$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Messi bilan WhatsApp guruhi, pochta indekslari tahlili Yirik brendlarning Jahon chempionatidagi reklama o‘yinlari

jch 2026

Muxlislar uchun Jahon chempionati katta futbol bayrami bo‘lsa, yirik brendlar uchun bu – yilning eng muhim marketing maydonidir. Biroq bugungi kunda shunchaki stadionga reklama bannerini ilib qo‘yish yoki televizorda logotip ko‘rsatish bilan iste’molchining e’tiborini qozonib bo‘lmaydi. Zamonaviy auditoriya brendlardan quruq reklamani emas, balki jonli jarayon, qiziqarli o‘yinlar va bevosita muloqotni kutmoqda. Shu sababli, bu yilgi turnir arafasida dunyoning yetakchi kompaniyalari o‘z marketing strategiyalarini butunlay o‘zgartirdilar. Ular millionlab muxlislarni stadion tashqarisida – uydagi divanda, barlarda va ijtimoiy tarmoqlarda ushlashga qaror qilishdi.

Coca-Cola: “Iste’mol – bu aloqa”

Jahon chempionati arafasida Coca-Cola shunchaki reklama roliklari bilan cheklanib qolmay, muxlislar uchun “ritual” odat yaratishni maqsad qilgan. Brend marketing bo‘yicha direktori Shakir Moinning ta’kidlashicha, ularning strategiyasi “De-averaging at scale” ya’ni ommaviy kontentni chuqur mahalliylashtirish va shaxsiylashtirish konsepsiyasiga asoslanadi.

Brendning JCh-2026 uchun marketing takliflari quyidagilardan iborat:

  • Coca-Cola 1970-yildan buyon davom etib kelayotgan futbol an’anasini zamonaviy bozorga moslashtirdi. 20 standart plastik idishdagi “Coca-Cola” va “Coca-Cola Zero” shishalari yorlig‘i orqasiga Panini brendining maxsus stikerlari joylashtirildi. Unda Harri Keyn, Joshua Kimmix va Lamin Yamal kabi 12 nafar futbol yulduzi aks etgan. Bu orqali brend mahsulot iste’molini muxlislar uchun qiziqarli o‘yinga va to‘plam yig‘ish odatiga aylantirmoqda.
  • Coca-Cola barcha uchun bir xil reklama ko‘rsatish g‘oyasidan voz kechdi. Ular pochta indekslari darajasigacha bo‘lgan ma’lumotlarni tahlil qilib, qaysi hududda futbolga qiziqish yuqoriligini aniqlashadi. Muxlislar toifasiga ko‘ra ashaddiy ishqiboz yoki shunchaki tomoshabin har bir shahar va hudud uchun alohida, individual tashqi reklamalar joylashtiriladi.
  • AQSHda futbolni ommalashtirish uchun “Ted Lasso” seriali yulduzi Kristo Fernandes jalb qilingan. U yangi muxlislarga futbol qoidalarini va jozibasini kreativ va sodda tushuntirib beradi.
  • Coca-Cola o‘zining barcha brend qoidalari matnini maxsus kichik til modeliga yuklagan. Ushbu AI tizimi marketologlarga kontent yaratishda va matnlarni aynan brend uslubiga moslashtirishda ko‘maklashadi. Bunda inson omili baribir markazda qoladi va sun’iy intellekt faqat kreativ guruh ishini osonlashtiruvchi vosita vazifasini bajaradi.

Yulduzlar bilan bir guruhda: Lay’sning Jahon chempionatidagi marketing formulasi

Jahon chempionatining global homiysiga aylangan Lay’s o‘zining “Lay’ssiz o‘yin yo‘q” loyihasini noodatiy usulda kengaytirmoqda. Brend xalqaro marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Aleksis Porterning tushuntirishicha, ularning strategiyasi chempionatga borishga imkoniyati yo‘q muxlislar uchun uyda unutilmas futbol tomosha qilish ziyofati muhitini yaratishga qaratilgan.

Brendning JCh uchun asosiy marketing yondashuvlari quyidagicha:

  • Reklama roliklarida Lionel Messi, Devid Bekxem, Tieri Anri va Aleksia Putelyas kabi futbol afsonalariga mashhur aktyor Stiv Karell hamrohlik qiladi. Janubiy Floridadagi real supermarket avtoturargohida yashirin kamera orqali suratga olingan loyihada mashhurlar xaridorlarning paketlarida Lay’s bor-yo‘qligini tekshirishadi. Chips sotib olgan oddiy odamlar yulduzlar ishtirokidagi yopiq futbol kechasiga taklifnoma olishadi.
  • Ijtimoiy tarmoqlardagi eng katta yangiliklardan biri – Lay’s uchun maxsus funksiyalar bilan boyitilgan WhatsApp guruhining ochilishi bo‘ldi. Mart oyidan buyon bu guruh 4 milliondan ortiq obunachini to‘pladi. Guruhda Messi, Bekxem kabi yulduzlar o‘zaro suhbatlashishadi, memlar va ovozli xabarlar yuborishadi. Oddiy muxlislar bu mashhurlarning o‘zaro suhbatini go‘yoki “birinchi qatorda” o‘tirib kuzatgandek his qilishadi. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan muxlislar guruhga o‘zlari xohlagan narsani yoza olishmaydi, faqat yulduzlarning xabarlariga reaksiyalar qoldirisha olishadi.
  • Raqamli loyihalardan tashqari, Lay’s turnir davomida bevosita stadionlarda maxsus zonalar tashkil etishni, muxlislar uchun hududiy yig‘ilishlar o‘tkazishni va cheklangan miqdordagi yangi chips ta’mlarini taqdim etishni rejalashtirgan.

Rasmiy homiyliksiz katta marketing strategiyasi

Modelo brendi Jahon chempionatining rasmiy homiy hisoblanmasa-da, o‘zining ko‘p yillik an’analariga tayanib, futbol marketingiga o‘z tarixidagi eng yirik investitsiyani kiritmoqda. Kompaniya o‘zini “Futbol uchun pivo” brendi sifatida pozitsiyalashni davom ettirib, bu yilgi chempionat uchun “Uydagi eng yaxshi joy” global kampaniyasini boshladi.

Brendning asosiy marketing takliflari:

  • Turnirning rasmiy homiyligini sotib olmagan Modelo AQSHdagi eng yirik ispan tilli telekanal – Telemundo bilan shartnoma imzoladi. Brend chempionatning ispan tilidagi barcha 104 ta translyatsiyasida o‘z reklamalari bilan qatnashadi.
  • Italiyaning Kappa brendi bilan hamkorlikda maxsus kiyimlar to‘plami chiqarildi. Dizayner Jon-Pol Uitli bilan esa Lotin Amerikasi muxlislariga bag‘ishlangan maxsus futbol to‘pi yaratildi.
  • Butun mamlakat bo‘ylab barlar va mehmonxonalarda maxsus yutuqli o‘yinlar va “Modelo Michelada” aravachalari tashkil etiladi.
  • Unilever kompaniyasiga tegishli Axe brendi Jahon chempionati arafasida o‘zining asosiy auditoriyasi bo‘lgan Gen Z bilan bog‘lanish uchun TikTok ijtimoiy tarmog‘ida qiziqarli tanlov boshladi. Kampaniyaning maqsadi – yosh yigitlarga o‘ziga bo‘lgan ishonch ulashish.

Brendning JCh uchun asosiy marketing takliflari:

  • TikTok’dagi uchrashuv tanlovini boshladi. Tanlov shartiga ko‘ra, foydalanuvchilar Jahon chempionati uslubidagi eng noodatiy yoki yorqin kiyimlarni kiyib, kimdirni uchrashuvga taklif qilayotgani haqida video suratga olishlari va unda Axe brendini eslatib o‘tishlari kerak. Bu orqali brend yoshlarga hatto eng g‘alati kiyimda ham Axe yordamida o‘ziga ishonch topish mumkinligini ko‘rsatmoqchi.
  • Apreldan may oyining oxirigacha davom etadigan ushbu tanlovda turnirning 7 ta o‘yini uchun jami 82 ta chipta o‘ynaladi, unda eng katta sovrin egalari Mayamidagi chorak final bahsini maxsus lyuks lojada tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda barcha g‘oliblarga yo‘l va mehmonxona xarajatlari uchun 2000 dollardan pul mukofoti qo‘shib beriladi.
  • The Pointer Brothers bilan hamkorlik yo‘lga qo‘ydi. Tanlovni yoshlar orasida ommalashtirish uchun Axe mashhur raqamli kontent ijodkorlari — “The Pointer Brothers” guruhi bilan hamkorlik qilmoqda. Ular tanlov shartlarini tushuntiruvchi kreativ videolar tayyorlashadi.
  • Cheklangan miqdordagi mahsulotlar: Kampaniya doirasida Walmart do‘konlarida chempionatga bag‘ishlangan maxsus dizayndagi, cheklangan miqdordagi Axe mahsulotlar to‘plami sotuvga chiqarildi.

Yirik kompaniyalarning Jahon chempionati arafasidagi tajribasi shuni ko‘rsatdiki, bugungi xaridorni jalb etish uchun millionlab mablag‘ sarflab, musobaqaning rasmiy homiysiga aylanish shart emas. Muxlislarga bepul chiptalar ulashish, ularni oddiy ijtimoiy tarmoq guruhlarida birlashtirish yoki qiziqarli videolar olishga undash kabi oddiy va hamyonbop usullar ancha yuqori samara beradi. Oxir-oqibat, ushbu musobaqada eng katta foydani reklamaga ko‘p pul tikkanlar emas, balki odamlarning futbol tomosha qilish jarayoniga vizual va hissiy jihatdan eng to‘g‘ri kirib borgan brendlar qo‘lga kiritadi.

Теги :
Jamiyat