$
 12670.05
37.83
 13560.75
82.17
 138.00
3.61
weather
+26
Кечаси   +14°

“Abdulla Qodiriy” va “Do‘stlik” bog‘lari rekonstruksiya qilinadi

Abdulla Qodiriy

Toshkent shahar hokimligi o‘z qarori bilan “Abdulla Qodiriy” va “Do‘stlik” bog‘larini rekonstruksiya qilish boshlanganini e’lon qildi. Ma’lum qilinishicha, ikkala bog‘ ham eng zamonaviy texnologiyalar yordamida to‘liq rekonstruksiya qilinadi va “Siti-format”ning namunaviy rekreatsiya zonalariga aylanadi. Bog‘lar barcha tashrif buyuruvchilar uchun bepul bo‘lib, yashil maydonlar, suv maydonlari va ovqatlanish maydonlariga e’tibor qaratgan holda oilaviy dam olishga yo‘naltirilgan bo‘ladi.

Har biriga kamida 10 million investitsiya

Toshkent shahar hokimligi investor sifatida BMP Smart Decision Management O‘zbekiston-Singapur qo‘shma korxonasini tanladi. Qarorga ko‘ra, rekonstruksiya loyihasi kompaniyaga har bir bog‘ uchun kamida 10 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan berilmoqda. Shuningdek, hokimlik ijara muddatini 49 yil qilib belgilandi.

Bog‘lar 3 yilga yopiladi

BMP bog‘larni rekonstruksiya qilish va boshqarish uchun dunyoning yetakchi kompaniyalari jalb qilishini ta’kidlamoqda. Ishlar taxminan uch yil davom etadi va shu vaqt ichida bog‘lar tashrif uchun qisman yopiq bo‘ladi. Yangilangan “Do‘stlik” va “Abdulla Qodiriy” nomidagi bog‘lar ilk tashrif buyuruvchilarni 2026-2027 yillarda qabul qilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihalarga shahar byudjetidan bir so‘m ham sarflanmaydi

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayevning ta’kidlashicha, bog‘larni rekonstruksiya qilishda shahar byudjetidan bir so‘m ham sarflanmaydi. Shuningdek, bog‘larni tayyorlash chog‘ida kompaniya aholi va jamoatchilik fikrlarini inobatga olishi aytildi.

“Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ning holati uzoq vaqtdan beri Toshkent aholisi, matbuot va jamoatchilikning adolatli shikoyatlarni chiqarib kelgan. “Do‘stlik bog‘i” esa o‘z salohiyatini to‘liq anglamaydi, yarim kuch bilan ishlaydi”, – deydi u.

“Abdulla Qodiriy” bog‘ida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

Ma’lumki Abdulla Qodiriy nomidagi bog‘ hozirda faoliyat ko‘rsatmayapti. Bunga sabab bog‘ xarob holga kelib qolgan. Aytilishicha, bog‘da chuqur rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi va keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilib, markaziy favvora qayta tiklanadi. Asosiy e’tibor yashil maydonlar va milliy taomlarni tatib ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan ijodiy ovqatlanish maydoniga qaratiladi. Hayvonlarni himoya qilish tashkilotlari va uy hayvonlari ko‘rgazmalarini o‘tkazish uchun majmua yaratish rejalashtirilgan, buning uchun bino egasining roziligi bilan bo‘sh turgan Janggoh arenasidan foydalanish mumkin.

Katta sayyohlik klasteri

Rekonstruksiya loyihasiga ko‘ra, bog‘ Chorsu bozori bilan bitta sayyohlik klasteriga birlashtiriladi. Hozir shaharda bir vaqtning o‘zida barcha milliy taomlarni zamonaviy formatda tatib ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan joy yo‘q. Ushbu maydon esa yangi bog‘ uchun diqqatga sazovor joylarning asosiy nuqtasiga aylanadi.

“Hozir quruvchi kompaniyalar tomonidan doimiy egallab olish va reyderlikka duchor bo‘lgan bog‘ hududini himoya qilishga katta e’tibor qaratishni rejalashtirmoqdamiz. Maydonning bir kvadrat metri ham bizning nazoratimiz ostida, qurilish uchun berilmaydi”, – dedi loyiha rahbari, BMP Smart Decision Management direktori Otabek Mirzajonov.

“Do‘stlik”da yangilik ko‘p

Shuningdek, “Do‘stlik” bog‘i o‘zining Xalqlar do‘stligi bog‘i konsepsiyasini saqlab qolishi aytilmoqda. Bundan tashqari bog‘da yangi shahar muz maydonchasini qurish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Bog‘dagi ko‘llar qayta tiklanib, u yerda qayiqlar va musiqiy favvora paydo bo‘ladi. Park karusel va tomosha charxpalagi bilan bezatiladi.

Rekonstruksiya loyihasida yangilik

Shu bilan birga, “Do‘stlik”da shou va konsertlar uchun amfiteatr qayta tiklanadi va roller va skeytbordchilar uchun professional maydon yaratiladi. Rekonstruksiya loyihasida bog‘da shaxmat maydonchasi, yoga va vorkaut zonasi, bir nechta bolalar maydonchalarini ko‘rishimiz mumkin. Ta’kidlanishicha, Bratislava ko‘chasining O‘zbek tili va adabiyoti universitetidan Konstitutsiya ko‘chasigacha bo‘lgan qismi yopilishi, kiritilayotgan yangilik bo‘ladi. Bu yerda ovqatlanish maydoni mavjud bo‘lgan piyodalar hudud tashkil etiladi.

“Ushbu loyihada bizning vazifamiz ortiqcha foyda olish emas, balki shahar aholisi uchun yoqimli dam olish joylarini yaratishdir. Bizning rahbarligimiz ostida bog‘lar yangi nafas oladi”, – deydi Otabek Mirzajonov.

Ushbu parklarni ham qayta nomlanish qismati kutyaptimi?

“Milliy bog‘” dan “Magic city” chiqishi, “G‘afur G‘ulom” bog‘ining “Dream park” deya qayta nomlanishi keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Mas’ullarga ushbu parklar ham qayta nomlanishi haqida savol berilganda, ular buni inkor qilishdi. Ta’kidlanishicha, ushbu bog‘larning nomini o‘zgartirishga hech qanday asos yo‘q. Shunday bo‘lsa ham Furqat Mahmudxo‘jayev bog‘lar nomida o‘zgarish bo‘lmasligi haqida aniq gap aytmadi. Jurnalistlar bilan bo‘lgan bog‘lardagi ekskursiyada Mahmudxo‘jayev bog‘larning nomlanishida jamoatchilik fikri inobatga olinishi hamda eski nomlari saqlab qolinishi uchun kurashishligini aytib o‘tdi.

Yashillik masalasi

Loyiha rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bog‘lardagi hamma daraxtlar hamda bog‘larning yashillik darajasi asal holida saqlanib qoladi. U yerlarda bo‘ladigan rekonstruksiya hamda attraksionlar qurilishi hududlarning yashillik darajasiga hech qanday ziyon yetkazmaydi. Shu bilan birga, ikkala bog‘ hududiga ham qo‘shimcha daraxtlar ekilishi ko‘zda tutilgan.

Aholi noroziligi

“Do‘stlik” bog‘iga bo‘lgan tashrif chog‘ida o‘sha hududda yashovchi aholi qayta ta’mirlash ishlariga qarshiligini ta’kidlab, mas’ullarga qarshi chiqishdi. Keyin esa ularga ham Furqat Mahmudxo‘jayev tomonidan tushuntirish berildi.

Bloger O‘rikgulining fikricha, aholi noroziligining sababi u yerdagi aholi rekonstruksiya bahona bog‘ hududida qurilgan binolar natijasida rekonstruksiyadan qo‘rqib qolishgan, ya’ni ular “Do‘stlik” bog‘i ham “ishbilarmonlar” qo‘liga o‘tib ketishidan xavotirda.

Loyiha rahbari aytishicha, ushbu rekonstruksiya ishlari ochiq hamda shaffof o‘tadi. Bog‘lar ta’mirlash uchun yopilgan paytida, ko‘ngillilar uchun bog‘lar hududida ekskursiya ham amalga oshiriladi.

Bu BMPning birinchi ishi emas

Avvalroq, BMP Smart Decision Management O‘zbekiston-Singapur qo‘shma korxonasi bog‘ sektoridagi davlat-xususiy sheriklikning eng muvaffaqiyatli namunalaridan biriga aylangan G‘ofur G‘ulom bog‘ini rekonstruksiya qilgan edi. 2023-yil may oyida, barcha daraxtlar va yashil maydonlar saqlanib qolingan va ko‘paytirilgan, yangilangan G‘ofur G‘ulom bog‘iga prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi. Tashrif chog‘ida ta’kidlanganidek, rekonstruksiya natijasida kuniga tashrif buyuruvchilar soni 30 mingdan 60 mingga ko‘paygan. 12 million dollarlik sarmoya evaziga 43 ta yangi attraksion o‘rnatilib, 300 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda G‘ofur G‘ulom bog‘iga 2 milliondan ortiq odam tashrif buyurgan. Shu sababdan ham hokimlik ikkala bog‘ning qayta ta’mirlash ishlarini ushbu kompaniyaga topshirgan.

 

Теги :
Жамият