$
 11979.64
-41.58
 13901.17
-77.1
 167.52
-2.01
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston qaysi yo‘nalishlarda Ginnes rekordini o‘rnatgan?

ginnes

Yaqinda Namangan viloyati 150 mln tup gul ekib “Jamoa bo‘lib bir oy davomida eng ko‘p ekilgan gullar” yo‘nalishida Ginnes rekordini o‘rnatdi. Ammo, bu natija yagona emas. O‘zbekiston jahon tarixida eng ajabtovur ko‘rsatkichlarni qayd etib kelgan mamlakat hisoblanadi.

Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlat. O‘zbekiston dunyoda ikki karra quruqlik bilan o‘ralgan ikkita davlatdan biri hisoblanadi. Mamlakat Afg‘oniston, Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlari bilan chegaradosh.

Dunyodagi eng katta islom sivilizatsiyasi markazi. Maydoni bo‘yicha eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi rekordi O‘zbekiston Islom Sivilizatsiyasi markaziga tegishli bo‘lib, joriy yilning 1-aprel kunida ushbu rekordni qayd etilgan. Muzeyning ko‘rgazma maydoni 7 772,8 kvadrat metrni tashkil etadi va taxmin qilishingiz uchun bu - “Bunyodkor” stadionidan biroz katta. Markazning uch qavatdan iborat umumiy maydoni esa 42 666 kvadrat metrga teng. Muzey bir vaqtning o‘zida 10 565 nafar tashrif buyuruvchini qabul qiladi.

Ko‘rgazmada jami 2 027 ta eksponat namoyish etilgan bo‘lib, ekspozitsiya islom sivilizatsiyasi tarixi va rivojlanishiga bag‘ishlangan.

Yengil vazn toifasida eng ko‘p chempionlikni himoya qilgan sportchi. Butunjahon bo‘yicha Artur Grigoryan 1996-2004-yillarda WBO kamarini 17 marta muvaffaqiyatli himoya qilgan. U Sovet Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustasi, 1991-yilgi Jahon chempionatining kumush medali sovrindori. “Qirol Artur” laqabini olgan o‘zbekistonlik boks yulduzi havaskor boksda 400 ga yaqin uchrashuv o‘tkazgan bo‘lsa, ularning deyarli barchasida g‘olib chiqqan.

Jahon gimnastika chempionatlarida eng ko‘p medalni qo‘lga kiritgan sportchi. “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni sohibasi Oksana Chusovitina ushbu rekordni qayd etgan. Sidney Olimpiada o‘yinlaridan so‘ng, Oksananing o‘g‘lida saratonning eng og‘ir ko‘rinishi oqqon aniqlanadi. Farzandini davolatish uchun Germaniyaga olib boradi va u yerdagi musobaqalarda qatnashib mukofot pullarni davolash uchun sarflaydi. Hukumat unga minnatdorlik sifatida fuqarolik beradi. Shundan so‘ng u 2008 va 2012-yil yozgi olimpiya o‘yinlarida Germaniya sharafini himoya qilgan. Afsonaviy sport gimnastikachimiz 7 ta Olimpiadada ishtirok etgan dunyodagi yagona sportchi hisoblanadi.

Ikki barmoq bilan turnikda tortilish. Bir nechta rekordlar sohibi Jamshid To‘rayev ikki barmoq bilan tortilish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatgan. U turnikda har ikki qo‘lning faqat o‘rta barmog‘idan foydalanib 19 ta to‘liq tortilishni bajargan. Yana 6 ta tortilish Guinness qoidalariga mos kelmagani va texnika noto‘g‘ri bajarilgani sababli hisobga olinmagan, biroq bu Jamshidning rekordni qo‘lga kiritishiga to‘sqinlik qilmagan. U bundan avval, 2015-yil may oyida “Bir daqiqada orqa usulda eng ko‘p tortilish” bo‘yicha ham rekord o‘rnatib, 23 ta tortilish bajargan edi.

Bir paytning o‘zida eng ko‘p odamlar tomonidan robot yig‘ish. 2025-yil 18 avgust kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida 2 000 nafar yosh muhandis bir vaqtda 1946 ta kichik robot yig‘ib rekord o‘rnatishdi. Ushbu tadbirda “2000 kuch, bir maqsad” shiori ilgari surilgan.

Eng qadimiy Qur’on. Asl nusxasi 706 sahifadan iborat bo‘lgan bu Usmon Qur’onning hozirgacha 338 sahifasi yetib kelgan. Amir Temur yurishlari davrida uni Iroqdan Samarqandga keltiradi. Mus’haf uzoq yillar Samarqanddagi “Nodir Devonbegi” madrasasida saqlangan. Turon Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingandan so‘ng, Fon-Kaufman uni Sankt-Peterburgga berib yuboradi. 1917-yilda Rossiyadagi o‘zgarishlardan so‘ng Usmon Mus’hafi Toshkent va Sirdaryo ulamolari talabiga muvofiq, dastlab 1923-yilda Ufaga, so‘ng O‘zbekistonga qaytarib berish to‘g‘risidagi maxsus dekretga asosan 1924 yilda Toshkentga qaytarib olib kelingan va O‘zbekiston davlat tarixi muzeyida saqlangan. 1989-yili Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etilgan. Hozirda Mus’haf Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda.

Eng ko‘p palov. Oshning eng katta damlangan portsiyasi 7360 kg bo‘lib, bu rekord 2017-yil 8-sentabr kuni Toshkentda qayd etilgan. Bu palovni tayyorlashda 50 ta oshpaz jonbozlik ko‘rsatgan.

Eng tez ippon rekordi. O‘zbek dzyudochisi Sharofiddin Boltaboyev g‘alabani avtomatik tarzda belgilovchi ippon ko‘rsatkichini 2,88 soniyada qayd etgan. U bu natijaga 2019-yil 21-sentabrda Toshkent Grand Prix musobaqasida erishgan.

Eng katta yig‘ilmas o‘tov. 2024-yil 22-avgust kuni Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahridagi “Oq qush” majmuasida joylashgan “Qoraqalpoq o‘tovi” 40,5 metr bilan rekord qayd etdi. Ushbu o‘tovni qurishda 246 651 kg metal, 1 776 m² tom plitkalari, 2 253 m² sendvich panellar, 40 000 dona g‘isht va 25 tonna armatura ishlatilgan.

Marinelli egilish pozitsiyasini eng uzoq ushlab turish. Ekstremal akrobatik harakatlardan biri hisoblangan marinelli egilish pozitsiyasini Jansuliw Alibek qizi eng uzoq vaqt davomida ushlab turgan. U bu pozitsiyada 13 daqiqayu 1 soniya turib, 4 daqiqa 17 soniyalik rekordni yangilagan.

Eng ko‘p o‘yin boshqargan hakam. Ravshan Ermatov 2010-2018-yillar oralig‘ida FIFA Jahon kubogida 11 ta o‘yinga hakamlik qilib rekord o‘rnatgan.  





Теги :
Jamiyat