. Bu bosqichda 20 nafar yosh tadbirkorlar belgilandi.
Ovoz berish mezonlari
Reytingda ishtirok etgan tadbirkorlar quyidagi mezonlar asosida baholandi:
Innovatsion g‘oyalar va yechimlar darajasi – 20 ball
Iqtisodiy natijalar, daromad, foyda, ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy o‘sishga qo‘shgan hissasi – 20 ball
Faoliyatning davomiyligi va barqarorligi – 15 ball
Raqobatbardoshlik, mahsulot yoki xizmatning sifati, marketing strategiyasi – 15 ball
Ijtimoiy mas'uliyat, xayriya ishlari va mahalliy jamoalarga yordam – 10 ball
Jamiyatdagi obro‘si va uning faoliyatiga bo‘lgan ijobiy munosabat – 10 ball
Tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirishdagi roli va mentorlik faoliyati – 10 ball
TOP-20 talikka kirgan tadbirkorlar
TOP-20 tadbirkorlar orasida reklama va brending bozoridagi sifatni oshirgan Sintez agency asoschisi Alina Mirzayeva, 525 mlrd so‘m ustav kapitaliga ega United Ventures venchur fondi rahbari Azizbek Qurbanov, qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli yechimlar tatbiq etayotgan Agro Food Gastro AJ rahbari Bekzod Ahmedov, ingliz tili ta’limi bozorida yetakchi o‘yinchilardan biri bo‘lgan Cambridge o‘quv markazlari tarmog‘i asoschisi Jahongir Po‘latov va boshqalar mavjud.



